Markaziy Osiyo integratsiyasi qay tomon yo‘nalmoqda?

Bugun dunyoning ayrim mintaqalari zamonaviy ko‘rinishdagi geosiyosiy o‘yinlar maydoniga aylangani sir emas. Mazkur jarayon Markaziy Osiyoni ham chetlab o‘tmagan. Ayni holat qardosh respublikalarning o‘zaro integratsiyalashuvini birmuncha qiyinlashtirmoqda. Tashqi tahdidlar taʼsirida ular o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik munosabatlari, shu jumladan, ko‘p formatli hamkorlik mexanizmi jiddiy sinovdan o‘tyapti. Bunday murakkab vaziyatda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zini qanday tutishi kerak? Mintaqaviy strategik sheriklikning keyingi istiqboli xususida ekspertlar nima deydi? Mavzuga doir ayrim savollar bilan O‘zbekistondagi “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi direktori, siyosatshunoslik fanlari doktori Farxod Tolipovga yuzlandik.

— Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqil bo‘lganiga 30 yil to‘lyapti. Afsuski, shu choqqacha ular na siyosiy, na iqtisodiy jihatdan o‘zaro integratsiyalashdi. Siz buning sabablarini nimalarda ko‘rasiz?

— Shaxsan o‘zim Markaziy Osiyoda integratsiya amalga oshmadi, degan fikrga qo‘shilmayman. Masalaga chuqurroq qarash kerak. Oxirgi o‘ttiz yil mobaynida mintaqamizda yuz bergan geosiyosiy jarayonlarni tahlil qilsak, ularning bir qancha muhim o‘lchamlari borligi ko‘zga tashlanadi.

Sovet Ittifoqi parchalangach, 1991 yilning o‘zidayoq Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ashxobod shahrida uchrashib, integratsion tuzilmani yaratishga kelishib oladi. O‘shanda “Turkiston – umumiy uyimiz”, degan shiorlar yangragan. Vaholanki, yosh mustaqil respublikalarni birlashishga hech kim majburlamagandi. Bunday intilish tabiiy ehtiyoj, taʼbir joiz bo‘lsa, mintaqada azaldan shakllangan tarixiy qonuniyat asosida yuzaga kelgan.

Farxod Tolipov

1991 yildan 2006 yilgacha Markaziy Osiyoda integratsiya jarayoni uzluksiz va muvaffaqiyatli davom etdi. Tasavvur qilyapsizmi, naq o‘n besh yil mobaynida qo‘shnilar bilan et-tirnoqdek rivojlandik. O‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ldi, albatta. Masalan, Yevropa Ittifoqining shakllanish tarixi ham oson kechmagan. 28 ta mamlakatning boshi qovushguncha qanchadan-qancha ziddiyatu talafotlardan o‘tilmadi deysiz. Yevropadan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-biriga ham tarixiy, ham etno-madaniy jihatdan, ham qadriyatlar tizimi bo‘yicha juda yaqin. Integratsiya borasidagi salohiyatimiz yevropaliklardan ming chandon yuqori. Buni hech qachon unutmaslik kerak.

— Demak, sizningcha, 1990-yillarda Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyalasha oldi.

— Albatta. Integratsiya keng maʼnoda ko‘p tomonlama hamkorlikning institutsionallashuvini anglatadi. Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi kabi mintaqaviy institular tuziladi, ularning qarorlari barcha ishtirokchi davlatlar uchun majburiy xarakterga ega bo‘ladi. Shularni yaqin o‘tmishda kuzatganmiz. Faqat negadir hozir bu haqda kam gapirilyapti.

1993 yilda Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati tashkil etildi. Hatto umumiy bozor yaratish bo‘yicha saʼy-harakatlar boshlangan. Mazkur sohada ellikka yaqin qo‘shma loyiha ishlab chiqilganini ham taʼkidlash joiz. 2000 yilgacha mintaqada iqtisodiy integratsiyani to‘liq yakunlash ko‘zda tutilgandi.

Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati keyinchalik Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotiga aylantiriladi. Bu iqtisodiy integratsiyadan siyosiy integratsiya sari tashlangan qadam edi. Prezidentlar o‘z bayonotlarida unga qadriyat sifatida baho bergani ham bejiz emas.

Afsuski, 2006 yilga kelib integratsiya jarayoni to‘xtab qoldi. Chunki Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti aʼzoligiga mintaqaga daxli bo‘lmagan qudratli davlat – Rossiya Federatsiyasi qabul qilinadi. Natijada tashkilot sof mintaqaviy institut sifatidagi qiyofasini yo‘qotdi. MOHTga Rossiyaning qo‘shilishi Markaziy Osiyo davlatlariga juda qimmatga tushgani bugun kundek ravshan.

Boz ustiga 2005 yilgi Andijon voqealaridan so‘ng AQSH bilan munosabatlarimiz keskinlashdi. Bunday qaltis vaziyatda O‘zbekiston rahbariyati Rossiya tomon yuz o‘girib, Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga aʼzo bo‘lishga qaror qiladi. Bu ikki tuzilmaga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham qo‘shilgandi. Mintaqa mamlakatlari rahbarlari Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti doirasida uchrashishni ortiqcha hisoblab, keyinchalik uni tugatishga rozilik bergan.

