Pekin Kremlning taktikasidan foydalanib dezinformatsion hujumni kuchaytirmoqda

Xitoy bu kampaniya doirasida “trollar fabrikasi” taktikasini qoʻllamoqda hamda yolgʻon maʼlumotlar va fitna nazariyalarini “tasdiqlash” uchun asosan Rossiya va Eronning davlat ommaviy axborot vositalariga tayanmoqda.

Karvonsaroy va AFP

PEKIN – Xitoy hukumati Kreml qoʻllab kelgan ishonchli taktikalardan foydalangan holda va unga oʻzining yangi hiylalarini qoʻshib fitna nazariyalarini tarqatish hamda bir qator bahsli mavzularda aybni oʻzidan soqit qilish maqsadida axborot urushini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Bir tomondan Pekin ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Xitoyda taqiqlangan platformalarda ham oʻzining diplomatik hozirligini kuchaytirmoqda va Xitoyning internetdagi obroʻsini shakllantirishda konfrontatsion yondashuv qoʻllamoqda.

Bir yarim yil avval Xitoy diplomatlarining YouTube, Google va Facebook qatori Xitoyda taqiqlangan Twitter tarmogʻidagi hozirligi sezilmas edi.

Hozirga kelib esa bu ijtimoiy platformadan 170 dan ortiq Xitoy elchixonalari foydalanmoqda, deb xabar bergan 28-oktabr kuni AQSHda joylashgan Brukings instituti tahlil markazi.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi soʻzchisi Chjao Litszyan 8-aprel kuni Pekinda savollarga javob bermoqda. Chjao Xitoy rejimi dezinformatsiyasining asosiy manbalaridan biri boʻlib kelgan. [GREG BAKER / AFP]

Shovinistik Xitoy kinofranshizasi nomidan olingan “Jangchi boʻri” atamasi bilan nomlangan bu diplomatlar ham ichki, ham tashqi masalalarda sarosima qoʻzgʻash va aybni oʻzidan soqit qilish maqsadida qarama-qarshi fitna nazariyalarini ishlab chiqmoqda .

Xitoy rejimining asosiy dezinformatsiya maydonlaridan biri COVID-19 bilan bogʻliq boʻlgan. Butun dunyo COVID-19 tufayli joriy qilingan karantin va oʻlim holatlaridan aziyat chekib turgan bir paytda, Pekin va uning OAV mashinasi Xitoyning bu borada qanday muvaffaqiyatlarga erishganini koʻz-koʻz qilishga urindi. Uxanda rejim tomonidan tashkil etilgan tadbir chogʻida birga rasmga tushayotgan ayollar, 27-avgust kuni olingan surat. [STR/AFP]

Pekinning bu choralari 2019-yil martda Gonkongda Xitoyga qarshi namoyishlarning avj olishi ortidan boshlandi va 2020-yil yanvarda Tayvanda prezidentlik saylovlari oldidan kuchayib, bir necha oydan soʻng butun dunyoda COVID-19 epidemiyasi tarqalishi bilan avjiga chiqdi.

Xitoy “Tayvandagi saylovlar va Gonkongdagi namoyishlarga javoban soʻnggi bir yarim yil ichida oʻzining internetdagi taʼsir oʻtkazish operatsiyalarida tajovuzkorlikka tayyor ekanini namoyish qildi”, degan edi iyun oyida Vashingtonda joylashgan Atlantika kengashi tahlil markazining raqamli kriminalistika tadqiqotlar laboratoriyasi rahbari Grehem Bruki New York Times nashri bilan suhbatda.

Kreml va Tehronga yon bosayotgan Pekin

Joriy yilning mart oyida Xitoy diplomatik akkauntlarning obunachilari 1 555 668 kishini tashkil qilgan boʻlsa, sentabr oyiga kelib, bu raqam 3 025 283 nafarga yetgan, deb xabar beradi Hamilton 2.0 loyihasi. U Rossiya, Xitoy va Eron hukumatlari rasmiylarining ijtimoiy tarmoqlar, davlatga qarashli OAV va rasmiy bayonotlarda targʻib qilinayotgan narrativlarining tahlili bilan shugʻullanadi.

