Turkiy Kengash – turkiy xalqlarni birlashtiruvchi platforma bo‘la oladimi?

Turkiy tilli davlatlar kengashi rivojlanib borayotgan mintaqalararo tashkilotlardan biri hisoblanadi. Ushbu tashkilot turkiy tilli mamlakatlarning etnolingvistik birligi asosida yaratilgan. Kengash 2009 yili Ozarbayjonda Naxichevan Bitimini imzolash bilan taʼsis etildi. Taʼsischilar Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridir.

Turkmaniston turkiy tilli davlat bo‘lsa-da, neytrallik statusiga ko‘ra, Kengashga aʼzo bo‘lmagan. O‘zbekiston ham avvalboshdan aʼzolikni inkor qilgan edi. 2016 yili Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lgach, rasmiy Toshkent ochiq tashqi siyosat yurita boshladi va 2018 yilning aprelida ushbu tashkilotga qo‘shilish niyati borligini eʼlon qildi. Oradan sal kam bir yarim yil o‘tib, 2019 yilning sentyabr oyida Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi, O‘zbekiston Turkiy Kengashga aʼzo bo‘ldi.

Kengash Kotibiyati Istanbulda joylashgan. Uning muhim tuzilmalaridan yana biri Anqaradagi turkiy xalqlar madaniyatini targ‘ib qiluvchi xalqaro TURKSOY tashkilotidir. Shu kunga qadar rasmiy ravishda Kengashning yettita sammiti bo‘lib o‘tdi. Kengashning birgalikdagi aholi nufusi 144 milliondan ziyod, hududi 4 mln. kv. km.dan ziyod va umumiy YAIM qiymati 1.13 trillion dollarni tashkil qilmoqda.

Bir guruh xalqaro ekspertlar mazkur tashkilotni turkiy xalqlarni birlashtiruvchi va ularni integratsiyaga boshlab boruvchi tuzilma sifatida baholaydi. Haqiqatan ham, u turkiy xalqlar birdamligini ifodalay oladimi? Tashkilot madaniy tarixiy aloqalardan tashqari turkiy tilli davlatlarning iqtisodiy va siyosiy integratsiyasi uchun imkoniyatlar yaratadimi? Va nihoyat, bu Kengash turkiy xalqlarning birgalikda rivojlanishi uchun platforma vazifasini bajara oladimi? Quyida mazkur savollarga javob izlaymiz.

Dunyo turkiylari

Maqola avvalida Kengash asosini tashkil qiluvchi turkiy tilli xalqlar haqida biroz maʼlumot keltirish o‘rinlidir. Jahon bo‘ylab turkiy tillarda so‘zlashuvchi xalqlar soni haqida internet tarmoqlaridan osonlikcha axborot topib bo‘lmaydi. Borini ham saralab olish qiyin, chunki ularda panturkistik yoki aksincha qarashlarning taʼsiri katta. Taxminiy hisob-kitoblar bo‘yicha turkiy tilli xalqlar soni 200 millionga yaqin yoxud bundan ham ortiqroq bo‘lishi mumkin.

Hozirgi kunda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkmanistondan tashqari forsiy tilli xalqlar areali bo‘lmish Eron, Afg‘oniston, Tojikiston va qisman Pokistonda ham turkiy xalqlar mavjud. Eron aholisining 26 foizga yaqinini turkiy ozarlar tashkil qilsa, Afg‘onistonda 12 foizga yaqin aholi turkiy xalqlardan iborat ekani aytiladi. Turkiy xalqlarning katta guruhi Xitoy va Rossiyada ham yashaydi. Shuningdek, Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharq hududlarida ham turkiy xalqlarni uchratish mumkin.

Turkiy xalqlarni birlashtirish g‘oyasi

Bu g‘oya bugun paydo bo‘lgan emas. Buyuk Amir Temur orzularida ham turkiy xalqlarni birlashtirishni nazarda tutuvchi Turon tushunchasi mavjud bo‘lgan. Bugun esa Turkiya bu g‘oyaning tashabbuskori sanaladi. Mazkur mamlakatning sobiq Prezidenti Sulaymon Demirel taʼbiri bilan aytganda, “Adriatikadan Buyuk Xitoy devorigacha cho‘zilgan turk dunyosi”ni birlashtirish masʼuliyatini Turkiya o‘z zimmasiga olishi kerak.

