AQSH, Xitoy va postkoronavirus raqobati

Dunyodagi barcha kishilar salomatligiga xavf solayotgan og‘ir buhronga qaramay, dunyoning ikkita yetakchi mamlakati: AQSH bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yangi turdagi koronavirusga qarshi kurashda hamkorlik qilish o‘rniga tobora keskinlashmoqda.

Xitoyning yaqinda New York Times, Wall Street Journal va Washington Post jurnalistlarini haydab chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilgani, shuningdek, ushbu ommaviy axborot vositalarini (OAV) chet el agenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab sifatida qo‘ygani kutilmagan, ammo tushunarli qadam bo‘ldi, chunki Uxandagi voqealardan so‘ng butun dunyoda sinofobiya (Xitoyga, xitoyliklarga va Xitoyga tegishli barcha narsalarga murosasizlik va nafratni anglatadigan atama) darajasi oshdi.

Prezident Donald Tramp koronavirusni “Xitoy virusi” deb atadi, bu rasmiy Pekinga juda og‘ir botdi (vaholonki, Xitoy prezidenti Si Szinpin ham uni “Uxan virusi” deb atamoqda). Foreign Policy yozishicha, Xitoyda chet elliklarga qarshi salbiy kayfiyat to‘lqini boshlanmoqda: “Xitoydagi amerikaliklar va G‘arb mamlakatlarining boshqa vatandoshlari politsiya o‘zlarini so‘roq qilayotganini, bir joydan ikkinchi joyga borishini cheklayotganini va tekshiruvlari ko‘payib ketayotganini xabar bermoqda”. AQSHda Xitoyning rasmiy kanallari orqali tarqatilayotgan xabarlar – virus go‘yo Xitoyda paydo bo‘lmagani, AQSH harbiy xizmatchilari virusni u yerga olib kirgani haqidagi axborot yana-da og‘rinib qabul qilinmoqda.

Ushbu taxminni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Liszyan eʼlon qildi: “AQSH armiyasi epidemiyani Uxanga olib kelgan bo‘lishi mumkin, – deb yozdi u Tvitterda. – Ochiq aytinglar! Qo‘lingizdagi maʼlumotlarni eʼlon qilinglar! AQSH bizga tushuntirish berishi kerak!” Xabar qilinishicha, yaqinda Osiyo va Afrika mamlakatlariga yaqinda Xitoyga qarshi bayonotlar berib safar qilgan AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo davlat maslahatchisi Yan Szechi va Xitoyning AQSHdagi elchisiga ushbu Tvitter xabaridan so‘ng norozilik bildirdi.

Yil boshida savdo bitimi imzolanganiga qaramasdan, so‘nggi oylarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar ancha-muncha yomonlashdi.

Washington Post yozishicha, Vashingtonda koronavirus bilan bog‘liq inqiroz AQSH bilan Xitoy iqtisodiyotining “o‘zaro ajrashishi” bilan tugashi mumkinligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu haqda gapirayotganlar ayni “ajrashish”ning ustun taraflarini Xitoy tovarlari importiga qaramlik pasayishi, savdo taqchilligi kamayishi, ish o‘rinlarining AQSHga qaytarilishida ko‘rmoqda, yaʼni Tramp maʼmuriyatining savdo muzokaralaridan ko‘zlagan maqsadlariga koronavirus inqirozidan so‘ng bemalol erishish mumkinday tuyulmoqda.

Biroq Xitoy hukumati buning teskarisi haqida bosh qotirmoqda. Pekin inqirozdan Xitoyning “postvirus strategiyasi”ning bir qismi sifatidagi iqtisodiy strategiyani olg‘a siljitish uchun foydalanishga hozirlik ko‘rmoqda, deyiladi Horizon Advisory konsalting kompaniyasining Xitoy hukumat idoralaridagi rasmiy manbalar va OAV materiallariga asoslanuvchi hisobotiga asoslangan materialda. O‘sha manbalarda aytilishicha, Pekin G‘arb mamlakatlaridagi iqtisodiy pasayishni o‘z foydasiga ishlatishni rejalashtirmoqda, Xitoy chet mamlakatlarga bevosita investitsiyalar kiritishni hamda G‘arbni o‘ta muhim sohalarida bozor ulushini egallab olishni ko‘zlayotir.