Pekinning “jangchi boʻrilari” asosan hukumat qoʻllovidagi sayt va OAVdagi kontentni targʻib qilar ekan, Eron va Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari va gʻarb “inflyuyenserlari”dan “mustaqil” validatorlar sifatida foydalangan, deb xabar bergan Brukings instituti.

Bu “inflyuyenserlar” qatorida “Moskva va boshqa ittifoqchi mamlakatlar poytaxtlarida urugʻ otgan aksil-Amerika tashviqotlarida uzoq muddatdan beri ishtirok etgan muqobil OAV, jurnalistlar, soxta olimlar, faollar va fitna nazariyachilari” ham bor, deyiladi tashkilot xabarida.

Tahlil markaziga koʻra, “oʻzining vositachi inflyuyenserlar tarmogʻiga ega boʻlmagani sababli, Xitoy oʻz geosiyosiy manfaatlariga mos keluvchi aksilgʻarb xabarlarini tarqatish bilan bir qatorda, javobgarlikni oʻzidan soqit qilish va zohiriy haqqoniylikni namoyish qilish yoʻlida Rossiya, Venesuela va Eronning davlat OAVlari hamda rasmiy hukumat bayonotlaridan nusxa olgan”.

Hamilton 2.0 loyihasini yaratgan Qoʻshma Shtatlar Germaniya marshali fondi huzuridagi Demokratiyani taʼminlash alyansiga koʻra, 2019-yil noyabrdan beri Xitoy diplomatlari tomonidan retvit qilingan ommaviy axborot vositalarining beshtadan uchtasi (Xitoy hukumati qoʻllovidagi OAVdan tashqari) Eron yoki Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan.

Xabarga koʻra, Eronning “PressTV”, Rossiyaning “RT” va “SputnikNews” nashrlari uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi eng koʻp retvit qilingan OAV boʻlishgan.

Oʻtgan olti oy ichida “RT” va Venesuelaning “TeleSur” hisoblari Xitoy diplomatlari tomonidan eng koʻp retvit qilingan 10 talik ichida boʻlsa, “RT”ning ispan xizmati boʻlgan “Actualidad RT” va “Sputnik International” top 20 talik ichida boʻlgan, deya xabar bergan Brukings instituti.

COVID-19 oid dezinformatsiyaning olib tashlanishi

Xitoy oʻz tashviqotini yoyinlashda ijtimoiy tarmoqlardan agressiv va qatʼiylik bilan foydalanar ekan, ijtimoiy media-kompaniyalar ham bu harakatlarni cheklashda davom etmoqda. Ularga koʻra, bunday kampaniyalar koʻp hollarda uquvsiz yoʻsinda olib boriladi va ularni aniqlash oson.

Eʼtiborga molik voqealarning birida Xitoy tashqi ishlar vaziri Chjao Litszyan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) pandemiya tarqaganini eʼlon qilgan kunning ertasiga – 13-mart kuni oʻz Twitterida “epidemiyani pandemiyaning markazi boʻlgan Uxanga AQSH armiyasi olib kelgan boʻlishi mumkin”, degan tasdiqlanmagan daʼvoni eʼlon qildi.

Global Research Canada deb nomlangan mashhur kremlparast saytning blogiga havola berilgan bu tvit oʻndan ortiq xitoylik diplomatlar va elchixonalar tomonidan qayta ulashilgan. Bu daʼvoni yanada boʻrttirish uchun Xitoy davlat ommaviy vositalari bir qator xabarlar chiqarishgan.

774 mingdan orti obunachiga ega Chjao koronavirus Xitoyda emas, balki Qoʻshma Shtatlarda paydo boʻlgani haqidagi fikrlarni ilgari surgan konspiratsion veb-sayt maqolalarini ham ulashgan.

