Poytaxtga kirib kelayotgan kontrabanda tamaki: A punktdan B punktgacha

Turkmanistondan Toshkentgacha kontrabanda aylanmasi tarixi

Bir necha kundan buyon “Amu-Buxoro kanalida harbiylar rezina eshkakli qayiqda yuk ko’tarib yurganlarga chegarachilar tomonidan havoga ogohlantiruvchi o’t ochishgani, qarama-qarshi qirg’oqdan noma’lum kishi, ehtimol, pompali miltiqdan Turkmaniston tomonga o’q uzgani, kanal o’rtasida qayiqda bo’lgan bir kishi suvga sakrab, o’zbek qirg’og’iga suzib ketgani, ish prokuraturaga yuborilgani va tergovchilar sigaretalar qayerga yetkazilganligi va qaysi chakana savdo do’konlari orqali sotilganligini aniqlashayotgani, ayni paytda hibsga olinganlarga ikki moddada – kontrabanda va qurolli qarshilik ko’rsatishda ayblov e’lon qilingani” to’g’risidagi xabarlar aylantirildi.

Shu erda ba’zi ma’lumotlarni keltirib o’tishni joiz topdik

Ayni paytda jurnalistlar Ashxobodda davom etayotgan sigareta yetishmasligi haqida xabar berishmoqda. Tamaki mahsulotlarini Turkmanistonda qonuniy sotish faqat davlat do’konlarida amalga oshirilishi mumkin. Biroq so’nggi ikki oy ichida sigaretalarni faqat shaxsiy do’konlardan sotib olish mumkin. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, sigaretalar Qizil yarim oy jamiyati orqali xususiy do’konlarga kirib boradi, ularning omborlari sigaret qutilari bilan to’ldirilgan bo’lib, jamiyatni amaldagi prezidentning singlisi Gulnabat Dovletova boshqaradi (avvallari noqonuniy tovarlar aylanmasi, kontrabanda mahsulotlarining “himoyachisi” sifatida Turkmanboshining o’g’li Murod Niyozov ko’rilarlar edi)

Turkmanistonga chetdan tovar kirib kelishi ham uni boshqa davlatga chiqib ketishi ham juda murakkab jarayon hisoblanadi. Lekin buning ham yo‘li bor. Tovarning chegaradan kirib kelishi va chiqib ketishi jarayonini hukumat boshqaruvida turgan elita “siyosatchi”larning oilasiga tegishli bo‘lgan shaxslar boshqaradi.

O‘zimizga kirib kelish tarixi

Endi O‘zbekiston tomonidagi mazkur kontrabanda mahsulotlarining aylanishi bo‘yicha maʼlumotlarni tarixi bilan keltirib o‘tsak (bu maʼlumotlar bevosita shu “biznes” bilan shug‘ullangan shaxsdan olindi uni shartli ravishda B. deb ataymiz). Kontrabanda yo‘li bilan kirib kelayotgan sigaretalar biznesi doimo katta foyda olib kelgan, hamisha xaridorgir. O‘zimizda UzBATdan chiqarilayotgan sigeratelardan ko‘ra chekuvchilar qo‘shnilarimizdan olib kelingan tovarga ishqiboz. Qimmat bo‘lsa ham qidirib yurib shu sigaretalarni sotib olishadi. Bu mahsulotlarni asosiy olish joylari (“tochka”lari) Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari bo‘lsa, ikkinchi qo‘l sifatida Navoiy va Samarqand viloyatlari sanaladi. Sigeratalarni nafaqat Turkmaniston chegarasidan balki, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston chegarasidagi viloyatlardan ham topsa bo‘ladi.

Sotuvchilar va talabgorlar

Endi poytaxtga qanday olib kelish bo‘yicha baʼzi maʼlumotlar: Toshkentda “Chorsu” bozori yoki Zangiota tumanidagi chegara hududida chakana savdosi olib borilar edi o‘sha paytlari (o‘tgan zamonda aytilayotgani bu avvallari shunday edi, ayni vaqtda qayerda olib borilatyoganidan xabarim yo‘q, balkim o‘sha yerlardadur, B.ning aytishicha). Donachilar va optomchilar “eski shahardagi” mahallalarda oldi-sotdini amalga oshirar edi, ya’ni donachilar “Chorsu” bozoridam “optomchilar”  esa mahallardagi uylarda.

