O‘zbekistonda bolalar saratoni. Davolanish imkoniyati bormi?

Pandemiya davrida bemorlarning ahvoli qanday?

O‘lishini bilardim, baribir uyimni sotib davolatdim!

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida saraton kasallikka chalingan bolalarning 80%i to‘liq tuzalmoqda. Bunda zamonaviy tibbiyot va malakali shifokorlar xizmati beqiyos. Qolaversa, hali yosh organizmning yashovchanligi ham yuqori bo‘ladi.

Bundan uch yil muqaddam (PQ-2866-son)  Prezident qarori bilan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga onkologik yordam berishni yana-da rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirishga O‘zbekiston Respublikasi byudjeti mablag‘laridan 32,5 milliard so‘m hamda xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari va grantlari hisobiga 144,1 million AQSh dollarini yo‘naltirish nazarda tutilgan.”

Qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi 100 ming aholiga onkologik kasalliklardan vafot etish ko‘rsatkichini 38,7 foizdan 35 foizgacha pasaytirish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni o‘smaga qarshi preparatlar bilan taʼminlashni 33 foizdan 90 foizgacha ko‘paytirish, aholining davolashning yuqori texnologik turlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplashni 70 foizgacha yetkazish imkonini berishi belgilangan edi. Biroq, bu yordam mablag‘lari ham kasallik bilan kurashda yetarlicha samaradorlikni taʼminlay olmayotgan ko‘rinadi. Bolalar saraton kasalligi bois, ko‘p o‘lim xolatlari kuzatilmoqda. Respublikada necha nafar bemor borligi va o‘lim xolatlari bo‘yicha maʼlumotlar olishni imkoni bo‘lmadi. Sababi sog‘liqni saqlash vazirligining saytidan axborotlar topa olmadik saytda ko‘rsatilgan telefon raqamlariga esa tushib bo‘lmadi (aniqrog‘i hech kim telefonni ko‘tarmadi).

Mazkur mablag‘larni sarflanishi va umuman sohadagi amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxovning bergan intervyusidagi gaplardan iqtiboslar keltirib o‘tamiz. “Qaysi mamlakatda onkologik kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichining yuqori bo‘lishi, shu yurtda tibbiyot uncha rivojlanmaganligi yoki shifokorlar yaxshi ishlamayotganligining belgisi emas. Aksincha, bu holat onkologik hizmatning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, tibbiyot muassasalarining yangi uskunalar bilan jihozlangani va zamonaviy diagnostikaning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani hisobiga ham bo‘ladi.”  Mayli bu gaplar ko‘proq o‘ta rivojlangan davlatlar tomonidan bildiriladigan fikrlar bo‘lsada qabul qilamiz. Aslida esa o‘zoq qishloqlarda oddiy tekshirishlar o‘tkazilishi ham muammo bo‘lgan xolatlarga shunchaki, ko‘z yumib turaqolamiz.

Yana iqtiboslarimizni keltirib o‘tamiz: “2017 yildan boshlab ximioterapevtik dori vositalari uchun yiliga 5,5 million AQSh dollari qiymatida mablag‘ ajratildi. Bu esa 2016 yilga nisbatan qariyb 5 barobardan ko‘p degani. Dori vositalari bilan taʼminot esa 12-15 foizdan 85-90 foizga yaxshilandi.” Bu maʼlumotlar 2020 yil uchun tayyorlangan materialda ishlatilgan bo‘lib, hech yo‘qi 2018 yilgi maʼlumotlar ham berib o‘tilmagan. Balki, 2020 yilda bu ko‘rsatkich birdan tushib ketgandur(!) chunki ota-onalarning dodini eshitganda boshqacha taʼsurot uyg‘onadi.

Markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxovning  bergan axborotlari ichida eʼtiborimizni tortgani “Eʼtiborli jihati, 2019 yilda markazimizda zamonaviy talablarga javob beruvchi yangi konsultativ-diagnostik markaz binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu binoda bemorlar va ular bilan birga kelganlar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan: elektron registratsiya, qabulga elektron yozilish imkoniyati, shinam kutish zali va registratura hamda barcha qulayliklarga ega mutaxassislar xonalari shular jumlasidan.” Bemorlar uchun ajratilgan mablag‘larga bunday “qulayliklar”ni yaratish shartmikan? (!)

Endi esa quyida bolalar saratoni bo‘yicha olib borgan kichik surishtiruvimizni eʼtiboringizga havola etamiz:

Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar bo‘limidagi masʼul shifokorlar bilan suhbat chog‘ida quyidagi asosiy muammolar aytib o‘tildi:

  1. Kadrlar muammosi. Boshqa sohalardan farqli ravishda onkologiya yo‘nalishida mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatiladi.
  2. To‘g‘ri va aniq tashxisda hamda davolashda zarur asbob-uskuna, inventarlarning yetarli emasligi, tibbiy apparatlarning doim ham zamonaviy, so‘nggi modeli qo‘llanmasligi.
  3. Aholining tibbiy savodxonligi yuqori darajada emasligi ham davolash ishlarida jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.
  4. Dori darmonlarning doim ham yangilangan turlari bilan davolash imkonining yo‘qligi. Sababi soha mutaxassislari tomonidan dunyoda chiqarilgan yangi dori avvalo tanishib chiqiladi keyin davlatga (tegishli tashkilotlarga deyilmoqda) buyurtma beriladi, so‘ng ko‘rib chiqaladi va tegishli mablag‘ ajaratilib olib kelinadi. Ungacha o‘rtada ancha vaqt o‘tib ketadi. Mana shu yo‘qotilgan vaqt oralig‘ida ko‘p xollarda yangi dori vositalari ishlab chiqariladi.