Shubhasiz, Turkiya bu orqali XXI asrdagi geosiyosiy jarayonlarda faollashib, o‘zi uchun yangi imkoniyatlar hosil qilishni ko‘zlagan. Maʼlumki, Usmoniylar davridan keyin Turkiya rahbariyati qanday tashqi siyosat olib borishidan qatʼiy nazar, hamisha Yaqin Sharq, Bolqon, Qora dengiz va O‘rta yer dengizidagi siyosiy voqeʼliklarga nisbatan eʼtiborli bo‘ldi. Bu hududlarda o‘z manfaatlarini himoyalab keldi. Markaziy Osiyoga kelsak, u Turkiya uchun nisbatan yangi yo‘nalish hisoblanadi. Garchi, hech qachon Usmoniylar imperiyasi tarkibiga kirmagan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo Turkiya bilan etnik, lisoniy va diniy-madaniy mushtarakligi tufayli alohida qiziqishga sabab bo‘lgan. Turkiya aynan mazkur mintaqa hisobiga yangi mintaqalararo tuzilma tashkil qilish va shu orqali jahondagi kuchli davlatlar birligini vujudga keltirishni ko‘zlagan. Va albatta, Saudiya Arabistoni, Eron, Rossiya va Yevropa Ittifoqi oldida kuchli obro‘ orttirishni maqsad qilgan. Shu bois ham, Turkiya mustaqil Markaziy Osiyo davlatlarida faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yishga intildi. Dastlabki yillarda uning mintaqadagi tashqi siyosatini Yevropa Ittifoqi va AQSH qo‘llab-quvvatladi. Biroq 1991-1996 yillarda bu siyosat tizimli tashkil qilinmagani, ilgari surayotgan tashabbuslarining moliyaviy taʼminoti yo‘qligi, shuningdek, G‘arb davlatlari xavotirlanganidek, mintaqadagi musulmon davlatlar Eron yoki Saudiya Arabistoni taʼsirida emas, balki dunyoviylik tamoyillari asosida rivojlangani bois, Turkiyaning yangi turkiy tilli respublikalar shakllanishidagi ishtiroki pasaydi. 1996 yildan keyin Turkiya turkiy tilli respublikalar bilan munosabatni qayta tashkil qila boshladi. Endi bu siyosat real siyosiy vositalar va uzoq muddatli hisob-kitoblar bilan taʼminlangan edi. Munosabatlarning ikkinchi bosqichida panturkizm singari pafosli g‘oyalardan voz kechilgan bo‘lsa-da, mintaqa davlatlari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni o‘ziga xos etno-lingvistik asosda rivojlantirish tamoyili saqlab qolindi. Buning yorqin isboti – turkiy tilli davlatlar Kengashining taʼsis etilganligidir.

Cheklangan imkoniyatlar

Madaniy-tarixiy aloqalardan tashqari, turkiy tilli davlatlarning iqtisodiy-siyosiy integratsiya uchun imkoniyatlari cheklanganini tan olish lozim. Xususan, savdo aloqalarini rivojlantirish Kengash nizomida alohida qayd etilgan. Unda “Savdo va sarmoyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar, kapital, xizmatlar va texnologiyalarning harakatlanishini yengillashtirish uchun bojxona va tranzit jarayonlarini, moliyaviy va bank operatsiyalarini yana-da soddalashtirish” masalasiga alohida urg‘u berilgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi maʼlumotlariga asoslanib Yeurasianet nashri taqdim etgan maʼlumotlarga ko‘ra, Turkiy Kengash aʼzolari o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi 2008 yilga nisbatan 2018 yilda pasaygan. 2009 yildan keyin esa bu ko‘rsatkich maʼlum muddat, yaʼni 2012-2014 yillarda ortib borgan bo‘lsa-da, 2018 yilga kelib, 2009 yildagi ko‘rsatkichidan pasaygan. Bu raqamlar alohida davlatlar misolida olib ko‘rilganda ham o‘sish tendensiyalari ko‘rinmaydi. Xususan, Kengash tashkil qilinguniga qadar Ozarbayjon va Qozog‘istonning Turkiya bilan savdo aloqalari yaxshiroq edi. 2009 yildan Turkiyaning Ozarbayjon va Qirg‘iziston bilan savdo aloqalari nisbatan o‘sgan bo‘lsa, Qozog‘istonning savdo aloqalariga Kengashda ishtirok etayotganligi taʼsir qilmagan.

