Qirgʻiziston saylovlar oldidan Rossiya va Xitoy bosimiga duch kelmoqda

Iqtisodiy va siyosiy jihatdan zaif Qirgʻiziston hokimiyat almashuvini demokratik saylovlar orqali qonuniy ravishda amalga oshirar ekan, Moskva va Pekinning kuchli bosimiga duch kelmoqda.

BISHKEK – Qirgʻiziston hokimiyat almashuvini yanvar oyiga belgilangan saylovlar orqali qonuniy ravishda amalga oshirishga urinar ekan, Moskva va Pekinning kuchayib borayotgan bosimiga qarshi kurashga majbur boʻlmoqda.

Qirgʻiziston juda zaif holatda qolmoqda, Rossiya va Xitoy rejimlari oʻz maqsadiga erishish uchun iqtisodiy va siyosiy bosimni kuchaytiradi, deb ogohlantiradi kuzatuvchilar.

Oktabr oyidagi bahsli saylovlar ommaviy noroziliklarga aylanib, Kremlga yaqin deb koʻrilgan prezident Sooronbay Jeyenbekovning isteʼfosiga sabab boʻlar ekan, Moskva Bishkekdagi siyosiy muhit ustidan nazoratni tiklashga urinmoqda.

Rossiya rejimi Qirgʻizistondagi siyosiy jarayon ustidan nazoratni tiklashdan manfaatdor va bu borada Bishkekdagi yangi hukumatga yetarlicha taʼsir oʻtkaza oladi, deydi Bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

Bu bosimning dastlabki alomatlari oʻtgan oy Qirgʻizistondagi siyosiy inqiroz avjiga chiqqan mahal – 4-oktyabr kungi saylovlarning rasmiy natijalariga qarshi norozilik namoyishlari Jeyenbekovning hokimiyatdan chetlatilishiga olib kelganidan soʻng paydo boʻlgan.

14-oktabr kuni “RBK” axborot agentligi Rossiya hukumatidagi manbalariga tayanib, Qirgʻizistondagi “siyosiy vaziyat barqarorlashmagunicha” Moskva Bishkekka moliyaviy koʻmak bermasligini maʼlum qildi.

Rossiya rejimi oʻz moliyaviy yordamini Qirgʻiziston unga har qachongidan ham muhtojroq boʻlgan paytda toʻxtatib qoʻygan.

14-noyabr kuni Kreml Qirgʻizistonga moliyaviy yordamni qayta tiklashini Moskvada Qirgʻizistonning oʻsha paytdagi bosh vaziri birinchi oʻrinbosari, rus millatiga mansub Artem Novikov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Dmitriy Kozak oʻrtasidagi uchrashuvdan keyin eʼlon qildi.

Sadir Japarov yanvarda boʻlib oʻtadigan prezident saylovlarida ishtirok etish maqsadida bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi lavozimini tark etgach, Novikov 15-noyabr kuni bosh vazir vazifasini bajaruvchi boʻldi.

Keyinroq Kreml rasmiylari bilan muhim muzokaralar oʻtkazgan etnik rusning oliy darajali lavozimga tayinlanishi Moskvaning Bishkekka qanday bosim oʻtkazayotganini koʻrsatadi, dedi Suranchiyeva.

Novikovga oʻxshagan etnik ruslar Qirgʻiziston aholisining atigi 5,5 foizini tashkil qiladi.

“Hozirda Qirgʻiziston pandemiya sababli [hukumat tarafidan joriy qilingan] karantindan soʻng ogʻir moliyaviy ahvolda, inqilobiy hodisalar esa u yerdagi vaziyatni yanada murakkablashtirdi”, dedi Suranchiyeva COVID-19 nazarda tutib. “Buning ustiga, saylovlar yaqinlashmoqda.”

Kreml shuningdek, Qirgʻiziston rahbarlariga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir oʻtkazishga urinmoqda.

Kuzatuvchilarning Japarov uchun gʻalaba muqarrar ekanligiga ishonchi komil, bundan Rossiya rasmiylari va hattoki Putinning oʻzi ham nima uchun u bilan muloqotni yoʻlga qoʻygani oydinlashadi.

Namoyishchilar 6-oktabr kuni Japarovni ozod qilib, Qirgʻiziston rahbariyatining choʻqqisiga koʻtarguniga qadar u 2017-yilda odam oʻgʻirlash ayblovi bilan qamoq jazosini oʻtagan.

12-noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashgan Japarov oradan ikki kun oʻtib, prezidentlikka nomzodini koʻrsatish uchun ikkala rahbarlik lavozimini tark etgan.

Qirgʻiziston hukumati ushbu telefon suhbatining qisqacha mazmuni bayon qilingan press-reliz chiqardi.

“Ular oʻzaro hamkorlik masalalari, jumladan, integratsiyalashuvga qaratilgan ittifoqlar doirasidagi hamkorlikni muhokama qildilar”, deyiladi sobiq Sovet davlatlarini Kreml nazoratida ushlab turishni koʻzlovchi Rossiya boshchiligidagi tashkilotlar zikr qilingan press-relizda.

Qirgʻiziston bu kabi bir nechta tashkilot, jumladan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi aʼzosi hisoblanadi.

