Covid-19 pandemiyasi davrida fuqarolarga dori vositalarini yetkazishdagi uzilishlar. Kim aybdor?

Covid-19 pandemiyasi hayotimizga bir qator muammolar olib keldi. Ularning barchasini sanab oʻtishdan maʼno yoʻq, oʻzim bir oz tushunchaga ega boʻlganimda toʻxtalaman.

Fuqarolarni dori vositalari bilan taʼminlash

80 yildan ortiq vaqt davomida koʻplab respublikalar sogʻliqni saqlash tizimini farmatsevt va soha tashkilotchilari bilan taʼminlagan Toshkent farmatsevtika instituti mavjud boʻlgan Oʻzbekistonda (bunday o’quv yurti SSSRda atigi 5 ta boʻlgan) Covid-19 pandemiyasi davrida fuqarolarning dori-darmon bilan taʼminlanishi toʻxtab qoldi:

 • Bahorda va yozning ilk oylarida mamlakat boʻylab dorixona tarmoqlarida Covid-19ʼni davolash boʻyicha bayonnomalarga kiritilgan dori vositalarining oʻtkir yetishmovchiligi yuzaga keldi.

 • Oʻzbekiston dorixonalaridagi dori-darmonlar uchun narxlarning keskin oʻzgarishi mamlakat fuqarolarini dori-darmon bilan taʼminlashga masʼul amaldorlarning butunlay professional emasligini tasdiqlaydi.

Bunday uzilishning sababi nimada?

Ular kamida ikkita:

 1. Oʻzbekiston aholisini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash boʻyicha milliy strategiyaning yoʻqligi;

 2. Dori vositalari bilan taʼminlashga masʼul boʻlgan sogʻliqni saqlash tizimidan professional koʻnikmalarga ega farmatsevt-tashkilotchilar chiqarib yuborilgan.

Barcha rivojlangan mamlakatlarda dorixona biznesini sohaga doir kerakli bilimlarga ega mutaxassislar boshqarsa, Oʻzbekistonda bu soha bilan dori, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, avtomashina, umuman, nimani sotishning ahamiyati yoʻq boʻlgan “tadbirkorlar” shugʻullanmoqda.

Ofisi Navoiy–12da joylashgan tegishli vazirlik, dorixona tarmoqlarini tartibga solishdan oʻzini chetga oldi. Bundan tashqari, ushbu tashkilot mutasaddilari fuqaro sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishdan oʻta yiroq boʻlib,  dorixona ochish uchun farmatsevtik maʼlumot kerak emasligi toʻgʻrisidagi qonun loyihasi (mahalliy nou-hau)ni ommalashtirmoqda. Ularning fikriga koʻra, tibbiyot universitetlari talabalari ham dorixonalarni ochishi mumkin ekan.

Jahon tajribasi uchun gʻayrioddiy boʻlgan bu qaror tibbiy byurokratiya uchun tabiiy holdir. Dori-darmon yetkazib berish tizimining xususiylashtirilishi, birinchi oʻrinda, bu sohaga oʻzini otgan shifokorlar uchun serdaromad biznesga aylandi.

Bir necha yil davomida operatsiya oʻtkazish va kasallarni davolashni oʻrgangan shifokorlar nufuzli kasblarini tark etib, dori-darmon sotishni boshlashga qaror qilishdi.

Farmatsevtikada esa eng muhimi bu – tashkilotchilik va iqtisodiyot; tegishli oliygohda bu boʻyicha bir necha yil davomida taʼlim beriladi.

Ammo shifokorlik kasbini farmatsevtik biznes boshqaruvchisiga almashtirishga qaror qilganlar uchun ahamiyatlisi – tez va iloji boricha, katta foyda. Albatta! Dori vositalari importi va ularning ulgurji narxda dorixona tarmoqlari boʻyicha tarqatilishi mazali boʻlak boʻlib chiqdi.

