Sandu g‘alaba qozondi, Putin-chi?

Xabaringiz bor, Moldovada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida sobiq bosh vazir Mayya Sandu 57 foizdan ortiq ovoz olib g‘alaba qozondi.

Rossiyaparast Igor Dodonni 42 foizdan ziyod elektorat vakillari qo‘llab-quvvatlagan. Unga RFning sobiq prokurori Chayka oilasi tomonidan jalb qilingan kadrlar va mablag‘lar ham, FXX liniyasi bo‘yicha yuborilgan moliyaviy ko‘mak va siyosiy texnologiyalar ham, qolaversa, o‘zi tuzgan “orzular jamoasi” ham yordam bera olmadi.

Sanduni esa ushbu muvaffaqiyat bilan qator davlatlar rahbarlari, jumladan, RF prezidenti Vladimir Putin ham tabriklashga ulgurdi. Qutlovlar yo‘llash va qabul qilish yaxshi, albatta. Ayniqsa, samimiy bo‘lsa! Gap esa boshqa yoqda. Bugun bir qator ekspertlar Dodonning mag‘lubiyatini Rossiyaning mintaqaviy siyosatidagi mag‘lubiyati o‘laroq eʼtirof etishayotir.

Sababi, ruslar Ukrainadan so‘ng Janubi-Sharqiy Yevropadagi yana bir “richag”idan ayrilmoqda, deyishyapti ular. Taʼkidlanishicha, endi Moldova Respublikasi neytral-rossiyaparastlik yo‘nalishidan uzoqlashib, Yevropa orbitasi tomon keskin yaqinlashadi, ruminparast davlatga aylanadi.

Ammo bunday xulosaga kelishga hali erta ko‘rinadi. Boisi, parlamentdagi kuchlar nisbati hozircha Dodon foydasiga. Uning partiyasi qonun chiqaruvchi organda 37 ta o‘ringa ega. 101 deputatdan bor-yo‘g‘i 14 nafari Sandu tarafdorlari hisoblanadi.

Ammo yangi prezident parlamentni tarqatib yuborish yo‘lini, albatta, topajagini bildirgan. Masalan, kelgusi yil bahor yoki kuz arafasida deputatlar saylovlari o‘tkazilishi mumkin.

Kezi kelganda aytish joiz, ayni paytda moldov jamiyatida sobiq ittifoq davrida tug‘ilgan katta yoshli insonlarning taʼsiri katta. Ular esa hamon firoq kayfiyatida bo‘lib, ko‘pchiligi yevropalashuvga tish-tirnog‘i bilan qarshi.

Shu bois Sandu o‘z orzusidagi integratsiyada o‘ta shoshmasligi aniq. Uning sixni ham, kabobni ham kuydirish niyati yo‘q. Axir hokimiyatga zo‘rg‘a erishdi. Shuning uchun bir necha bor Moskva bilan muloqotga tayyor ekanligini oshkora eʼlon qildi. Va bu boradagi asosiy masalalarni ham sanab o‘tdi.

Xususan, moldovlik vino ishlab chiqaruvchilar Rossiya bozorida hamon o‘z o‘rnini tiklay olgani yo‘q. Sandu bu masalaga hammaga bir xil imkoniyat berib, kompleks yondashish kerakligini aytib o‘tdi. Dodon paytida faqatgina xos “vinochi”larga tashqi bozorlarga chiqish uchun imtiyoz berilgan.

Sharob o‘z yo‘liga. Lekin har ikki tomonni har xil maʼnoda tashvishga solayotgan asosiy masala bu — Dnestrbo‘yidagi rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan bog‘liq. Sandu mamlakati uchun og‘riqli bo‘lgan ushbu masala bo‘yicha ham muloqotni faollashtirishga vaʼda bergan. U tinchlikparvarlar faqatgina Rossiyadan emas, bir nechta davlatdan bo‘lishi kerak, degan fikrda. Shunday paytda Tog‘li Qorabog‘ning kelajagi haqida o‘ylaging keladi.

Xullas, Mayya xonim uchun siyosat endi Dodon kabi faqat Rossiyadan iborat bo‘lmaydi. U ko‘p qirrali tashqi siyosatni tanlab, nafaqat Moskva, balki Kiyev, ayniqsa Buxarest bilan aloqalarni rivojlantirmoqchi.

