Dunyoda “omikron”ning “yashirin” shtammi keng tarqalmoqda

So‘nggi haftalarda dunyoning qator davlatlarida koronavirusga chalinish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada kamaya boshladi. Ayniqsa, eng ko‘p kasallanish holatlari qayd etilgan AQSH, Hindiston, Fransiya, Braziliya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya singari mamlakatlarda pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Janubiy Koreya, Vyetnam, Germaniyada esa aksincha, pandemiyaning yangi to‘lqini avjida. Masalan, Koreya Respublikasida kuniga o‘rta hisobda 340 ming yangi holat qayd etilyapti. 14 mart kuni bu ko‘rsatkich yana-da oshib, 362 mingdan ziyod bemorga koronavirus tashxisi qo‘yildi.

Xavotirli jihati, endi kasallikning yangi to‘lqini yer yuzi aholisining eng katta qismi yashaydigan Xitoyda ham boshlanmoqda. Bu yerda aniqlanayotgan yangi holatlar “omikron”ning ВA.2 mutatsiyasini tashkil etyapti.

Xususan, mamlakatda o‘tgan kuni 1,5 mingga yaqin kishida ushbu variant aniqlandi. Birgina Szilin provinsiyasida 900ga yaqin odam infeksiyani yuqtirgan. Shanxay va Shenchjen shaharlarida ham xastalikka chalinganlar soni oshmoqda.

Shundan kelib chiqib Xitoy hukumati kasallik yana-da keng tarqalmasligi uchun qatʼiy cheklovlarni joriy qilmoqda. Bemorlar bilan aloqada bo‘lganlar majburiy karantinga olinyapti. Baʼzi hududlarda esa “lokdaun” eʼlon qilinayotir.

Shuningdek, ВA.2 Yevropaning qator mamlakatlarida ham faol tarqala boshladi. Oqibatda Buyuk Britaniya, Belgiya, Shveysariya va Niderlandiyada so‘nggi kunlarda kasallanishlar soni yana o‘sa boshlagan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yangi shtamm “omikron”dan ham yuqumliroq. Eng yomoni, unga chalinganda kasallik nisbatan og‘ir asoratlar bilan kechishi mumkin. Ayniqsa, u bemorning o‘pkasini zararlashi kuzatilyapti.

Qolaversa, ushbu virus mutatsiyasiga tashxis qo‘yish birmuncha murakkab. U ko‘p hollarda odatdagi PZR testlarida namoyon bo‘lmaydi. Shu sababli ВA.2 allaqachon “yashirin shtamm” nomini olgan.