Qashqadaryodan olib kelish bo‘yicha sxema

Qarshi tumanida juda ko‘p mahallalar aynan mana shu sigareta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadi. Chunki mahsulotlarni hech qachon birinchi olib kelgan shaxsning o‘zidan olishni imkoni yo‘q. Toshkentga olib kelib sotilgunga qadar kamida uchinchi “qo‘ldan” o‘tgan tovarga aylanadi. Sababi chegaradan olib kelib beruvchilar hech qachon begona odamga mol sotmaydi, ishonchga kirgan “o‘rtachiga” beradi, o‘rtachi mahalladan yana bir odam topadi unga mol olib kelib uyiga tushiradi (hammasini emas albatta). Ana o‘sha odam sizga mahsulotni sotadi. Yuqoridagi chegaradan olib keluvchi bor ediku u ham Turkmaniston chegarasida sotuvchi bilan ajoyib oldi-berdi qiladi. Chegaradan sigareta solingan qoplarni sotib oluvchilarga otishadi va ular esa o‘z navbatida pul solingan xaltalarni uloqtirishadi (oldi-sotdi chegarani quruqlikdagi joyida amalga oshiriladi). Chegarachilar juda “qattiq” sezib qolishmasliklari uchun moshinalarni faralarini o‘chirib qo‘ygan holda harakatlanib, o‘z manziliga jo‘naydilar. Bir bir yuqorida tanishganimizdek reydlar tashkil etilib, sanoqli donalarda qutilardagi sigaretalarni ushlab olishadi (negadir kelishilib olinganidek ko‘p hollarda katta partiyalar emas, yangi ish boshlaganlar qo‘lga tushadi).

Buxorodan olib kelish bo‘yicha sxema

Toshkent-Termiz yo‘nalishi bo‘yicha poyezd orqali chegara hududidan o‘tayotgan paytda, poyezdning o‘zida (20-40 daqiqalik to‘xtash joyida) oldi-sotdi amalga oshiriladi.

Olingan tovarni Toshkentga olib kelishda esa provodniklar bilan kelishgan holda, yo‘lovchilarga beriladigan postellar solingan qoplarga sigerata qutilari joylashtiriladi. Yo‘lda tekshirish uchun chiqadigan chegarchilardan eson-omon olib o‘tishga puxta tayyorgarlik ko‘riladi. Aksariyat hollarda belgilangan stavkalar yo‘l-yo‘lakay to‘lab o‘tiladi. Toshkentga yaqin qolganda qoplar oldindan reja qilingan joylarga uloqtiriladi va sheriklar tomonidan mashinalarga yuklab, olib ketiladi. Maʼlumotlarni berayotgan B. poyezdda tovar olib kelish boshqa variantlarga qaraganda ancha qiyinroq bo‘lishini aytib o‘tdi. Yo‘nalishdagi avtobuslarda olib kelish nisbatan osonroq va xavfsizroq kechadi. Chunki yo‘ldagi postlar bilan kelishish osonroq, belgilangan stavka berib o‘tib ketilaveriladi. Baʼzida qurbonliklar ham berib turiladi.

Qo’rqmaslar…

E’tibor berdingizmi, tarqatilgan axborotda chegarchilarning ogohlantiruvchi o‘qiga javob qaytarib o‘q uzishgan va qochib ketishga harakat qilishgan. Savol tug‘iladi –  ulardagi qurolning mavjudligi va bu “shijoat”ni… mol achchig‘i – jon achchig‘i deymizu, baribir davlatdan qo’rqmaslik darajasiga yetib kelishni qanday tushunish mumkin? Yillar o‘tsa-da bu noqonuniy savdo to’xtamayapti, reydlar muntazam o’tkazilayotgan bo’lsa ham “biznes”ni haligacha barham topmayapti. Hududlarda “biznesi” to‘liq yo‘lga qo‘yilgan mahallalar, doimiy poytaxtga oqib kirib kelayotgan kontrabanda mahsulotlari …. Kishini o‘ylantirib qo‘yadi baribir.

Milliy mahsulot…

Qizig‘i shundaki, poytaxtimizda joylashgan UzBAT tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari chekuvchilar tomonidan “achiqligi” va “yoqimsizligi” ko‘p bora tanqidga olib kelinadi. Talab, ehtiyoj bor joyda qanchalik qiyin bo‘lmasin baribir taklif beriladi. Shuning uchun qo‘shnilarimizda ming qiyinchilik yo‘llari bilan bo‘lsada kirib kelayotgan tovarlar oqimi to‘xtamaydi. Material tayyorlash mobaynida UzBAT saytini kuzatgan edim, umuman boshqacha maʼlumotlarga duch keldim. “BAT Group Yevropa Ittifoqidagi zavodlariga o‘zbek xomashyo tamaki mahsulotlarini etkazib berishni boshlashga qaror qildi” degan xabarga ko‘zim tushdi. Yana bir gap, qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston va Turkmanistonga 2018 yildayoq tayyor mahsulotni (sigaretani) eksport qilinishi boshlangan ekan… Yevropaga ham yuborilayotgan xom oshyodan o‘zimizda ham tuzukroq mahsulot chiqarsa bo‘lmas ekanmi?

mana shunaqa gaplar (!)