Afgʻonistonda Xitoy qoʻshinlari bormi?

Xitoy rasmiylarining Afgʻonistonga soʻnggi tashriflari va xitoylik harbiy yoʻriqchilarning Haqqoniy tarmogʻi bilan ishlayotgani haqidagi xabarlar jiddiy xavotirlarga sabab boʻlgan.

Yaqinda internetda tarqalgan xitoylik harbiy yoʻriqchilarning Afgʻonistondagi Bagram aviabazasiga joylashtirilgani haqidagi xabar Xitoyning mamlakatga qiziqishi ortib borayotganiga shubha bilan qarayotgan afgʻonlarda xavotir uygʻotgan.

Nomi ochiqlanmagan manbalar oktyabr oyi boshida AND nashriga “bir nechta Xitoy harbiy samolyotlari Bagʻrom aviabazasiga qoʻnganini” maʼlum qilgan.

Oʻsha paytda ularning maqsadi maʼlum emasdi, biroq nashr 13-mart kuni “Xitoylik harbiy xizmatchilar Bagʻrom zaminida va Haqqoniy tarmogʻi jangchilarini tayyorgarlikdan oʻtkazmoqda” deb xabar bergan.

Aviabazada shuningdek, Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) aʼzolari va Pokiston idoralararo razvedka xizmati xodimlari ham borligi aytilgan.

Soʻnggi bayonotlar bu iddaolarni tasdiqlagan, deyiladi xabarda.

“Bagʻrom aviabazasining ayrim ichki hududlariga xorijiy qoʻshinlarning kichik kontingenti joylashdi”, deb yozgan Afgʻoniston sobiq vitse-prezidenti va Milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq rahbari Amrullo Solih 22-aprel kuni Tvitterda.

“Ularning kimligi va qanday funksiyalarni bajarishi haqida gapirmoqchi emasman. Bu tez orada oydinlashadi. Ular Haqqoniy jangarilarini tayyorgarlikdan oʻtkazmoqda, buni bir qancha manbalar tasdiqlaydi.”

Haqqoniy tarmogʻini Afgʻonistonda soʻnggi yigirma yil ichida sodir etilgan eng halokatli hujumlarda ayblashadi. U tarixan “Al-Qoida” bilan bogʻliq boʻlib, “Islom davlati” (ID) bilan hamkorlik aloqalariga ega.

Afgʻoniston rasmiylarining 2021-yil fevral oyidagi maʼlumotlariga koʻra, “Haqqoniy tarmogʻi”ning ishi rejalashtirish va resurslar bilan taʼminlashdan iborat boʻlsa, ID hujumlarni amalga oshiradi va masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi, bu esa ayblovlardan himoyalanish imkonini beradi.

Xitoy inqirozni “kuchaytirmoqda”

Xitoy buni rasman tasdiqlamagan boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu xabar afgʻonistonliklarni jiddiy xavotirga solib qoʻygan.

“Bagʻrom muammosi va xitoyliklarning Haqqoniy jangchilarini tayyorgarlikdan oʻtkazishi muhokama uchun oʻta jiddiy mavzu”, deydi Norvegiyadagi afgʻon siyosiy tahlilchisi Rahmatulla Bejan.

Uning soʻzlariga koʻra, “Bu xabar hozircha razvedka hamjamiyati tomonidan tasdiqlanmagan yoki eʼlon qilinmagan” boʻlsa-da, “Xitoy qoʻshinlarining Bagʻrom aviabazasiga yoki [umuman] Afgʻonistonga har qanday strategik topshiriqlarni bajarish uchun kiritilishi juda shoshilinch va yaxshi oʻylanmagan harakat boʻlar edi.”

“Hukumati Kobulning [yangi] maʼmuriyatini tan olmagan mamlakatning tashqi ishlar vaziri va boshqa Xitoy rasmiylarining Afgʻonistonga tashrifi juda shubhali”, deydi Bejan.

24-mart kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I muzokaralar uchun Kobulga tashrif buyurgan.

“Xitoyliklarning Afgʻonistonda harakatlanishi va turli tarmoqlar barpo qilishga urinishlari mamlakat barqarorligi, xavfsizligi yoki hukumat tuzilishiga foyda keltirmaydi, aksincha, inqirozni yanada kuchaytiradi”, dedi Bejan.

“Bu xitoyliklarni tushunarli oʻyindan ularga juda qimmatga tushadigan murakkab oʻyin tarafga tortadi.”

