Qozog‘istonda Ahmad Yassaviy haqida serial namoyishi boshlanmoqda, O‘zbekistonda “Hukmdor Usmon” hamon taqiqda

Bugun Qozog‘iston televideniyesi so‘fiy faylasuf, Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy hayoti haqida turkcha “Mavera” (Movaraunnaxr) teleserialini namoyish etishni boshlaydi.

Serial Qozog‘iston TV Milliy birinchi kanalida namoyish etiladi. Bu nafaqat Turkiyada, balki Qozog‘iston televideniye tomoshabinlarida ham katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.

Teleserialni Qozog‘istonda namoyish qilish to‘g‘risida kelishuv   5-6 aprel kunlari Turkiyada Qozog‘iston Axborot va ijtimoiy taraqqiyot vaziri Aida Balayevaning va Turkiyaning TRT teleradiokompaniyasi bosh direktori Ibrohim Eren bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida qabul imzolangan.

“Mavera” so‘zi biron bir narsaning tashqarisida, vaqtni yoki joyni anglatadi. (Arab tilida Movaraunnaxr so‘zi daryoning narigi tomoni maʼnosida keladi. tahririyat izohi).

O‘zbekistonda esa turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan va “Mening Yurtim” kanali tomonidan juda katta mablag‘ga sotib olingan “Hukmdor Usmon” seriali hamon taqiqda qolmoqda. Serial namoyishining to‘xtatilishiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari va AOKAning xatlari sabab bo‘lgan.

Telekanal direktorini maʼlum qilishicha, serial huquqlarini sotib olish, tarjima, montaj va boshqa ishlar uchun jami 3 mlrd so‘mdan ortiqroq mablag‘ ketgan.

Keyinchalik AOKA telekanalni faqat ogohlantirgani, “efirdan olib tashla” demaganligi, serial efirga qaytishi uchun hech qanday to‘siq yo‘qligi, ammo buning uchun serial Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda (rasman xat kiritish yo‘li bilan) turli marosim va aqidalar bilan bog‘liq sahnalardan “tozalanishi” kerakligi maʼlum qilingan. Bu ham majburiy emas, shunchaki tavsiya etiladi. Telekanal mazkur serialni qayta namoyish qilishi mumkin”,- degan bayonot berilgandi. Ammo, mana qariyb 4 oydan beri bu gaplar quruq bayonotdan boshqasi emasligi oydinlashmoqda.

Eslatib o‘tamiz, turk va o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan, tarixiy faktlarga asoslangan “Hukmdor Usmon” seriali O‘zbekistonda namoyish etila boshlaganidan 2 hafta o‘tib, 2020 yil 17 dekabrda efirdan olingan edi.

  • Maʼlumot uchun, turk kinoijodkori – prodyuser Mehmet Bo‘zdag‘ tomonidan suratga olingan «Hukmdor Usmon» (Kurulush Osman) teleserialida Kichik Osiyo, Bolqon, Sharqiy Yevropa, Shimoliy Afrika, qisman Kavkaz va Qrimda hukmronlik qilgan (1299–1920 yillar) turk sultonlari sulolasi – Usmoniylar imperiyasining paydo bo‘lishi haqida hikoya qilinadi.
  • Filmda bir qator o‘zbek aktyorlari – Akbarxo‘ja Rasulov, Maʼruf Otajonov, Jamshid Saratov, Tohir Saidov va Akmal Mirzo rol ijro etgan.