Xalq qabulxonalari: natijalar qanday?

(birinchi qism)

Barchamizga maʼlumki, qish yaqinlashgani sari aholining normal sharoitda yashashga bo‘lgan ehtiyoji yana-da oshib boradi. Mana shu ehtiyojlarni taʼminlash va aholi orasidagi muammolarni joylarda hal etish maqsadida xalq qabulxonalari tashkil etilgan edi. Quyida  Farg‘ona viloyati misolidagi tadbirlar natijalari bilan tanishib chiqamiz.

Aholi bilan uchrashuvlarda davlat tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, Xalq qabulxonalari masʼul xodimlari boshchiligida hamda (!)20 ga yaqin vazirlik va idoralar ishtirokida viloyat aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi.

Uchrashuvlarda jami 2 300 nafarga yaqin murojaatchi ishtirok etgan. 

Mazkur viloyatdagi qabullar davomida eng ko‘p murojaat – ichki ishlar faoliyatiga oid, sud qarorlari yuzasidan va prokuratura organlariga kelib tushgan. Shuningdek, mazkur qabullarda bank tizimi, gaz va elektr taʼminoti, mehnat va bandlik, yo‘llarni taʼmirlash, uy-joy va xalq taʼlimi masalalarida ham yechimini kutib turgan ko‘plab muammolar ko‘rilgan.

Qishloq hududlaridagi aholi murojaatlarini asosan  kommunal xo‘jalik idoralari faoliyatidan qonikmaslik, toza ichimlik suvi,  tabiiy gaz va elektr taʼminoti masalalari tashkil  etgan.

Qabullar natijasi o‘laroq, amalga oshirilgan ishlar sifatida berilgan hisobot tarzidagi maʼlumotlarda, 395 dona simyog‘och yangi  temirbeton tayanchlarga almashtirilganligi, 20 dona transformator punkti o‘rnatilganligi hamda toza ichimlik suvi taʼminoti bo‘yicha qoloq hududlarda  ishlar jadallashib, suv quvurlari tarmoqlari tortilgani aytilgan. (biroq qayerga qancha masofaligi keltirilmagan) Xonadonlarga 1 000 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilib, 6 ta ijtimoiy soha obyekti tabiiy gaz tarmog‘iga ulanganligi bo‘yicha maʼlumotlar keltirilgan.

  • Yo‘llarni taʼmirlash bo‘yicha esa 2,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, natijada 18 km yo‘l taʼmirlangan, 2 km yo‘l asfaltlashtirilgan, 6 km yo‘l shag‘al bilan qoplangan, 11  km yo‘l joriy taʼmirlangan.

Shu bilan birga, 12 ta tadbirkorlik subyektiga 4 mlrd. so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratilgan.

Bu ko‘rsatkichlar yaxshi albatta. Biroq, sog‘liqni saqlash yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rilgan natijalar sifatida  35 nafar fuqaroga davolanish uchun order berilganligi hamda 8 nafar fuqaroga nogironlikka chiqish uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tayinlanganligi ham ko‘rsatib o‘tilgan. Bunday mayda va tor doiradagi (oddiy oilaviy poliklinikalarda) ko‘rib chiqilishi belgilangan tartiblar ham sayyor qabullarni kutmasdan joyida hal qilinishi mumkin emasmi?

P.S. yuqorida eng ko‘p murojaat – ichki ishlar faoliyatiga oid deb aytgan edik mazkur yo‘nalish bo‘yicha natijalar ochiqlanmaganligi uchun maʼlumotlar keltira olmadik.