Rasmiy Kreml ham Moldovaning istalgan prezidenti bilan ishlashga tayyor ekanligini, ammo ular tomonidan tanlangan ustuvorliklar siyosat sifati hamda shiddatiga taʼsir qilishi mumkinligini bildirgan.

Mayya Sandu aslida kim o‘zi?

Quyida u haqidagi eng muhim faktlarni qisqacha keltirib o‘tmoqchimiz:

  • Mayya Sandu 1972 yilda Moldovaning Faleshtida dunyoga kelgan. Mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi. 2010 yilda Jon Kennedi nomidagi Garvad davlat boshqaruvi institutini tamomlagan. 2012 yilgacha Vashingtonda Jahon banki ijrochi direktori maslahatchisi bo‘lib ham ishlagan.

Shu yili o‘z mamlakatida hukumatni shakllantirgan Liberal-demokratlar partiyasi taklifiga ko‘ra, Kishinyovga qaytib, taʼlim vaziri lavozimiga tayinlangan. Mazkur davrda milliy imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha yangi reglament qabul qilingan. Tillarni o‘rgatish tartibi o‘zgartirilgan. Xususan, rus tilini o‘qitish fakultativ darajagacha tushirilgan.

“Men hammaga shu narsa tushunarli bo‘lishini istardim: men uchun inson huquqlari eng muhimi… Hech kim rus tiliga qarshi hech narsa qilmoqchi emas”, — deya munosabat bildirgan bunga u.

Sandu yevrointegratsiya tarafdoridir. Uning fikricha, rivojlanishning yevropacha modeli Moldovaga eng yaqini hisoblanadi. U 2015 yilda o‘zining “Mayya Sandu bilan qadam tashla” partiyasini tuzib, keyinchalik nomini “Harakat va birdamlik” deya o‘zgartirdi. 2016 yilda ham aynan shu partiyadan nomzod sifatida qatnashgan, biroq ikkinchi turda Dodonga yutqazib qo‘ygandi.

2019 yilda yarim yil bosh vazirlik ham qilgan. Shunday qilib Moldova siyosatini demokratlar va boshqa partiyalar vositasida ko‘p yillar davomida boshqarib kelgan biznesmen hamda oligarx Vladimir Plaxotnyuk hukmronligiga chek qo‘yilgandi.

Kriminal tarixga ega siyosatchi esa o‘ziga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishidan qo‘rqib, xorijga qochib ketgan (so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, uning taʼsiri hamon o‘z mamlakatida saqlanib qolgani uchun shu kunlarda Moskva u bilan muloqotni qayta tiklagan).

«Qo‘shnilarimiz — Ukraina va Ruminiya, barcha hamkorlarimiz gaplashishni xohlaydigan prezident kerak», — deya bejiz taʼkidlamagandi Sandu saylovdan oldin.

«De-fakto Qrim Rossiyaga tegishli. Yuridik jihatdan esa tan olinmagan», — degandi u 2016 yil. U Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini alohida qayd etgan.

Sanduning fikricha, Moldova va Ukraina bitta geosiyosiy bog‘lamda joylashgan.  U Rossiya bilan aloqalarni, xususan, RFda yashayotgan fuqarolar farovonligi uchun ham rivojlantirish zarur, deb hisoblaydi. Sandu xalqi nomidan va uning manfaatlari uchun Putin bilan yuzma-yuz uchrashishga tayyor ekanligini ko‘p bor aytib keladi.

Mayya xonim turmushga chiqmagan. Kishinyovdagi 74 kv.m.li ikki xonali kvartirasida yashaydi. U saylovdan oldin agar prezidentlikka saylansa ham, davlat mablag‘larini sarflamaslik uchun ushbu uyidan ketmasligini maʼlum qilgandi.

Tixanovskayadan farqli ravishda Sandu maqsadiga erishdi. Zelenskiyga o‘xshab davlat qarorgohiga ko‘chib o‘tmaslikka vaʼda berdi. Ammo Lukashenko prezident bo‘ldi, Zelenskiy qimmatbaho dala hovliga ko‘chib o‘tdi. Sanduni esa so‘z odami deyishadi. Ko‘ramiz.

Axborot hamkorimiz @platformauzb telegram kanalidan olindi