Qirgʻiziston ustidan nazoratini yoʻqotgan Rossiya siyosiy gʻalayonlarda “tashqi kuchlarni” ayblamoqda

Sobiq sovet respublikalaridagi siyosiy oʻzgarishlar, jumladan, Qirgʻizistonda oktyabr oyida yuz bergan inqilob Kremlni ranjitib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni himoyalanishga majbur qilmoqda.

BISHKEK – Aholisi Rossiyaga doʻst avtoritar rejimlardan charchagan mamlakatlardagi siyosiy gʻalayonlar fonida Moskva yana sinalgan taktikani qoʻllamoqda – aybni tashqi dushmanga agʻdarish.

10-noyabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotining onlayn sammitini ochar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarus, Qirgʻiziston va Moldovaga nisbatan “tashqi kuchlarning bosim oʻtkazishga urinishi” qabul qilib boʻlmaydigan holat ekanini aytdi, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.

Belarusga “tashqi kuchlar taʼsir oʻtkazmoqda”, sobiq Ittifoqning boshqa ikki respublikasi – Qirgʻiziston va Moldova ham “tashqi bosimga” duch kelmoqda, dedi u.

Oktyabr oyida yuz bergan inqilobdan soʻng Bishkekda Kremlning aksilgʻarb tashviqoti kuchaya boshlagan.

4-oktyabr kungi parlament saylovining bahsli natijalari ortidan Qirgʻizistonda ommaviy noroziliklar boshlanib ketdi, namoyishchilar hukumat binolarini egallab oldilar, prezident Sooronbay Jeyenbekov isteʼfoga chiqdi, sobiq parlament deputati Sadir Japarov esa qamoqdan ozod qilinib, muvaqqat bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Inqirozning avj pallasida Moskva Qirgʻizistonga moliyaviy yordamini toʻxtatib qoʻydi, bunga yangi hukumatning Kreml koʻrsatmalarini bajarmay, mustaqil qarorlar qabul qilgani, jumladan, Putinga sodiq Jeenbekovning isteʼfosini talab qilgani sabab boʻldi.

Bu voqealardan keyin, 23-oktyabr kuni Moskvada Rossiya va Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi matbuot anjumani chogʻida Rossiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari Sergey Lavrov qirgʻiz tilida savol bergan qirgʻizistonlik jurnalistlarga qoʻpol javob qaytargan.

“Siz mezbonning hurmatini joyiga qoʻyishingiz kerak, maylimi? Har jihatdan”, dedi u haqoratomuz hazil ohangida.

“Mezbon” soʻzi rus tilida “xoʻjayin” maʼnosini ham anglatadi.

Qirgʻiz delegatsiyasi oktyabr oyidagi muzokaralarda hech qanday ahamiyatli natijalarga erisha olmadi.

“Tashqi kuchlar fitnasi”

Qirgʻizistondagi geosiyosiy muvaffaqiyatsizliklarini oqlashga urinayotgan Kreml aybni boshqalarga agʻdarish uchun dezinformatsiya kampaniyasi boshlagan koʻrinadi.

Qirgʻiziston xalqi 4-oktyabr kungi saylov natijalarini bekor qilish talabida namoyishlar boshlashi bilan, Rossiya rasmiylari va Kreml nazoratidagi OAV “tashqi kuchlarning Rossiyaga qarshi hiylalari” haqidagi fitna nazariyasini targʻib qila boshladilar.

“(Qirgʻizistonda) oʻtkazilgan parlament saylovlarining shaffofligiga hech qanday shubha yoʻq, norozilik namoyishlari esa tashqi kuchlarning rangli inqilobni amalga oshirishga urinishidir”, dedi Rossiya davlat dumasi deputati Mixail Sheremet. Bu haqda Rossiyaning “RIA Novosti” davlat axborot agentligi 5 oktyabr kuni xabar bergan.

“Aminmanki, biz eng yaqin qoʻshnilarimiz va ittifoqchilarimizning hududida yuz berayotgan demokratik jarayonlarga tashqi kuchlarning aralashishga urinayotganini koʻrmoqdamiz”, dedi Sheremet.

U Qirgʻiziston xalqiga murojaat qilib, provokatsiyaga berilmaslikka va Qirgʻizistondagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan har qanday tashqi urinishlarning oldini olishga chaqirdi.