Biroq Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati mintaqaviy manfaatlarga javob beradigan hamda umumiy muammolarni hal qilsa bo‘ladigan tuzilma emasligi tez orada ayonlashdi. Shu bois 2008 yilda O‘zbekiston uni tark etdi. Markaziy Osiyoda integratsiyani qayta tiklash uchun esa o‘n yil talab qilindi.

— Uzoq tanaffusdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini yana bir stol atrofiga jamladi. 2018 yildan buyon ular muntazam ravishda uchrashmoqda. Maslahat uchrashuvlari formatiga yangilik kiritishning vaqti kelmadimikan?

— Mazkur mexanizm avvaliga ehtiyotkorlik yuzasidan maslahat uchrashuvi, deb nomlangan. Chunki o‘n yilga “muzlatilgan” mintaqaviy integratsiyani birdaniga institutsional ko‘rinishda tiklab bo‘lmasdi. Har yoqqa tarqalib ketgan Markaziy Osiyo respublikalari bir-birini yaxshiroq tanib olishi, umumiy til topishi uchun vaqt kerak edi. Ostonada o‘tkazilgan Birinchi maslahat uchrashuvida Qozog‘istonning o‘sha paytdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham shunga ishora qilgan holda: “Biz hozir integratsiya haqida emas, muntazam uchrashuvlarni tiklash haqida gapiryapmiz”, – degani esimda.

Koronavirus pandemiyasi hamda Qirg‘iziston Respublikasidagi siyosiy tartibsizliklar sabab, o‘tgan yilgi Maslahat uchrashuvi nomaʼlum muddatga qoldirilgandi. Joriy yilda u Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tkazilishi belgilangan.

Albatta, maslahat uchrashuvi – vaqtinchalik format. Tez fursatda uni takomillashtirib, to‘laqonli integratsion tuzilmaga aylantirish maqsadga muvofiqdir. Axir, beshta respublika rahbari hadeb maslahatlashib o‘tirolmaydi-ku. Ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi darajaga olib chiqish zarur.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonning diqqat markazi Yevroosiyo integratsiyasi tomon siljiganini kuzatyapmiz. Hozir mamlakat rahbariyati murakkab tanlov oldida turgandek, nazarimda. Bir tomondan, O‘zbekiston Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Ikkinchi tomondan, Prezident Shavkat Mirziyoyev avval-boshdanoq Markaziy Osiyoni O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi, deb eʼlon qilgan. Mantiqan olib qaraganda, mintaqaviy integratsiya biz uchun qolgan formatlar (MDH, SHHT, YEOII va h.k.)dan ko‘ra muhimroq ahamiyat kasb etishi kerak. Shu maʼnoda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Uchinchi maslahat uchrashuvini ortiq qoldirishga xojat yo‘q. Ustiga-ustak, yil boshidan mintaqada bir qator noxush voqealar yuz berdi. Qardosh davlatlar liderlari muhokama qilib oladigan mavzular talaygina.

— Qudratli davlatlar mintaqamizga doimo geosiyosiy qiziqish bildirgan. Qo‘shni respublikalar o‘rtasida turli nizolarning kelib chiqishida ham mazkur omilni inkor etib bo‘lmaydi. Hozir tashqi aktorlar tomonidan Markaziy Osiyoga eʼtibor yana-da kuchaydi. Bir tomondan, AQSH harbiy qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi, ikkinchi tomondan, Qirg‘iziston – Tojikiston chegarasida yuz bergan qonli to‘qnashuv fonida mintaqa mamlakatlarining ichki ishlariga aralashish, ularga qarshi informatsion xurujlar uyushtirish, hatto bosim o‘tkazish holatlari kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari birdamligini ko‘rsata olyapti?

— Bugun mintaqamizda nafaqat AQSH, Rossiya, Xitoy kabi yirik siyosiy o‘yinchilar, balki Eron, Turkiya, Hindistondek o‘rta bo‘g‘in davlatlari ham o‘z mavqeini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Mana shunday geosiyosiy o‘yinlar fonida markaziy osiyoliklar o‘zini qanday his qilyapti ekan, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Baʼzi tahlilchilar nima ham qila olardik, deya bir chekkada tomoshabin bo‘lib o‘tirish pozitsiyasini yoqlasa, boshqa ekspertlar, aksincha, mantaqada Markaziy Osiyo mamlakatlari asosiy aktor bo‘lishi hamda umummilliy manfaatlarni birgalikda himoya qilishi kerakligini taʼkidlaydi. Hozircha siz aytayotgan o‘sha axborot xurujlari, turli provokatsion uydirmalarni qaytarish darajasida boshimiz birikkani yo‘q.

Qolaversa, zamonaviy geosiyosat o‘tgan asrdagi “Buyuk o‘yin”dan keskin farqlanadi. Endi imperiyalar bir-biri bilan yuzma yuz to‘qnashmaydi. Ular axborot makonida jang olib bormoqda. Ko‘rinmas qo‘llar Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham hamla qilayotgani ayni haqiqat.