Shundan soʻng Twitter bu tvitlar va uning manbalarini zararli, spamga va zoʻravonlikka oid yoki chalgʻituvchi deb topgan.

11-iyun kuni Twitter Gonkongdagi namoyishlar va Xitoy kompartiyasining koronavirusga qarshi kurashiga oid soxta maʼlumotlarni tarqatish boʻyicha uyushgan harakatlarda “faol ishtirok etgan” 23750 ta akkauntni aniqlagan va oʻchirib tashlagan.

Xitoy xabarlarini retvit qilish va “layk” bosish orqali targʻib qilgan 150 mingga yaqin akkauntlar ham oʻchirilgan.

“Xitoy kommunistik partiyasi xitoyliklarga Twitterdan foydalanishga ruxsat bermagan holda, oʻz tashviqotini ilgari surish, dezinformatsiya tarqatishda undan bajonidil foydalanmoqda”, deb yozgan Avstraliya strategik siyosat institutining Xalqaro kiber siyosat markazi rahbari Fergyus Xenson. U Twitter bilan birgalikda akkauntlarni aniqlash ustida ishlagan.

“Mana shunga oʻxshash muntazam, yashirin va chalgʻituvchi taʼsir oʻtkazish operatsiyalari hukumat va partiya oʻz siyosiy kuchiga boʻlgan tashqi tahdidlarni qay darajada nishonga olishini namoyish qiladi, deb yozadi New York Times nashri.

Soʻnayotgan va rivojlanayotga kuchlar

Xitoy hukumati Rossiya va davlat qoʻllovidagi boshqa dezinformatsiya kampaniyalaridan foydalansa-da, u bunga boshqacha yondashadi.

Rossiyaning informatsion strategiyasi xaos va ayirmachilikni targʻib qilish bilan Gʻarbni obroʻsizlantirishdir.

Kreml Gʻarbdagi saylovlariga aralashuv, AQSHdagi irqiy va ijtimoiy masalalarni taroziga solish hamda bir necha marotaba Gʻarb olimlari va tibbiyotini obroʻsizlantirish orqali shunday qilishga urindi.

Pekin esa bundan farqli oʻlaroq, oʻzining global imijini tiklash bilan ovora – Xitoyni global koronavirus vaziyatida qahramon qilib koʻrsatish va Shinjondagi musulmon ozchilikka nisbatan olib borilayotgan hukumat siyosatining xalqaro miqyosda qoralanishiga qarshi eskirgan tashviqot kampaniyalari shular jumlasidandir.

“Har tomonlama oʻz qudratini yoʻqotayotgan Rossiya Gʻarbni obroʻsizlantirish va beqarorlashtirish orqali oʻzining zaifligini yashirishga urinmoqda”, deb xabar bergan Demokratiyani taʼminlash alyansi.

“Rivojlanayotgan Xitoy esa dunyodagi tartibni oʻz manfaatlariga mos qilib oʻzgartirishga intilmoqda”, deyiladi hisobotda.

Hujjatga koʻra, masalan, Xitoyning CGTN va CCTV kabi ommaviy axborot vositalarida namoyish qilingan videomateriallarning 50 foizdan ortigʻi Xitoy haqida boʻlsa, Rossiyaning “RT America” va “RT UK” kanallari kontentining 4 foizigina Rossiyaga oid boʻlgan. Rossiyaning mahalliy muammolari, madaniyati va siyosati haqida juda kam kontent efirga uzatilgan.

“Moskvaning asosiy maqsadi mamlakat ichidagi faollarda demokratik davlatlarga intilishni susaytirish, boshqaruvni qiyinlashtirish orqali ularni kuchsizlantirishdir”, deyiladi hujjatda.

Pekin ham “oʻzining avtoritar boshqaruviga alьternativ boʻlgan demokratik tizimlarning jozibasini kamaytirishni” istaydi, ammo buni “oʻz hukumati modelining kuchiga diqqat qaratish orqali amalga oshirmoqda”.

Manba