2-maqola: “Dushmanimning dushmani mening do‘stimdir” Rossiya bilan G‘arb munosabatlari Xitoy ekspertlari nigohida

Internet nashrlarida kutilmaganda Xitoyning Rossiya hukumati yutuqlariga nisbatan pozitiv tahliliy materiallari ko‘payayotgani kuzatilmoqda mana shunday materiallardan ikkinchisini e’tiboringizga havola etamiz.

Xitoylik tahlilchilar AQSh bilan Yevropadagi ittifoqchilarining Rossiyaga nisbatan yangi qadamlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ekspertlar “G‘arb, Rossiya, Xitoy” strategik uchburchagidagi konfiguratsiya o‘zgarishlari haqida yozmoqda. Rossiya bilan G‘arb munosabatlaridagi so‘nggi o‘zgarishlar va ularning Xitoyga ta’siri haqida Fudan universitetining Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Fen Yuyszyun “Nega Putin xalqaro vaziyatni tushkun baholamoqda” (普京缘何悲观看待国际局势) deb nomlangan maqolasida yozadi.

2020 yilda Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi keng qamrovli, jumladan, “Severniy potok-2” (“Shimoliy-oqim-2”) loyihasiga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi. AQSh Moskvadagi elchixonasidan boshqa barcha konsulliklarini yopmoqda.

Rossiya bilan Yevropa munosabatlari haqida gap ketganda, 17 dekabrda Yevropa Ittifoqi YeI rahbarlarining oldingi sammiti chog‘ida iqtisodiy sanksiyalarni cho‘zish bo‘yicha qabul qilingan qarorni rasman bajarib, ularni 2021 yil 31 iyulga qadar cho‘zdi. Joriy yil boshida YeI diplomatiyasi rahbari Borrelning Moskvaga safari chog‘ida hech narsaga erishib bo‘lmagani yetmaganday, u Rossiya bilan Yevropa munosabatlarini yomonlashtirdi.

NATO 1 dekabrda “NATO 2030” hisobotini e’lon qildi, unga qayd etilishicha, keyingi 10 yilda Rossiya NATOning asosiy raqibi bo‘lib qoladi. Qo‘shma Shtatlar bilan uning NATO bo‘yicha asosiy ittifoqchilari “Evropaning tiyib turish tashabbusi”ni ilgari surib kelmoqda, uning asosiy maqsadi Rossiyaning Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq tahdidlariga javob qaytarishdir.

Fen Yuyszyun ta’kidlashicha, Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar cheklanganicha qolayotgan bir vaqtda 2020 yilda Belarusda ro‘y bergan voqealar, tog‘li Qorabog‘dagi urush, Qirg‘izistondagi fuqarolar tartibsizliklari Moskvaning e’tiborini chalg‘itmoqda va uning oldida dilemma (ikkovi ham bir-biridan og‘ir bo‘lgan yo‘ldan birini tanlash mashaqqati) paydo qilmoqda. Bu quyidagi holatlar bilan bog‘liq:

•          birinchidan, Rossiyaning postsovet makonidagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri kamayib bormoqda;

•          ikkinchidan, Rossiya murakkab jug‘rofiy-siyosiy munosabatlarga tortilmoqda;

•          uchinchidan, zimmadagi majburiyatlar bilan olingan foyda o‘rtasida nomutanosiblik vujudga kelmoqda;

•          to‘rtinchidan, postsovet makoniga o‘z ta’sirini kengaytirishga intilayotgan global va mintaqaviy ta’sir kuchiga ega davlatlar Rossiya uchun ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Muallif Rossiya bilan Xitoy munosabatlariga ham baho beradi. G‘arb bilan munosabatlarini yaxshilashi qiyin bo‘lgan Rossiya sharqdagi diplomatiyasini, ayniqsa, Xitoy bilan munosabatlarini mustahkamlamoqda. 2020 yilda Xitoy bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-sotiq hajmi 100 milliard dollardan oshib ketdi. Xitoy bilan munosabatlar Rossiya diplomatiyasining eng mustahkam tayanchi bo‘lib qoldi, deb aytish mumkin.

Lekin ayni paytda Xitoy Rossiya strategik doiralarining o‘ziga munosabati juda murakkab ekanini tushunib olishi lozim.

Shanhay xalqaro tadqiqotlar universiteti professori Yan Chen bildirishicha, Putin G‘arb mamlakatlariga nisbatan “aloqalarni uzmay turib kurashish” (斗而不破) konsepsiyasiga amal qilmoqda. Favqulodda vaziyatlar yuz bermasa, Rossiya bilan YeIning qisqa istiqbolda diplomatik munosabatlarni uzish ehtimoli juda kam. Ikkala tomon axloqiy va qadriyatlar darajasida diskursiv raqobatni davom ettirishi kutilmoqda.

Yan Chen Amerika bilan Rossiya munosabatlariga 2 ta nuqtai nazardan qarash kerak, deb hisoblaydi. Bir tarafdan, AQSh Rossiyaga tahdid sifatida qaraydi. Boshqa tarafdan, Moskva bilan Vashington strategik qurollar singari sohalarda tanlanma hamkorlikni davom ettiradi. Biroq shuni ham qayd etish lozimki, kelgusida Amerika bilan Rossiya hamkorligi uchun makon cheklangan bo‘lishiga bir necha sabablar bor:

•          Birinchidan, mafkura sohasida AQSh bilan Rossiya o‘rtasida ziddiyatlar mavjud.

•          Ikkinchidan, Qo‘shma Shtatlar va Rossiya hokimiyati tuzilmasi majburlash kuchiga asoslangan harbiy qudratga tayanishday o‘ziga xos xususiyatga ega. Bu kuchli raqobatga moyil Qo‘shma Shtatlar bilan Rossiyaning asosiy tavsifini aniq belgilab beradi. Shunga ko‘ra, ushbu sohadagi strategik qarama-qarshilik uzoq vaqt davom etadi.

•          Uchinchidan, “sovuq urush”dan so‘ng Amerika va Rossiya munosabatlarida vaqti-vaqti bilan takrorlanishlar ro‘y berib turdi, biroq “sovuq urush” psixologiyasi hozirgi kunda ham AQSh bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik muhitni, asosan, belgilab bermoqda.

Bayden timsolidagi AQSh hukmron doiralari Rossiyaga nisbatanaksariyat hollarda keskin mavqeni egallab keldi, shuning uchun ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish holati yaqin yillarda saqlanib qoladi. Yan Chen fikriga ko‘ra, AQSh va YeI bilan munosabatlarda Rossiya masalalarni kun tartibiga olib chiqa olmaydi, shuning uchun ularga passiv tarzda javob qilishi mumkin, xolos. Ayni vaziyat ham bundan mustasno emas. Rossiya qarshi choralarni ramziy tarzda qo‘llashi ehtimoldan xoli emas, aslida bu choralar AQSh bilan YeIga hech qanday ziyon yetkaza olmaydi.