Dunyo immunologlari Rossiyaning yangi COVID-19 vaksinasiga oid daʼvolariga shubha bilan qaramoqda

Pfizer kompaniyasi oʻz vaksinasi samaradorligini 90% dan yuqori deb eʼlon qildi. Ikki kun oʻtib, Rossiya uning vaksinasi 92% samaradorlikka ega ekanini aytdi. Koʻpchilikning nazarida Kreml shunchaki raqamlarga 2 foiz qoʻshib qoʻygandek koʻrinmoqda.

Karvonsaroy va AFP

MOSKVA – Dunyo olimlari va kuzatuvchilar Rossiyaning COVID-19ga qarshi vaksinasining samaradorligi yuzasidan bergan bayonotini tushuna olmay hayron boʻlmoqda.

Rossiya hukumatining chorshanba (11-noyabr) kungi xabariga koʻra, mamlakatda oʻtkazilayotgan keng koʻlamli sinov jarayonining oraliq tahlillari “Sputnik V” vaksinasining 92%ga samarador ekanligini isbotlagan.

Bu raqamlar ikki dozada vaksina qabul qilgan 16 ming kishidan olingan natijalarga asoslangan, deyiladi Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligi, Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markazi va Rossiyaning bevosita investitsiyalar jamgʻarmasi (RBIJ) tomonidan tarqatilgan bayonotda.

“Sputnik V” vaksinasining samaradorligi 92 foizni tashkil etdi, deyiladi bayonotda. Ayrimlari platsebo qabul qilgan 20 nafar koʻngillida COVID-19 testi musbat natija berganidan soʻng, raqamlar hisoblab chiqilgan.

Rossiya sogʻliqni saqlash vaziri Mixail Murashko klinik sinovlar natijalarini yuqori baholadi. “Tadqiqotlar “Sputnik V” – koronavirus infeksiyasi tarqalishini toʻxtatish uchun samarali yechim ekanligini koʻrsatdi”, dedi u.

Bu bayonot AQSHning Pfizer transmilliy farmatsevtika korporatsiyasi va Germaniyaning Biotech biotexnologik kompaniyasi oʻz vaksinalari samaradorligi 90 foizdan yuqori ekanligini eʼlon qilganidan ikki kun oʻtib berilgan.

Pfizer/Biotech vaksinalari samaradorligini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan sinovda 44 mingdan ortiq odam ishtirok etgan. Bu ikki kompaniya samaradorlik koʻrsatkichini tasdiqlash uchun COVID-19 bilan bogʻliq 94 ta holatni tahlil qilgan, deb yozadi Science Magazine nashri.

Tezlik emas, sifat va xavfsizlik muhim

“Rossiyaning bayonotini tushuntirish juda qiyin”, deydi Rossiyaning Klinik sinovlar tashkilotlari uyushmasini boshqaradigan va mamlakatda COVID-19 vaksinasi boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar va ishlanmalarni diqqat bilan kuzatib borayotgan moskvalik huquqshunos Svetlana Zavidova.

“Qoʻrqamanki, ular Pfizer natijalarini koʻrib, unga shunchaki 2 foiz qoʻshib qoʻyishgan boʻlishi mumkin”, dedi u Science nashri bilan suhbatda.

Rossiyaning daʼvolari ishonarli emas, deydi kelajakdagi vaksinalarni takomillashtirishga xizmat qiluvchi “Human Vaccines Project” notijorat loyihasini rahbari Ueyn Koff.

Nyu-Yorkdagi Weill Cornell tibbiyot institutining vaksinalar boʻyicha tadqiqotchisi Jon Mur bu bayonotni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ishora qilib, “Putinologiya” deb atadi.

“Rossiya nega bunday qilyapti? Bu xalqaro vaksina poygasi. Ular oʻzlarini boshqa mamlakatlardagi raqobatchilaridan ortda qolmayotgandek qilib koʻrsatishmoqchi”, dedi Mur.

Aksar tahlilchilar Kremlning birinchi boʻlib vaksina ishlab chiqish “ishtiyoqi” uning samaradorligi va xavfsizligiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.

Edinburg universitetinig immunologiya va yuqumli kasalliklar professori Eleanor Rayli barcha vaksina ishlab chiqaruvchilarni sifat va xavfsizlikni tezlikdan ustun qoʻyishga chaqirdi.

“Men ushbu maʼlumotlar hafta boshida Pfizer/Biotech bayonoti ortidan shoshma-shosharlik bilan eʼlon qilingan boʻlishi mumkinligidan xavotirdaman”, dedi u CNNga bergan intervyusida. “Bu musobaqa emas.”

