Afg’onistonda koʼp yillik adovatlarga chek qoʼyildi

Bugun Afgʼoniston Prezidenti Ashraf Gʼani va uning raqibi Abdulla Abdulla xokimimyat taqsimoti toʼgʼrisidagi bitimni imzoladilar va mamlakatni siyosiy inqirozga olib kelgan koʼp yillik adovatlarga chek qoʼydilar.

2019-yilning sentabrida o’tgan saylovda g’alabaga da’vo qilgan G’ani va Abdulla alohida inauguratsiya marosimlarini o’tkazishgan edi. Mamlakat saylov komissiyasi xulosasiga ko’ra Ashraf G’ani kichik farq bilan yutgan, biroq sobiq vitse-prezident Abdulla Abdulla saylovda firibgarlik ro’y berganini ta’kidlagan edi.

Prezident matbuot kotibi Sidiq Siddiqiyning aytishicha, Abdulla “Tinchlik” bo’yicha oliy kengashga raislik qiladi, va uning izdoshlari hukumatdagi lavozimlarga tayinlanadi.

Kelishuvga ko’ra, siyosiy tortishuvlarda Abdulla tarafida bo’lib kelgan o’zbek generali Abdul Rashid Do’stumga Afg’oniston qurolli kuchlarining marshali unvoni beriladi.

Abdul Rashid Do’stum

“Reyter” axborot agentligi Abdulla va G’ani hukumatda teng ulushga ega bo’lishi haqida xabar bermoqda. Abdullaning aytishicha, imzolangan kelishuv “inklyuziv, mas’uliyatli va ishonchli hukumat” shakllanishiga yordam beradi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bugun har ikki rahbar bilan telefonda muloqot qilib, kelishuvga erishilgani bilan tabriklagan. Afg’onistonda siyosiy muzokaralar orqali uzoq yillik urushga barham berish AQSh uchun prioritet bo’lib qoladi, deydi Pompeo.