Qirgʻiziston “Gʻarb demokratiyasi tamoyillarini unga begona zaminga majburan oʻtkazishga urinish bilan bogʻliq xavfli vaziyatga misoldir”, degan edi Rossiyalik jurnalist Anatoliy Nesimyan 5-oktyabr kuni oʻzining “Parafraz” mualliflik koʻrsatuvida Moskvaning pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlab.

“Namoyishchilar oʻzgarishlarni talab qilmoqdalar va endi eski qoidalar bilan oʻynashni istamayaptilar”, deb tan olgan Kreml tashviqotining taniqli jarchisi boʻlmish NTV telekanali 11-oktyabr kuni efirga uzatilgan lavhada.

Shunday boʻlsa-da, rossiyalik jurnalistlar “tashqi kuchlar”ning Rossiyaga qarshi kirdikorlari toʻgʻrisidagi asossiz fitna nazariyalaridan oʻzlarini tiya olmaganlar.

“Hozirda hammasi gʻalati tarzda Bjezinskiyning shaxmat taxtasini eslatib yuboryapti, Rossiyaning barcha chegaralarida, gʻarbda – Belorusiyada, janubda – Kavkazda va bu yer – Markaziy Osiyoda tanglik yuzaga kelgan”, deyiladi lavhada AQSHning milliy xavfsizlik boʻyicha sobiq maslahatchisi Zbignev Bjezinskiyni nazarda tutib.

Sovet zamonini eslatmoqda

Ammo Markaziy Osiyolik kuzatuvchilar bunday fitna nazariyalarini asossiz deb hisoblaydilar.

Rossiya rejimi oʻz geosiyosiy manfaatlari doirasidagi mamlakatlarda yuz berayotgan inqilobiy voqealarni mavhumlik bilan umumlashtirib baholayapti, deydi Bishkekdagi “Polis Aziya” tahliliy markazi rahbari Elmira Noʻgʻaybayeva.

“Mitingga chiqqan odamlar erkin boʻlishga intilmoqdalar”, dedi u Kremlning ayblovlari, eng avvalo, “ibrat boʻlishi uchun” rossiyalik auditoriyaga qaratilganini taʼkidlab.

“[Rossiyaning] bunday axborot urushi hamma muammolar “imperialistlar fitnasi” va “chet el josuslari” bilan izohlanadigan Sovet zamonini eslatib yubormoqda, lekin dunyo allaqachon oʻzgargan”, deydi Noʻgʻayboyeva.

Voqelik shuki, qirgʻizistonliklar hukumatdan tobora koʻproq norozi boʻlib bormoqda va oʻzgarishlarni istayapti, ommaviy noroziliklarga aynan shu narsa sabab boʻldi, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi Talgat Ismagambetov.

“Rossiyaning oʻzi larzaga kelmoqda, chunki uning oʻz muammolari bor, jumladan oʻz hukumatidan xuddi shunday charchagan xalq”, dedi u. “Putin rejimi oʻz imkoniyatlaridan foydalanib boʻldi va endi uni qayta formatlash kerak”.

Putinning avtoritar rejimi ikki narsaga tayanadi: iqtisodiy muvaffaqiyatlar va tashqi dushmanni belgilash, deydi Ismagambetov.

“Rossiyada hech qanday iqtisodiy rivojlanish yuz bermayotgani sababli, Putin Gʻarb sanktsiyalariga koʻproq mos keladigan ikkinchi omildan foydalanmoqda”, dedi Ismagambetov va Qrimni noqonuniy anneksiya qilganidan beri Moskvaga nisbatan amalda boʻlgan sanksiyalarga ishora qilib. “Bundan tashqari, Putinning ritorikasi bizni boshqa narsalar qatori qudratimiz sababli hurmat qilishlariga kerak, degan gʻoyaga qaratilmoqda.”

“Biroq, amalda esa Rossiya hattoki oʻz ittifoqchilari deb hisoblagan mamlakatlardagi inqirozni ham boshqara olmayapti, Qirgʻiziston, Belarus va Togʻli Qorabogʻdagi voqealar shuni koʻrsatmoqda: bu Rossiya razvedka idoralarining jiddiy xatolari oqibati”, dedi u.

Kanat Altinbayev