Uzun urushning qisqa tarixi: Afg‘oniston va Tolibon

Markaziy va Janubiy Osiyo chegarasida turgan Afg‘oniston siyosiy boshqaruv jihatidan juda ham chigal siyosiy tarixga ega davlat. Qadimgi Makedoniya imperatori Aleksandr Makedonskiy taʼbiri bilan aytganda, Afg‘onistonga “yurish qilish oson, ammo undan chiqib ketish qiyin”. Tarix davomida bir necha imperiyalar bu o‘ziga xos mamlakatni to‘liq bo‘ysundirishni uddalay olmaganligi uchun uni “imperiyalar qabristoni” deya nomlagan. Afg‘onistonning siyosiy tarixi qisqacha tahlil qilinar ekan, uning bugungi kundagi iqtisodiy qoloqligi va siyosiy parokandaligi zamirida tinimsiz davom etgan ichki va tashqi urushlar yotganini ko‘rish mumkin. Afg‘onistonning Tolibon harakati qo‘liga o‘tishiga ham aynan shunday urush – Sobiq Ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirib kelishi  va uning oqibati bilan chambarchas bog‘liq.

1979-1989 yillar orasida o‘n yil davom etgan urush so‘ngida Sobiq Ittifoq qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etdi. Albatta, Mujohidlar Sovuq urush davrida dushmanidan o‘ch olish niyatida yurgan AQSH hukumati tomonidan Pokiston xavfsizlik xizmati orqali qo‘llab-quvvatlangan isyonkor guruhlar to‘dasi edi. Ammo, Mujohidlarning g‘alabasi Afg‘onistonga tinchlik olib kelmadi: urush tugashi bilan turli guruhlar bir-biridan ajralib, siyosiy nazorat uchun kurashga kirishdi. Afg‘oniston yana harbiy lordizm va shafqatsiz fuqarolar urushi domiga tushib qoldi. Ittifoq qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketgach, Hikmatyor boshchiligidagi Mujohidlarning haddan oshishi va urush tartibsizliklaridan charchagan oddiy xalq islomiy qadriyatlarni birinchi o‘ringa qo‘yish, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish vaʼdasi bilan sahnaga chiqqan yangi guruh –  Tolibonni qarshiliksiz kutib oldi. Mujohidlar kamchilikni tashkil qilgan Afg‘oniston janubidagi Qandahor hududlarida asli Pushtun millatiga mansub Tolibon aʼzolari asta- sekinlik bilan turli shaharlarni qo‘lga kiritib, u yerlarda qonun buzilishlariga barham berish va tijorat gullab-yashnashi uchun tartibni saqlash orqali xalq orasida tobora ommalasha boshladi. Afg‘onistondagi pushtunliklarni birlashtirgan va Mujohidlarning xunrezliklariga qarshi tura oluvchi yagona harakat sifatida ommalashgan Tolibon qo‘shni Pokiston va boshqa kuchlardan turli manfaatlar evaziga olgan siyosiy dastak evaziga 1996 yili Afg‘onistonda hukumatni qo‘lga oldi va Islomiy Amirlik tuzdi.

Ammo vaqt o‘tishi bilan mamlakatda vujudga kelgan shafqatsiz ichki siyosat Tolibonni yana jahon sahnasiga olib chiqdi. Shuningdek, Tolibon hukumati Afg‘onistonni sobiq mujohid jangchi –  Usama bin Laden va uning terrorchi guruhi – Al-Qoida uchun xavfsiz boshpanaga aylantirishi bu guruhni AQSHga qarshi qilib qo‘ydi. Al-Qoida guruhining 2001 yil 11 sentyabr kuni AQSHdagi Jahon Savdo Markazi va Pentagonga qilgan hujumi natijasida AQSH Prezidenti Bush Afg‘onistonga urush eʼlon qilib, qo‘shin kiritdi. 2001 yildan to 2020 yilgacha AQSH Afg‘onistonni qayta qurish uchun milliardlab dollar sarfladi.

Muallif: Bekzod Zokirov – siyosatshunos, Tokio universitetining doktoranti