Yevroosiyoning yangi geosiyosiy muammolari

Belarusdagi, Qirg‘izistondagi yangi mojarolar va Kavkazdagi urush Yevroosiyo mintaqasida yangi muammolarni vujudga keltirmoqda, biroq ular tashqaridan bo‘layotgan munosabatni o‘zgartira oladimi?

AQSHning Gudzon instituti qoshidagi Harbiy-siyosiy tahlil markazi direktori Richard Vayns CAAN nashriga bergan intervyusida Yevroosiyoning geosiyosiy muammolari xususida fikr yuritadi.

Yevroosiyo mintaqasidagi yangi mojarolarni qanday baholaysiz? Ular COVID-19 sabab kelib chiqqan inqiroz bilan bog‘liqmi yoki teranroq ildizlari bormi?

Ushbu mojarolarning ildizlari ancha oldingi zamonlarga borib taqalishi aniq. Belorus halqi mamlakat mustaqilikka erishgan zamonlardan beri Lukashenko boshqaruvida yashab kelmoqda. Ushbu xalq qo‘shni Yevropa mamlakatlaridagi hukumatlar erishayotgan muvaffaqiyatlarni kuzatib, o‘zgarishlar bo‘lishini va ko‘proq erkinliklar istayotgani tabiiy. Tog‘li Qorabog‘ mojarosi Markaziy Osiyo va Kavkazda atay bo‘lib boshqarish uchun sovet respublikalarining tashkil qilingani va ularning chegaralari etnik millatlar joylashgan yerlarga mos tushmagani Stalin milliy siyosatining oqibatidir. Ayni choqda Qirg‘izistonda har doimgiday siyosiy vaziyat beqarorligicha qolmoqda, shuning uchun joriy yildagi inqirozga 2005 va 2010 yillardagi siyosiy larzalarning davomi sifatida qarash mumkin. Biroq COVID-19 yaqinda Belarusda ro‘y bergan noroziliklarda muayyan rol o‘ynadi, chunki hukumatning pandemiyaga qarshi kurashda munosib choralar ko‘ra olmagani – Lukashenko so‘nggi paytlargacha uni inkor qilib keldi – belorus fuqarolik jamiyatini tegishli tibbiy yordam berishda tashabbusni o‘z qo‘liga olishga majburladi. Ayni hol fuqarolik jamiyati tashabbuslari uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Belarus atrofida qanday geosiyosiy muammolar mavjud? Belarus Rossiya bilan NATO uchun qanchalik muhim?

Belarus Rossiya uchun ikkala mamlakatni bitta siyosiy tuzilmaga birlashtiradigan Ittifoq davlat uchun, Rossiyaning Belarus bilan harbiy va iqtisodiy aloqalari, har qanday ommaviy noroziliklarinng Belarusdan Rossiyaga tarqalish ehtimoli mavjudligi, shuningdek, Belarus Rossiya tovarlari tranziti uchun asosiy marshrut ekani sabab muhim ekani shubhasiz. Agar Belarus Rossiyadan mustaqil bo‘lganida, NATO uchun ham bufer davlat sifatida muhim bo‘lgan va bu Rossiyaning G‘arb mamlakatlariga potensial taʼsirini zaiflashtirgan bo‘lur edi; Ukrainaning Rossiyadan ajralishi aynan shunday taʼsir ko‘rsatdi. Rossiya harbiylari Belarusga kira olmaganida, Polsha va Litva singari frontbo‘yi mamlakatlari bundan faqat yutishi mumkin edi.

Belarusni Rossiyadan ajratib olish mumkinmi?

Belarus mavjud milliy tuzilma sifatida Rossiyadan alohida mamlakatdir. Ittifoq davlati tuzish to‘g‘risidagi shartnomaning ko‘plab bandlari Belarus hukumati ular bajarilishini paysalga solib kelayotgani uchun bajarilmay qolib ketdi. Hatto Lukashenko ham, bir oz bo‘lsa-da, avtonomiyani saqlab qolishni istab keladi. Biroq Rossiya Belarusning na NATOga kirishiga yo‘l beradi va na NATO qo‘shinlarini o‘z hududida joylashtirishiga ruxsat etadi, chunki Belarus hududi Rossiya Federatsiyasini Kaliningard anklavi – asosiy hududdan ajralib qolgan hududi bilan bog‘lab turadi. Bu anklav Rossiyaning ulkan harbiy bazasiga aylangan.

Rossiyaning Lukashenkoni qo‘llab turishiga sabab nima? Bu Belarusdagi Rossiyaga qarshi kayfiyatlar avj olib ketishiga sabab bo‘lmaydimi?