“Biz barcha sinovlarning maksimal darajada standartlarga muvofiq oʻtkazilishini istaymiz. Maʼlumotlar buzib koʻrsatilmasligi uchun, sinovga oid raqamlarni ochiqlashda oldindan belgilangan mezonlarga rioya qilish juda muhim” dedi u. “Aks holda, odamlarning barcha vaksinalarga boʻlgan ishonchi yoʻqolishi mumkin, bu esa fojiadir”.

“Sputnik V”ning samaradorligi toʻgʻrisida qatʼiy tasavvurga ega boʻlish uchun 20 ta COVID-19 holati yetarli emas, deydi Xyustondagi (Texas shtati) Beylor tibbiyot institutining yuqumli kasalliklar boʻyicha mutaxassisi, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish bilan shugʻullanayotgan doktor Piter Xotez.

“Bundan kelib chiqadiki, 20 tagina holatga tayanib, 92 foizlik samaradorlikni daʼvo qilish mantiqqa toʻgʻri kelmaydi”, dedi u CNNga.

Kreml hujumga oʻtgan

Rossiya 11-avgust kuni, hali ham davom etayotgan va yakuniga yetmagan klinik sinovlar boshlanmasidanoq, ehtimoliy koronavirus vaksinasini roʻyxatdan oʻtkazgan birinchi mamlakat boʻlganini eʼlon qilgan edi.

Shubhalar kuchayib borar ekan, musobaqadagi “birinchilik”dan qoniqmagan Kreml “Sputnik V” vaksinasi atrofidagi ritorikani ham kuchaytirmoqda.

Moskvaning Sputnik V” vaksinasini ilgari surish kampaniyasi vatanparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan va tanqidni koʻtarmaydi – “Kreml xavfsizlikni oʻylamayapti” degan daʼvolar Rossiyaga qarshi boʻhton sifatida talqin qilinmoqda.

Putinning dezinformatsion ssenariysiga xos boʻlgan targʻibot kampaniyasi doirasida COVID-19ga qarshi boshqa nomzod vaksinalar asossiz daʼvolar bilan shubha ostiga olinadi. Gʻarb davlatlarining vaksina ishlab chiqishdagi ilmiy yondashuvi samarasiz va xavfli, Gʻarbdagi “tadqiqotlar esa qoloq”, deb taʼkidlanadi.

Vaksinani tanituvchi reklama videorolikda sunʼiy yoʻldosh koʻrinishidagi “Sputnik V” koronavirus bilan zararlangan yer sharini aylanib, kasallikni yoʻq qilayotgani tasvirlangan.

“Dunyoni qutqarish – rus mentalitetiga xos narsa”, deydi mamlakatdagi vaksinatsiya ishlarini moliyalashtirgan Rossiyaning bevosita investitsiyalar jamgʻarmasi bosh direktori Kirill Dmitriyev 30-sentabr kuni Guardian nashriga bergan intervyusida.

“Sputnik V” vaksinasining uchinchi yakuniy sinovlarida 29 tibbiy markazda qirq mingdan ortiq koʻngillilar ishtirok etmoqda, deyiladi Gamaleya/RBIJ bayonotida.

Bayonotga koʻra, sinov ishtirokchilarini kuzatish olti oy davom etadi, shundan soʻng klinik sinovlar boʻyicha toʻliq hisobot taqdim etiladi.

Oraliq tadqiqotlar natijalari dunyoning “ekspertlar tomonidan koʻrilib chiqiladigan yetakchi tibbiy akademik nashrlardan” birida chop etiladi, deyiladi bayonotda.

Jiddiy shubhalar

Rossiyalik tadqiqotchilar 4-sentabr kuni “Lancet” tibbiy nashrida oʻzlarining 1/2 bosqichli sinov natijalarini chop etganlar, bu ularning tadqiqoti ekspert tekshiruvidan oʻtganligini anglatadi.

Vaksina oʻnlab koʻngillilar orasida oʻzining “xavfsiz va yaxshi oʻzlashuvchan” ekanligini isbotladi, deyiladi maqolada.

Shunday boʻlsa-da, dunyodagi tibbiy va ilmiy hamjamiyatlar aʼzolari Rossiya vaksinasining xavfsizligi va samaradorligiga hali ham shubha bilan qaramoqdalar.

12 mamlakatning 30 dan ortiq mutaxassislari tomonidan imzolangan va 7-sentabr kuni eʼlon qilingan ochiq xatda tadqiqot natijalari “maʼlumotlarning nomutanosibligi” sabab shubha ostiga olingan.

Tadqiqotchilar keltirilgan raqamlardagi takrorlanishlarni aniqlab, tadqiqot natijalariga oid maʼlumotlarning toʻgʻriligi “ehtimoldan ancha yiroq” degan xulosaga kelishgan.

Manba