Poliklinika yoki kasalxonada tinimsiz mehnat qilish, operatsiya qilish, operatsiyadan chiqqan bemorlarni kuzatish, kasbining natijasi uchun javobgar boʻlishning nima keragi bor?

Epidemiya yoki pandemiya davrida medikamentlarning zaxirasini strategik tashkil etishda hech nimani tushunmaydigan, farmatsevtika sohasini boshqarishiga ruxsat berilgan xirurg va terapevtlarning Covid-19 virusining dastlabki tarqalish bosqichlarida barcha ishni notoʻgʻri bajarishganiga hayron qolish kerakmikan?

Shifokorlar, nafaqat ular, quyidagilarni anglagan holda insonlar hayotini saqlab qolish uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar narxlarini yuqori daromad olish maqsadida oshirishda davom etishdi:

– bir tomondan, oddiy odamlar boshqa yoʻli yoʻqligidan, baʼzida oxirgi buyumlarini sotib yoki qarzlar girdobiga kirib, dori sotib olishga majbur boʻlishadi;

-boshqa tomondan, narx cheklovlarini hech kim nazorat qilmaydi.

Yaqindagina ulgurji kompaniyalar va dorixonalarning birgalikda foydasi narxning 20% idan oshmasligi belgilanib, aksariyat import qilingan dori-darmonlar bojxona omborlarida olib qolinar edi.

Mamlakatda amalda boʻlgan ulgurji farmatsevtik firmalar uchun bojxona imtiyozlari, soha narx siyosati ustidan qattiq nazorat dori vositalarining narxini sababsiz oshishiga toʻsqinlik qilar edi.

Qanday kuchlar ruxsat etilgan maksimal narxlarga taʼsir koʻrsatayotgan qonunlarni bekor qildi? Balki aksariyat oʻquvchilarimiz ushbu savolga javobni bilishsa kerak.

Covid-19 bilan mamlakatga oddiy xalqning keskin kambagʻallashuvi davri, shu bilan birga xususiy davolash-diagnostika va albatta, dorixona tarmoqlarining yuqori daromadli davri ham kirib keldi.

Yuqorida tilga olingan vazirlikning kabinetlarda oʻtiruvchi tibbiyot xodimlari ushbu holat boʻyicha koʻplab bahonalar topib berishadi.

Lekin bu bahonalar Toshkentdagi (bu istisno emas – bu TIZIM) turli dorixonalardagi dori vositalari narxlari oldida kuchsiz qoladi.

Bu bahonalar boshqa rivojlangan mamlakatlar, jumladan dori-darmon sotuvi biznes boʻlgan Yevropa Ittifoqidagi dori-tarmon taʼminoti amaliyoti oldida ham oson yengiladi.

Albatta, Navoiy-12da joylashgan ofisdagi mutasaddilarning ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish va tahlil qilish yoki jurnalistlar savollariga javob berish orqali OAV qonunchiligi ijrosini taʼminlashga vaqtlari yoʻq, qogʻozbozlik ishlari juda koʻp. Kuzatib, tahlil qilishganda edi, fuqarolarning dori-darmon taʼminotidan qanchalik norozi ekanliklarini baholay olishar edi.

Nima qilish zarur?

Oʻzbekistonda aholini dori-darmon bilan taʼminlash boʻyicha Milliy strategiya zarur.

Bunday Milliy strategiyani kim ishlab chiqishi kerak?

Aslo, Navoiy-12 ofisidagi tibbiyot xodimlari yoki farmatsevtika kompaniyalarida ishlayotgan shifokorlar emas.

Milliy strategiyani ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin boʻlgan barcha oʻzbekistonlik mutaxassislarni tizimdan chiqarib yuborishgan ekan, Germaniya, Niderlandiya, Belgiya yoki boshqa YI davlatlaridan dori-darmon taʼminotini tashkil etish boʻyicha mutaxassislarni taklif etish lozim. Bu davlat byudjeti uchun arzonroq va Milliy strategiya uchun ancha samarali boʻladi.

Muallif: Viktor Mixaylov