Afg‘oniston armiyasida asli yo‘q askarlar

Afg‘oniston milliy kuchlarining mag‘lubiyati ko‘plab harbiy tahlilchilar va siyosatshunoslar uchun kutilmagan xol bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar va NATOning boshqa davlatlari o‘tgan 20 yil davomida Afg‘oniston armiyasini o‘qitish va qurollanishi uchun milliardlab dollar sarmoya kiritganiga qaramay, armiya deyarli jangsiz Tolibonga taslim bo‘ldi.

Nega bunday bo‘ldi?

Nima uchun G‘arb koalitsiyasi Afg‘onistonni zamonaviy kuchli armiyaga ega bo‘lgan mustaqil hayotga tayyorlay olmadi?

2021 yil iyul oyida AQSH prezidenti Jo Bayden jurnalistlarning “Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kirita oladimi?” degan savoliga shunday javob bergan: “Yo‘q. Chunki afg‘on armiyasining 300 ming askari bor. U kuchli zamonaviy armiya kabi jihozlangan va o‘qitilgan. Tolibonda esa atigi 75 ming jangchi bor”.

Biroq, AQSh o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan keng miqyosda olib chiqa boshlagach va Afg‘oniston armiyasini havodan qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgandan so‘ng, afg‘on armiyasi Tolibonga jangsiz taslim bo‘la boshladi. Bir necha hafta mobaynida ommaviy axborot vositalari Afg‘oniston shaharlarini birin-ketin bosib olinishi haqida xabar berishdi va 15 avgustga qadar Tolibon butun mamlakat, shu jumladan poytaxt Kobulni nazoratiga oldi – Panjshir viloyatidan tashqari. Maʼlum bo‘lishicha, NATO harbiylari ishtirokisiz, Bayden kutganidan farqli o‘laroq, milliy kuchlar Tolibonga qarshi tura olmadi.

Britaniyaning Guardian gazetasi yozishicha, amerikalik generallar Afg‘oniston armiyasi, maxsus xizmatlari va politsiyasining jangovar samaradorligini doimo yuqori baholagan. So‘nggi 20 yil ichida AQSh ularni jihozlash va o‘qitishga katta mablag‘ sarmoya kiritgan: sarmoya 88 milliard dollardan oshgan. AQSh nazorat agentliklari ham o‘tgan oy AQSh harbiylarining Afg‘oniston armiyasining jangovar qobiliyati holatini ijobiy baholangani asossiz bo‘lganini aytdi. Bayden qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilar ekan, ehtimol harbiylar unga taqdim etgan yolg‘on maʼlumotlarga tayangan bo‘lishi mumkin: Oq uy Afg‘onistondagi haqiqiy korrupsiya darajasi haqida bilmagan bo‘lishi mumkin.

“Afg‘onistonning sobiq rahbariyati ajratilgan mol-mulkning uchdan bir qismini, shu jumladan qurol-yarog‘ va uskunalarni talon-taroj qilgan. Armiyada askarlar soni oshirib ko‘rsatilgan ularga nafaqa va ish haqi belgilangan bo‘lib, mavjud bo‘lmaganlarga mablag‘lar xisoblanaverilgan. Tolibon korpuslaridan birini mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng, xodimlarning faqat yarmi borligi maʼlum bo‘ldi. Qolganlari yo‘q edi, ular avval ham bo‘lmagandi faqat qog‘ozlarda yozilgan”

zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish markazi eksperti Nikita Mendkovich

Hozircha 88 milliard dollar nimaga sarflangani maʼlum emas. Nazorat qiluvchi organlar yaqinda AQSh Kongressiga ushbu mavzu bo‘yicha hisobot taqdim etishga vaʼda berishdi. Ammo hozir G‘arb matbuoti Kobulda ishlatilgan korrupsiya sxemalari haqida yozmoqda.

“Afg‘oniston hukumatining o‘rta darajadagi vakillari, vazirlar, vazir o‘rinbosarlari ham bu korrupsion sxemalarda ishtirok etishgan”, – deydi Ukraina “Kelajak” instituti tahlilchisi Ilia Kusa. “Bu sxemalarda xorijiy kontingent vakillari ham ishtirok etganligi haqida maʼlumotlar bor”

Jurnalistlarning aytishicha, Afg‘oniston armiyasida o‘zlashtirishning eng keng tarqalgan usullaridan biri, NATO harbiy koalitsiyasi ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan yoqilg‘ini o‘g‘irlash edi. Nazorat inspektorlari hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda NATO harbiylari bo‘lgan davr mobaynida 155 million dollarga yaqin yoqilg‘i o‘g‘irlangan.