Tashqi tahdidlarni qaytarishning faqat bitta chorasi bor. Qardosh respublikalar muammolarni yakka holda emas, bahamjihat hal qilmog‘i darkor. Muhim siyosiy masalalar yuzasidan yagona pozitsiyani shakllantirish, katta og‘alarning qosh-qovog‘iga qarashdan voz kechish, har qanday vaziyatda, avvalo, milliy manfaatlarga tayanib ish tutish bizni kuchli qiladi. Jahon sahnidagi ovozimiz ham jarangliroq eshitiladi.

Qirg‘iziston – Tojikiston chegarasidagi harbiy mojaroni olaylik. Afsuski, bu masalaga mintaqaviy ko‘z bilan qaralmadi. Ikki mamlakat bir-biriga tosh otdi, tashqaridan vositachilar izladi. Rossiya, Turkiyaga nazar tashlandi. Vaholanki, Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi chegaraviy nizolar asosan lokal xarakterga ega. Ular yuqori intensivlikdagi muammolar sirasiga kirmaydi. Ayni vaziyatda qo‘shnilarni mintaqaviy konsensus yo‘li bilan yarashtirsa bo‘lardi. To‘g‘ri, O‘zbekiston, Qozog‘iston prezidentlari tojik-qirg‘iz chegarasidagi harbiy mojaroga darhol o‘z munosabatini bildirdi. Biroq qo‘shma bayonot qabul qilingani yo‘q. Demak, hali birdamligimiz mustahkam emas.

Menimcha, Markaziy Osiyo respublikalari yirik siyosiy o‘yinchilarning salobatidan qo‘rqmasdan, mintaqaviy integratsiyani davom ettirishi zarur. Shunda bizni manaman degan davlatlar ham hurmat qila boshlaydi.

— Sizningcha, qaysi sohalar Markaziy Osiyo integratsiyasining drayveriga aylanishi mumkin?

— So‘zsiz, biznes. Menga Prezidentimizning bitta tashabbusi nihoyatda maʼqul. O‘zbekiston rahbari mintaqa doirasida qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish hamda hududiy kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Hozir shu jarayonlarning guvohi bo‘lib turibmiz. O‘zbek avtomobillari Qozog‘istonda yig‘ilyapti, chegara oldi tumanlarda biznes-forumlar, ko‘rgazmalar tashkil qilinyapti. Bunday loyihalar mahalliy tadbirkorlarni stepler misoli bir-biriga mahkam bog‘lamoqda.

Chegaralardagi o‘tish punktlarining ko‘paytirilishi, viza rejimidagi qulayliklar ham mintaqaviy integratsiyaga ijobiy taʼsir ko‘rsatyapti. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoni kesib o‘tuvchi xalqaro transport koridorlarini barpo etish yo‘lidagi umumiy saʼy-harakatimiz ham mintaqa mamlakatlari istiqboliga xizmat qilishiga ishonaman.

Yana bir gap. Beshta respublika xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini uyg‘unlashtirib olishi shart. Hozir ularga birdamlik yetishmayapti, bu esa jiddiy muammo. Mazkur holatdan Markaziy Osiyodagi vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilgan ayrim tashqi kuchlar, albatta, foydalanadi. 

— Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi kun tartibiga qanday masalalar qo‘yilishini kutyapsiz?

— Odatda bunday nufuzli anjumanlarning kun tartibi o‘tgan bir yil orqalig‘ida yuz bergan voqealar tahlilidan kelib chiqib tuziladi. Qo‘shma bayonotda esa kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan olib borilgan muzokaralar natijasi aks etishi zarur.

Uchinchi maslahat uchrashuvi doirasida beshta respublika yetakchilari chegaraviy nizolarni bartaraf etishdagi yangi, innovatsion yondashuvlar haqida fikrlashib olsa yomon bo‘lmasdi. Menimcha, bunday muammolarni hal qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijobiy tajribasiga tayanish kerak. Masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida bahsli hududlar umuman qolmagan. Biz chegaralarimizni allaqachon delimitatsiya va demarkatsiya qilib bo‘ldik. Nega buni qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonga namuna qilib ko‘rsatmaslik kerak? Yoki bo‘lmasa, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari chegara muammosini uch oyga qolmay to‘liq hal etish bo‘yicha kelishib olgandi. Bu ham ijobiy tajriba-ku, axir. Ana shunday yutuqli nuqtalarni topib, Maslahat uchrashuvining yakuniy hujjatida muhrlashni taklif qilgan bo‘lardim.

Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasiga 1991 yilning 13 dekabr kuni aynan Ashxobod shahrida tamal toshi qo‘yilgandi. Mana, o‘sha voqeaga ham deyarli o‘ttiz yil to‘ldi. Uchinchi maslahat uchrashuvi yana Turkmaniston poytaxtida o‘tkazilishida ramziy maʼno borga o‘xshaydi. Balki mazkur uchrashuv mintaqaviy birlashish jarayonida keskin burilish yasar. Ne ajab…

Muallif: Nargiza Umarova