Abdulaziz Komilov Vendi Morton bilan muloqot oʻtkazdi

2020-yil 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari va Xalqaro taraqqiyot vaziri Vendi Morton bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Videokonferensiya shaklida uyushtirilgan suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya hamkorligining joriy holati va rivojlanish istiqboli, mamlakatimizda amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalar koʻlamini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar ikki davlat tibbiyot xodimlari oʻrtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha tajriba almashish uchun muntazam aloqalar oʻrnatilishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muzokaralarda oʻzaro siyosiy muloqot va har tomonlama sheriklik faollashgani, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlangani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik rivojlanayotgani eʼtirof etildi. Video muloqot davomida savdo va investitsiya boʻyicha Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya kengashining navbatdagi majlisini oʻtkazish, tuzilmani Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya darajasiga koʻtarish taklifi koʻrib chiqildi.
Muzokaralarda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.