“AQShning Jaloloboddagi bir ofitseri menga Afg‘oniston armiyasiga yetkazib beriladigan yoqilg‘i doimo yo‘q bo‘lib qolganini aytdi. Natijada ular harbiy operatsiyalarni o‘tkaza olmagan”, – deydi AQSh Mudofaa vazirligining “Stars and Stripes” gazetasi jurnalisti Lourens. “Bu birgina xolat emas, balki keng tarqalgan amaliyot edi. Ko‘pgina amerikalik inspektorlar Afg‘onistonda ishlagan yillar mobaynida millionlab dollar yoqilg‘i o‘g‘irlanganini taʼkidlagan: o‘g‘irlovchilar uni qora bozorda sotishgan”.

Afg‘oniston armiyasini o‘qitish va harbiy texnikani saqlash bo‘yicha shartnoma tuzilganlar orasida AQShga tegishli bo‘lgan 17ta pudratchi firmalar bo‘lgan. Ular logistika, qurilish va harbiy texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish uchun masʼul edilar. Hammasi bo‘lib, bu 18 ming kishi, ularning uchdan bir qismi AQSh fuqarolari. Masalan, Textrom Systems, AQSh Mudofaa vazirligi bilan 50 million dollarlik besh yillik shartnoma asosida, AQShning Bagramdagi havo bazasini himoya qilishni yaxshilashi kerak edi hamda uchuvchisiz razvedka va havo tizimlarini yetkazib berish topshirilgandi.

Donald Tramp prezidentligi davrida amerikaliklar Afg‘onistonda ishlash bo‘yicha pudratchilar bilan eng ko‘p shartnomalarni imzolagan: bu shartnomalarning umumiy summasi 820 million dollardan oshadi. 2017 yilda AQSh armiyasi muhandislar korpusining sobiq xodimi Mark Miller, afg‘on pudratchilaridan umumiy qiymati 320 ming dollar pora olganini tan olgan. Miller Afg‘oniston sharqidagi Kemp Klark harbiy bazasida qurilish maydonchasi mudiri edi. Afg‘on kompaniyalaridan pora evaziga u AQSH Mudofaa vazirligi bu shartnomalarni buzmasligiga kafolat bergan.

Mutaxassislar o‘g‘irlik va korrupsiyadan tashqari yana bir muammo haqida fikr bildirishmoqda. 2017 yildan beri sobiq prezident Ashraf G‘anining iltimosiga binoan AQSh harbiylari afg‘on askarlari orasida qurbonlar va qochoqlar haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilishni to‘xtatgan. Faqat to‘rt yil o‘tgach, baʼzi raqamlar paydo bo‘ldi: qochqinlar soni 100 ming kishini tashkil qilishi aytildi. Amerikalik inspektorlarning maʼlum qilishicha, har yili AQSh pullari bilan ushlab turilgan va o‘qitilgan afg‘on askarlarining uchdan bir qismi armiyani tashlab ketavergan. Afg‘oniston armiyasi har yili uchdan bir qismga qisqargani bois, yangi chaqiruvdagi yollangan askrlarni o‘qitishga majbur bo‘lgan.

“Ko‘p mablag‘lar shunchaki isrof qilingan yoki o‘g‘irlangan. Korrupsiya darajasi har yili yuqori bo‘lib qolavergan, korrupsiyaga qarshi kurashda esa jiddiy yutuqlar bo‘lmadi”, – taʼkidlaydi Ukraina kelajagi instituti tahlilchisi Ilia Kusa.

Afg‘oniston uzoq vaqtdan beri dunyodagi eng korrupsion davlatlardan biri bo‘lib kelgan: Transparency International reytingida u korrupsiyani qabul qilish indeksi bo‘yicha ro‘yxatning eng oxiri165-o‘rinni egallab turibdi. G‘arb davlatlari bu mamlakatga milliardlab dollar sarmoya kiritgan yillar davomida ham vaziyat o‘zgarmadi.

“Biz ularga kerak bo‘lgan hamma narsani berdik. Biz ularga maosh to‘ladik. Tolibonlarda aviatsiya yo‘qligiga qaramay, biz ularga aviatsiya berdik”, dedi AQSh prezidenti Jo Bayden, Kobul taslim bo‘lgandan keyin afg‘on armiyasi mag‘lubiyatini izohlar ekan. Biz ularga o‘z kelajagi uchun kurashish irodasini bera olmadik”.