Afgʻoniston ichki ishlariga aralashuv

Boshqa tahlilchilarning aytishicha, Xitoyning Afgʻonistondagi har qanday harbiy hozirligi Afgʻoniston milliy manfaatlariga va xalqaro qonunlarga ziddir.

“Agar xitoyliklarning Afgʻonistonga qoʻshin yuborgani haqidagi xabar rost boʻlib chiqsa, bu Xitoy siyosatidagi katta oʻzgarish boʻladi. Bunday hozirlik haqiqatan ham aralashuv sifatida baholanadi va xalqaro huquqqa zid”, deydi Germaniyadagi afgʻon tahlilchisi Vais Nosiriy.

“Xitoy siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohada AQSHga raqobatchi ekani aniq”, dedi u. “Xitoy endi Afgʻonistonga jiddiy qiziqish bildirmoqda.”

“Xitoyning Afgʻonistondagi harbiy hozirligi mintaqa va dunyo uchun nozik masaladir”, deydi hozirda Turkiyada boʻlib turgan Parvon viloyatining sobiq gubernatori Abdul Basir Salangiy.

U Xitoy qoʻshinlarining haqiqatan ham Afgʻonistonda ekanligiga shubha bildirsa-da, “Xitoy katta ehtimol bilan Mironshoh, Peshovar va Kvettada Haqqoniy tarmogʻi jangarilarini tayyorgarlikdan oʻtkazayotgan boʻlishi mumkinligini” aytgan.

Islomobodda yashovchi afgʻonistonlik siyosiy va harbiy tahlilchi Orif Kayoniyning aytishicha, Xitoy uygʻur isyonchilarining faoliyati haqida maʼlumot olish uchun Afgʻonistonga kichik razvedkachilar guruhini yuborgan boʻlishi mumkin.

Kobuldagi xususiy universitetlardan birining siyosatshunoslik kulliyoti talabasi, 27 yoshli Javid Xoliqiy ham shunday fikrni bildirgan.

“Ular [xitoyliklar] Afgʻonistondagi uygʻur jangarilarini bostirish uchun “Haqqoniy tarmogʻi” aʼzolarini tayyorgarlikdan oʻtkazayotgan boʻlishi ham mumkin”, dedi u.

Xitoy Afgʻoniston konlarini koʻzlamoqda

Boshqa tahlilchilar Xitoy Afgʻonistondan olishi mumkin boʻlgan iqtisodiy manfaatga ishora qilmoqda.

Xitoy kompaniyalari allaqachon Afgʻonistonning togʻ-kon sanoatiga sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan – Kobul bilan doʻstona munosabatlar Pekinning “Bir kamar, bir yoʻl” (BRI) tashabbusini Afgʻoniston va Markaziy Osiyo respublikalariga kengaytirish uchun yoʻl ochadi.

BRI boshqa maqsadlar qatori nochor mamlakatlarning tabiiy boyliklarini Xitoy manfaatlari yoʻlida qazib olish va tashib ketishga ham xizmat qiladi.

“Xitoyning siyosati Pekin Afgʻoniston konlariga juda qiziqayotganidan dalolat beradi”, deydi hozirda Fransiyada yashayotgan ichki ishlar vazirining sobiq oʻrinbosari Mirza Muhammad Yarmand.

“Ular shartnomalarni qoʻlga kiritib, Afgʻoniston konlarini ekspluatatsiya qilmoqchi, chunki oradagi masofa juda qulay va tejamkor”, dedi u.

Yarmandning fikricha, Pekin Afgʻonistonga qoʻshin kiritmagan maʼqul ekanini yaxshi biladi.

“Xitoy qoʻshinlarini Afgʻonistonga kiritishga hojat yoʻq, agar ular shunday qilishsa, bu ulkan mintaqaviy qarama-qarshilikka, Sharq va Gʻarb oʻrtasida ziddiyatga olib keladi”, deydi u.

“Xitoy qoʻshinlarining hozirligi hech bir afgʻon uchun maqbul emas, chunki Xitoy Afgʻonistonning barqarorligi, xavfsizligi yoki iqtisodiy rivojlanishiga hech qanday hissa qoʻshgani yoʻq”, deydi universitet talabasi Xoliqiy.

“Xitoyning Afgʻonistondagi yagona maqsadi – konlarimizni talon-taroj qilish”, dedi u. “Xitoyning harbiy hozirligi afgʻonlarning milliy manfaatlariga mos emas, aksincha vaziyatni murakkablashtiradi va Afgʻonistondagi bilvosita urushlarni avj oldiradi”

Manba