Biroq, telefon suhbati, koʻp ehtimol bilan, Qirgʻizistondagi siyosiy voqealar, jumladan, konstitutsiyaviy islohotlar va yaqin oylarda boʻlib oʻtadigan parlament (dekabr) va prezident (2021-yil yanvar) saylovlari bilan bogʻliq rejalarga bagʻishlangan, deydi kuzatuvchilar.

Oʻzaro ayblovlar

Rossiya rejimi Qirgʻizistonda yuz berayotgan siyosiy voqealardagi rolini kuchaytirish orqali tikkan narsalarini himoya qilmoqda, dedi Bishkekdagi “Polis Asia” tahliliy markazi direktori Elmira Noʻgʻaybayeva.

Ammo, Jeyenbekovning isteʼfosi parlamentga aynan rossiyaparast siyosiy partiyalar kelishini xohlamagan xalqning noroziligi sabab yuz berdi, dedi u.

Bu Moskvani xavotirga solmaydi, deydi u.

“Rossiya barcha noroziliklarni Gʻarb davlatlari qoʻzgʻagan deb hisoblaydi”.

Aholisi Kremlga doʻst avtoritar rejimlardan charchagan mamlakatlardagi siyosiy gʻalayonlar fonida Moskva yana sinalgan taktikani qoʻllamoqda – aybni tashqi dushmanga agʻdarish .

Qirgʻiziston xalqi 4-oktabr kungi saylov natijalarini bekor qilish talabida namoyishlar boshlashi bilan, Rossiya rasmiylari va Kreml nazoratidagi OAV “tashqi kuchlarning Rossiyaga qarshi hiylalari” haqidagi fitna nazariyasini ilgari sura boshladilar.

Xorijlik tahlilchilarga koʻra, Kreml “ittifoqdosh mamlakatlarga” nisbatan yanada tajovuzkor pozitsiyaga oʻtgan.

Kreml yumshoq kuch ishlatish va boshqa mamlakatlarning iqtisodiy qaramligini kuchaytirishdan MDHning boshqa aʼzolariga nisbatan taʼmagirlik qilishga oʻtgan, deb yozadi kiyevlik siyosatshunos, “Ukraina barometri” ijtimoiy soʻrovlar agentligi rahbari Viktor Nebojenko 13-noyabr kuni Glavred.info nashrida.

“Kreml Rossiya bosimi ostidagi mamlakatlarga takabburlik bilan buyruq berib, Rossiyaga qarshilik qilmaslik va faqat u bilan doʻst boʻlish kerakligini uzil-kesil anglatmoqchi”, dedi Nebojenko.

Xitoy Qirgʻizistonning qarzidan foydalanmoqda

Bu orada Qirgʻizistonning ogʻir iqtisodiy holati COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash kabi kundalik muammolar tufayli ham Bishkekni yordam soʻrashga majbur qilmoqda.

Oʻtgan bir necha hafta davomida virus va boshqa kasalliklarga chalinganlar hamda oʻlim holatlari soni koʻpaygan. Sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari esa vaziyatning yanada ogʻirlashishini bashorat qilishmoqda.

Kuchayib borayotgan inqiroz fonida Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi dushanba (16-noyabr) kuni Xitoy hukumatidan Qirgʻizistonning yirik qarzini yengillashtirishni soʻradi va buning evaziga Qirgʻizistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalari va korxonalarini himoya qilishga vaʼda berdi.

Pekin hozircha bu soʻrovga javob bermadi.

Bu Xitoy hukumati Qirgʻizistonning qarzini yumshatishdan bosh tortishi bilan bogʻliq ilk holat emas. Qirgʻiziston rahbarlari avval ham bir necha bor Pekindan qarzni yengillatishni soʻragan, ammo bu natija bermagan edi.

“Xitoy Qirgʻizistonning qarzini hatto mamlakatdagi halokatli vaziyatni hisobga olganda ham kechiktirmasligini yoki umuman voz kechmasligini aniq koʻrsatib qoʻydi”, deb yozadi bishkeklik tahlilchi Ayderbek Kusagaliyev 26-sentabr kuni “Exo Kirgizistana” saytidagi blogida.

Iqtisodiy muammolar va siyosiy notinchlik mamlakatda yanvar oyi va undan keyin boʻladigan voqealarda Pekin uchun taʼsir vositasi boʻlib xizmat qilishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

“Agar Markaziy Osiyo mamlakatlari qarzlarni qaytara olmasa, konlar va yer hududlari Xitoy ixtiyoriga oʻtishi tayin. Mintaqadagi ayrim mamlakatlar shunday qilib boʻldi”, dedi Bishkekdagi “Global Technology Solutions Co.” kompaniyasi rahbari, iqtisodchi Iskender Sharsheyev.

Masalan, 2018-yil bahorda Tojikiston Xitoyga qarzlari evaziga tilla konini topshirgan.

Pekin Markaziy Osiyo mamlakatlariga kelajakdagi daromadni koʻzlab emas, balki garov sifatida talab qilinadigan uglevodorodlar va boshqa foydali qazilmalarga ega boʻlish uchun yirik kreditlarni taqdim etadi, deydi Bishkeklik tadbirkor Ayan Risqulov.

Kanat Altinbayev

Manba