Maʼlumki, yurtimizda onkologik kasalliklar bilan xastalangan bemorning operatsiyasi hamda kimyo terapiyasi kurslari davlat tomonidan moliyalashtiriladi (yaʼni soliq to‘lovchilar mablag‘laridan). Umuman olganda, bemorlardan davolanish vaqtida ortiqcha xarajat talab qilinmaydi.

Aslida qanday? Ikkinchi tomonni eshitish maqsadida ko‘plab bemor va ularning yaqinlari bilan suhbatlashdik:

  1. Avallo, onkologiyada davolanishi zarur bo‘lgan bemor “order” olishi lozim. Aksariyat xollarda, ota-onalar bilan suhbat chog‘ida bilganimiz shu bo‘ldiki, buning ham o‘ziga yarasha yugur-yuguri, biroz “chiqim”i bor ekan.
  2. Kimyoterapiya kurslari yuqorida aytilganiday davlat hisobidan beriladi. Ammo bemor ahvoliga qarab, biroz kuchli yoki kamyob kimyoterapiya qilinishi lozim bo‘lsa, bunday dori vositalari odatda shifoxonada topilmaydi. Natijada bemor yaqinlari o‘zlari topib, xarid qilishga majbur bo‘lishadi. Bundan tashqari, yil boshi va oxirida dori-darmon bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi, 1-2 hafta davom etadigan uzilish davrida barcha dorilar bemor yaqinlari tomonidan xarid qilinishini shifokorlar ham taʼkidlashdi. Misol keltiramiz, Azizxo‘ja ismli bemor bolakay uchun har biri 40 dollar turadigan doridan 20 ta olishgan; Solihabonu ismli qizaloqning oxirgi kimyoterapiyasi shifoxonada mavjud bo‘lmagani uchun onasi Toshkent bo‘ylab har biri 1 000 000 so‘m turadigan dori qidirganini suhbat chog‘ida aytib o‘tdi.
  3. Bemor bolakaylarning har biriga alohida parvarish lozim. Yaxshi parvarish hamisha yaxshigina pulni talab qiladi.
  4. Bu eng muhim bandlardan biri. Aksar bemorlarni O‘zbekistonda operatsiya qilish imkonsiz. Ko‘p holatlarda kerakli uskunalar yetishmaydi. Shu sababli o‘z uyini sotib yoki xalqdan yordam so‘rab chetga operatsiya uchun ketayotgan bemorlar haqida eshitamiz. (Farzandim o‘lishini bilsamda uyimni sotib sarflayapman, bolam o‘zimga kerak!) Bu kabi bemorlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Suhbat chog‘ida ko‘plab ota-onalar xayriya fondlariga shu masala bo‘yicha murojaat qilganini maʼlum qilishdi.
  5. Chetda davolatishga imkoni bo‘lmagan eng so‘nggi bosqichdagi bemorlar so‘nggi pullarini turli tabiblarga yoki Amerika yoinki boshqa bir davlatda tayyorlangan qimmatbaho dorilar uchun sarflashmoqda. Shirin, Fotima kabi qizaloqlar ham so‘nggi oylarda aynan bir turdagi giyohdan tayyorlangan dori vositasi orqali davolanishga harakat qilgan. (afsuski, o‘tgan zamonda yozilmoqda(!)
  6. Bolalar protezlari butun respublika uchun muammoli masala. Sababi ular juda qimmat va bola katta bo‘lgani sayin unga mos bo‘lgan boshqa protezga yangilanib borishi lozim. Bunday protezlar O‘zbekiston hududida ishlab chiqarilmasligi tufayli maxsus buyurtma orqali chetdan xarid qilish bemor yaqinlaridan katta mablag‘ talab etadi.

Bu kabi bandlarni yana uzoq sanash mumkin. Bular bizning kuzatuvlarimiz. Mutaxasis nazorati ostida yaxshilab o‘rganilsa, yana o‘nlab sabablar topish mumkin.

Tizimdagi moddiy mablag‘ sarf-xarajati yana-da shaffof tarzda olib borilishi, hisobotlar barcha uchun ochiq ko‘rsatilishi lozim deb hisoblaymiz. Bu usul maqsadsiz sarflanishning oldini olishga yordam berishi mumkin. Sababi, mazkur qarorni yakunlanishiga yana bir yilgina vaqt qoldi biroq, mablag‘lar qanday sarflanayotgani va qayerga sarflanayotgani bo‘yicha esa arzirlik maʼlumot yo‘q.(!)

Ulkan sabr, katta mablag‘ talab etiladigan bu xastalikka yetarlicha eʼtibor qaratish lozim. Tizimdagi bu va boshqa muammolarga mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, kerakli islohotlar amalga oshirilishiga umid qilamiz.