Turkiy davlatlarning aksariyati o‘zi uchun ustuvor sanalgan boshqa davlatlar va integratsion birlashmalar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ko‘proq ahamiyat bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, turkiy davlatlar siyosiy elitasi bu Kengashda ishtirok etishni boshqa tashkilotlar doirasidagi samarali faoliyatiga muqobil variant sifatida ko‘rayotgani yo‘q. Bu yaqin kelajakda ham o‘zgarmas siyosat bo‘lib qolishi ehtimoldan holi emas.

Markaziy Osiyodagi yetakchi kuch sifatida Rossiya va Xitoy ham Kengash faoliyatini jiddiy raqobat sifatida qabul qilmasa-da, uning faoliyatini kuzatib bormoqda. Kengash aʼzolarining Rossiya va Xitoy bilan iqtisodiy aloqalari mazkur Kengash doirasidagi iqtisodiy hamkorlikdan bir necha barobar ko‘p. Kengashning barcha aʼzolari Xitoyga tegishli “Bir makon va bir yo‘l” loyihasi doirasidagi iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Turkiya turkiy davlatlar siyosati va iqtisodida yetakchi bo‘lishni qanchalik istamasin, u baʼzi turkiy respublikalarning Rossiya va Xitoy bilan iqtisodiy munosabatlari o‘rnini bosa oladigan darajadagi imkoniyatlarga ega emas.

Kengash aʼzolari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari real siyosiy va iqtisodiy muloqotdan ko‘ra ko‘proq madaniy aloqalar doirasida ko‘zga tashlanadi. Biroq maʼlum bir vaqtlarda Kengash aʼzolari birgalikda jiddiy siyosiy qarorlarni ham qabul qilgan. Masalan, Turkiyaning Suriya va Iroqdagi harbiy amaliyotlarini Kengash aʼzolari qo‘llab-quvvatlagan. Turkiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ozarbayjon tarafining maʼlumotlariga ko‘ra, Kengash aʼzolaridan Qozog‘iston va Qirg‘iziston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida Armaniston bilan hamkor bo‘lsa-da, Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarbayjonni qo‘llab kelmoqda.

Madaniy gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi bilan birga bu hamkorlikning o‘ziga xos mubohasali jihatlari ham yo‘q emas. Misol uchun, 2014 yilning iyun oyida Turkiyaning Bodrum shahrida Kengashga aʼzo davlatlar rahbarlarining ikki kunlik sammiti doirasida turkiy xalqlarning mushtarak tarix kitobi va umumturk alifbosini yaratish masalalari muhokama qilingan edi. Bu takliflar juda jozibali, ammo ramziy maʼno kasb etadi, xolos. Aslida, mushtarak tarix va yagona til masalasi haqiqatdan yiroq, bu g‘oya faqat ayrim siyosatchilar, yozuvchi va shoirlar uchungina balandparvoz shior bo‘la oladi. Zero, tarix guvohki, butun jahondagi turkiy xalqlar hech qachon yagona bayroq ostida birlashmagan va ularning har biri o‘z taraqqiyot yo‘lidan borgan.

Yagona muloqot tili masalasi ham bahsli masala. O‘z milliy tili taʼsirini oshirishga intilayotgan Markaziy Osiyo turkiy respublikalari uchun ham, Ozarbayjon uchun ham bu masalani dolzarb deb bo‘lmaydi. Bir misol: Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida iqtisodiy-siyosiy munosabatlar iliq ekaniga qaramay, bundan bir necha yil avval Ozarbayjon rahbariyati xorijiy telekanallar, jumladan, Turkiya telekanallariga taʼqiq qo‘ydi. O‘zbekistonda esa shu kecha-kunduzda ham jamoatchilik Turkiya seriallarining yoshlar ongiga ko‘rsatayotgan salbiy taʼsiri haqida tez-tez bahslashmoqda.

