Alvido Diyego Armando…

Men Argentina termasi, “Napoli” yoki “Barselona” yoki na Maradona muxlisi bo‘lmaganman.

Mening televizorda ko‘rgan birinchi jahon chempionatim Maradona yosh yulduz sifatida kelayotgan Ispaniya-82 bo‘lgan. Lekin u bundan 4 yil avval  jahon chempionatida debyut qilishi va munosib g‘alabaga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan vaziyatda bir yomon murabbiy amaki uni bundan mahrum qilgan. Barcha hisob-kitoblarga ko‘ra, 1978 yilda 18 yoshli Maradona Argentina terma jamoasi uchun tayyor futbolchi bo‘lgan va u chempionatda yulduz bo‘lishi kerak edi. Yosh futbolchini  faoliyatini bunday boshlanishini ko‘pchilik Pele bilan taqqoslagandi. Ammo murabbiy Sezar Luis Menotti bunday hisoblamagan. Natijada, Maradona bir yildan so‘ng yoshlar o‘rtasida jahon chempioniga aylanish uchun terma jamoadan tashqarida qoldi. Aytgancha, finalda sobiq ittifoq terma jamoasi mag‘lub etilgandi.

Natijada, Maradona 1982 yilda Ispaniyaga porlayotgan yulduz darajasida kelib, chempionatni mag‘lub bo‘lganlar qatorida tark etdi. Albiselesta avvalgi Jahon chempionatlari ochilish uchrashuvlari anʼanasini buzib zerikarli Belgiyaga yutqazdi, so‘ngra ketma-ket bo‘lajak jahon chempioni Italiya va musobaqaning eng yaxshi jamoasi Braziliyadan mag‘lub bo‘ldi. Maradona esa Vengriyaga urgan ikki goli va so‘nggi o‘yinda Batistaga qilgan qo‘polligi uchun qizil kartochkasi bilan esda qoldi.

Maradonaning portreti odatiy – asablari buzilgan yosh isteʼdod bo‘lib chiqdi. Ikki yil o‘tib, Maradona “Bilbaodan kelgan qassob” Andoni Goykoecheaning qo‘polligi qurboniga aylandi va endi butun dunyoning hamdardligi jiddiy jarohat olgan Diyego tomonida edi.

U safga qaytdi va Mishel Platini bilan jahonni eng yaxshi o‘yinchisi unvonidagi bahsni hal qilish uchun Meksikadagi Jahon chempionatiga keldi. U vaqtlar “Oltin to‘p” faqat yevropaliklarga berilar, argentinalik va yevropalik orasida eng yaxshisini faqatgina subyektiv fikr asosida tanlash mumkin edi. Garchi bugungi kunda boshqa bir argentinalik va «Yuventus» futbolchisi o‘rtasidagi eng yaxshini aniqlashda ularning har biridagi “Oltin to‘p” sonidan boshqa obyektiv mezonlar paydo bo‘lgandir.

AP Photo/Carlo Fumagalli,

Shunday qilib, 1986 yilgi Jahon chempionati Maradona va Platini to‘qnashuvi sifatida kutilgan, ammo Maradonaning benefisiga aylandi. Diyego uchun Meksikada o‘tkazilgan yettita o‘yinning eng yaxshisi Angliyaga qarshi chorak final uchrashuvi bo‘ldi. Umuman olganda, aynan shu o‘yin Maradonaning hayotini ifolaydigan eng yaxshi xulosadir. Birinchidan, 51-daqiqada Diyego qo‘li bilan mashhur golini urdi, keyinchalik u: “Agar bu qo‘l bo‘lsa, bu Xudoning qo‘li edi” –  dedi. To‘rt daqiqadan so‘ng Maradona maydonning yarmidan driblingni boshlab angliyaliklarning to‘rt himoyachisini aldagan holda (Terri Batcherni – ikki marta), “Asr goli” ni urdi.

Mana shu to‘rt daqiqada Maradona moʻjiza yaratdi. Uning fenomeni ham shu edi. Narkotiklarga ruju qo‘ygan, ochko‘z, o‘z hayotini va isteʼdodini behuda sarflayotgan, futbol dahosi Diyego Armando Maradona.

Endi u yo‘q

U o‘z hayot tarzi bilan umrini qisqartirdi. Ammo u doim shu lahza bilan, ishtiyoq bilan yashashni afzal ko‘rardi. U shunday ketdi, shunday bo‘lib esda qoladi.

Uning hayotida 1990 yilgi Maradona cho‘loq Argentina terma jamoasini sudrab borgan Jahon chempionati bo‘lgan. Do‘sti Goykoecheya – darvozabon Serxio bilan birga harakat qilgandilar. Ular Albiselesteni finalgacha tortib chiqishdi, ammo nemis mashinasiga mag‘lub bo‘ldilar.

Aynan o‘sha Jahon chempionatida birinchi marta translyatsiya paytida grafikadan foydalanish boshlandi, o‘yin vaqti va qoidabuzarliklarni hisoblandi. Maʼlum bo‘lishicha, futbolchilar har bir uchrashuvda taxminan 2 daqiqa 30 soniya davomida to‘pga egalik qilar ekanlar, Maradonaga nisbatan esa har bir o‘yinda kamida 10-12 marta qoida buzilgan. Yaʼni, Maradona to‘pga egalik qilgan vaqtining har 10-15 soniyasida oyoqlariga zarba olgan.

Uning hayotida  doping qabul qilgani uchun haydalgan 1994 yilgi Jahon chempionati,  murabbiy sifatida ishtirok etgan 2010 yilgi Jahon chempionati ham bo‘ldi. Lekin, murabbiy Maradona futbolchi Maradonaning muvaffaqiyatini takrorlay olmadi.

Ammo, bularning barchasi faqat uzoq hayot yo‘lidagi belgilar edi. Maradonaning faoliyatidagi eng yorqin o‘yini 1986 yildagi Meksika maydonlarida qoladi.

Alvido Diyego Armando…

Alisher Nikimbayev