Kremlning Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlashi biroz qaltis masala, chunki bu kelgusida Rossiyaga qarshi kayfiyatlarni avj oldirib yuborishi mumkin. Bizga maʼlum bo‘lishicha, belorus xalqi Rossiyaga qarshi emas, biroq Rossiya Lukashenko hokimiyatini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiraversa, bunday kayfiyatlar kuchayib ketishi mumkin. Belarusdagi noroziliklar hozircha zo‘ravonlik holatiga o‘tgani yo‘q. Bundan tashqari, Belarus hokimiyati noroziliklar yetakchilarini chetlata olishi bilan ukrainalik hamkasblaridan ko‘ra uddaburonroq ekanini ko‘rsatdi. Biroq Rossiya rahbarlari Minskda hokimiyatga boshqa kishi yoki guruhni kelishini xavfli deb bilayotgan ko‘rinadi. Ayni damda Lukashenko zaifligi sabab unga taʼsir o‘tkazish osonroq bo‘ladi. Masalan, asosan qog‘ozda qolib ketayotgan Ittifoq davlati qurilishida hech qanday olg‘a siljishga erishilmadi. Lukashenko Rossiyaning taʼsirini kuchayishidan cho‘chib, ishni paysalga solib keldi. U ushbu Ittifoqqa rahbar bo‘lishni istagan edi, lekin Vladimir Putin Rossiyaga rahbar bo‘lib turgan paytda bunga erishib bo‘lmaydi. Endi esa Lukashenkoning pozitsiyasi Moskvaning Rossiya bilan Belarus integratsiyasini kuchaytirish harakatlariga qarshi turadigan darajada mustahkam emas.

Yevroosiyoda ro‘y berayotgan Janubiy Kavkazdagiga o‘xshash mojarolar haqida nima deya olasiz?

Tog‘li Qorabog‘dagi urushga Ozarbayjon bilan Armaniston o‘rtasidagi Sovet Ittifoqi parchalangan paytda yuzaga kelgan ziddiyatlar sabab bo‘ldi. Bu allaqachon pishib yetilgan mojaro edi. Ozarbayjon xalqi 1990-yillar boshidagi urushda yutqazgani uchun endi intiqom olishga harakat qilmoqda. Ularga kuchli zamonaviy armiya barpo qilish uchun bir oz vaqt kerak bo‘ldi. Ikki mamlakat vakillari o‘rtasidagi muzokaralar hech qanday natija bermadi. Shu tariqa, Ozarbayjon armiyasining kuchaygani va Turkiyaning rasmiy Bokuni shiddat bilan qo‘llab-quvvatlayotgani hamda Armanistonning yon berish xususida muzokara olib borishga qobil emasligi Ozarbayjon rahbarlarining harbiy g‘alaba qozonishga intilayotganiga sabab bo‘ldi. Bu kutilmagan narsa emas edi. Odamlar ko‘p yillar davomida ish urush bilan tugashi mumkinligidan ogohlantirib keldi, biroq yirik davlatlar qandaydir sabablarga ko‘ra bu ishga aralashmadi, uning oldini olishga urinmadi ham. Shuning uchun hozirgi urushga guvoh bo‘lib turibmiz.

Agar Turkiya urushdagi ishtirokini kengaytirsa, bu qanday geosiyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Turkiyaning o‘z mintaqasida – Suriyada, Sharqiy O‘rta yer dengizida, Liviyada, endi esa Ozarbaydjon tarafini to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgan Tog‘li Qorabog‘da faol harakat qilayotgani odamni hayron qoldiradi. Barchamiz Sovet Ittifoqi parchalanib ketgandan so‘ng Turkiya mintaqadagi yetakchi o‘yinchiga aylanadi, deb o‘ylagan edik, biroq nima sababdandir Turkiya Markaziy Osiyoga madaniy taʼsir ko‘rsatishdan nariga o‘tmadi. Shundan beri Markaziy Osiyo Rossiya, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi raqobat maydoniga aylanib qoldi. Biroq Turkiya Markaziy Osiyoda yangi mavqeni egallashi ehtimoldan xoli emas. Hozircha rasmiy Anqara bu yerda na Rossiya va na Xitoyga qarshi borayotgani yo‘q. Lekin Turkiyaning shiddatkorligi meni hayratga solmoqda. Aniq bir gap aytish uchun uning bu saʼy-harakatlarini keyingi o‘n yillikda kuzatish kerak bo‘ladi.

Xitoy ushbu yangi mojarolarda qanday mavqeni egallashi mumkin?

Xitoy Belarusda, asosan, Rossiyaning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda, lekin bu o‘zgarib ketishi mumkin. Xitoy o‘z tovarlari Belarus orqali G‘arb mamlakatlariga olib o‘tilayotgani uchun ushbu mamlakatning G‘arbga yopilib qolishini istamaydi. Ayni damda Xitoy rahbariyati Belarusdagi ijtimoiy noroziliklardan sarosimaga tushib qolgan, ammo bunday muhim mamlakatni talashib, Rossiya bilan orani buzmoqchi emas. Uzoq istiqbolda ushbu masalada ixtilofga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin. Markaziy Osiyoda esa Xitoyning manfaatlari o‘sib bormoqda. Mabodo Rossiya mintaqada tartibni saqlay olmasa, bu holat xitoyliklar yana-da faol rol o‘ynashiga olib kelishi mumkin, degan taassurot paydo bo‘lmoqda.

Muallif: Elvira Aĭdarxanova – Olmaota boshqaruv universitetining o‘qituvchisi, “Forbes Kazakhstan” jurnalida energetika masalalari bo‘yicha sharhlovchi.