Turkiy Kengash va Markaziy Osiyo integratsiyasi

Turkiy tilli davlatlar bilan aloqalarni Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida rivojlantirish, mintaqa davlatlarining o‘zaro hamkorlik munosabatlarini shakllantirish Turkiy Kengash faoliyatining asosi va barqaror istiqboli bo‘lishi mumkin. Mintaqa davlatlarining Turkiy Kengashda ishtirok etishi mintaqaviy integratsiya jarayonlarini to‘ldiradi va bu jarayonni yana-da faollashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Turkiy Kengash istiqboli qanchalik savollar ostida qolgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo integratsiyasi shunchalik real hayotga yaqin tushunchadir.

Maʼlumki, 90-yillarning boshlarida Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini yaratish tashabbusi ilgari surilgan edi. Ammo iqtisodiy-siyosiy xususiyatdagi muammolar bu g‘oyani amalga oshirishga imkon bermadi. Hozir esa bu tashabbuslarni yana kun tartibiga olib chiqish zarurati paydo bo‘lganini inkor qilmaslik kerak. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu borada muhim qadamlar tashlandi. Mintaqa davlatlari rivojlanish bo‘yicha bir qator katta loyihalarni amalga oshirishga kirishgan hozirgi davrda xorijiy investitsiyalarga zarurat sezadi. Shuni hisobga olgan holda agar mintaqa davlatlari Yevropa integratsiyasi namunasida birlashsa, bu birlashuv donor davlatlarni ko‘proq sarmoya yetkazishga ilhomlantiradi. Shu bilan birga mintaqa iqtisodidagi ichki o‘sish ham sezilarli darajada ortadi. Eʼtirof etish kerakki, 2016 yildan boshlab, hududiy chegaraviy masalalarni to‘la bartaraf qilib olishdan boshlab, transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirishgacha bo‘lgan samarali qarorlar qabul qilindi. Biroq shuni eʼtiborga olish kerakki, ayni tashabbuslar, aslida, allaqachon hal qilib olinishi kerak bo‘lgan hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish darajasi hisoblanadi. Hozir esa mintaqa davlatlari tom maʼnodagi integratsiyaga tayyorgarlik ko‘rishi va buni amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqishi maqsadga muvofiqdir.

Turkiy tilli davlatlarning Markaziy Osiyodagi hamkorligini kuchaytirish haqida gap borar ekan, bu yerdagi ikki yetakchi davlat sifatida O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligini yana-da kuchaytirish zaruratini tan olish lozim. Joriy yil hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi savdo sheriklari orasida Qozog‘iston 3-o‘rinda, Qozog‘iston tashqi savdo sheriklari orasida esa O‘zbekiston 8-o‘rinda turibdi. Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohadagi aloqalarni hozirgidan ko‘ra yuqoriroq bosqichga olib chiqish mintaqadagi umumiy integratsiya jarayonlariga katta taʼsir ko‘rsatadi. Shu bilan birga turkiy tilli davlatlarning hamkorlik platformasi ham bu aloqalardan katta foyda ko‘rishi mumkin. Qozog‘istonlik siyosatchi Sultanbek Sultangaliyev Fransiya va Germaniya Yevropa Ittifoqi asosini tashkil qilganidek, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasining asosini tashkil qilishi lozim, deb hisoblaydi.

Xulosa qilib aytganda, Turkiy Kengashining iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy muloqot sohalaridagi ko‘rsatkichlari, erishilgan natijalari va aʼzo davlatlarning tashqi siyosatida uning ahamiyati qanday ekanligidan qattiy nazar, Kengash turkiy tilli xalqlarning o‘zaro muloqoti uchun bir qo‘shimcha platforma vazifasini bajarib kelmoqda.

Muallif: Shavkat Ikromov – Yaqin Sharq davlatlari bo‘yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o‘qituvchisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz doktoranti.

Manba