Boshqa materialda keltirilgan maʼlumotlarga asosan, Xitoyning davlat ommaviy axborot vositalari sharhlovchilari ushbu mamlakat kompaniyalarini chet ellardagi 5G, tezyurar temiryo‘llar, yangi energiya resurslari, sunʼiy aql va sanoat interneti singari o‘ta muhim sohalarga postkoronavirus ekspansiyasini boshlashga daʼvat qilmoqda. “Inqirozni imkoniyatga aylantirish, ishonchni oshirish va dunyodagi barcha mamlakatlarni “Xitoyda ishlab chiqarilgan” mahsulotlarga bog‘liq qilib qo‘yish mumkin”, − deb hisoblaydi Xitoy fanlar akademiyasi xodimi Xitoy fuqarolik ishlari vazirligi direktori Xan Szyan.

Chindan ham, Financial Times gazetasi Xitoy hukumati uchun targ‘ibot fojiasi sifatida boshlangan koronavirusning keng tarqalib ketishi endi Pekinning foydasiga xizmat qilayotganini aytmoqda. Xitoyda paydo bo‘lgan yangi narrativga[1] ko‘ra, Kommunistik partiya ushbu kasallikka qarshi kurashda keskin choralar ko‘rib, muvaffaqiyatga erishdi, bu hol AQSH va Yevropaning aksariyat mamlakatlarida shoshma-shosharlik bilan ko‘rilayotgan aralash-quralash choralarning butunlay teskarisidir. Xitoyda o‘sish ro‘y berayotgani, G‘arb mamlakatlari esa uzluksiz tanazzulga yuz tutayotganiga ishonchning ham yangi tarafdorlari paydo bo‘lmoqda.

Xitoyda virus tarqalishi kamaya borgani sari Pekin o‘z obro‘sini tiklash uchun ko‘proq harakat qilaveradi. Italiyaliklar Yevropa Ittifoqiga aʼzo qo‘shni mamlakatlardan ko‘mak kelmayotganidan xafa bo‘lib turgan paytda Xitoydan ushbu mamlakatga tibbiy ko‘mak yetib keldi. Pekin 1000 ta o‘pkani sunʼiy shamollatuvchi qurilma, 2 millionta niqob, 100 mingta respirator, 20 mingta himoya kiyimi va 50 mingta tibbiy tekshiruv to‘plami yuborish majburiyatini olganini eʼlon qildi. Xitoy hukumati yana Eronga tibbiyot brigadalari va 250 mingta niqob, Serbiyaga yuklar jo‘natdi. Serbiya prezidenti, “bizga yordam berishi mumkin bo‘lgan yagona mamlakat Xitoydir”, deb aytdi.

Hozircha Xitoy inqirozdan butunlay chiqib ketganini kafolatlab bo‘lmaydi. Yangi, chet eldan virus yuqtirish holatlari bilan bog‘liq xavotirlar mavjud, shuningdek, odamlarning bir joydan boshqa joyga borishiga oid cheklovlar bekor qilingandan keyin nima bo‘lishi ham aniq emas. Biroq mamlakatda virus yuqtirganlik bilan bog‘liq yangi holatlar yo‘qligi mamlakat amaldorlarining bayonotlariga ishonch bag‘ishlamoqda. “Xitoyning ushbu kurashdagi kuchi, ish samaradorligi va tezligi keng miqyosdagi eʼtiroflarga sazovor bo‘ldi, – xursand kayfiyatda davom ettiradi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Liszyan. Uning fikricha, Xitoy “epidemiyaga qarshi kurashda global saʼy-harakatlarning yangi standarti”ni o‘rnatdi. Shu bilan birga, bularning barchasi prezidentning ahamiyatini oshirmoqda va uni samarali rahbar ekanligini ko‘rsatmoqda. Inqirozning dastlabki haftalarida jamoatchilikka ko‘rinish bermagan Si Szinpin endi tez-tez ko‘rinib, Uxanga ham shaxsan tashrif buyurdi hamda o‘z xalqiga umid va himoya hissini baxsh etdi. Donald Tramp bilan solishtirganda, yer bilan osmoncha farq bor – AQSH prezidenti o‘zini butunlay boshqacha tutmoqda.

AQSH Tramp rahbarligida ushbu inqirozga nisbatan ko‘proq millatchilik yondashuvini tanladi. Ushbu yondashuv koronavirusga qarshi yakka o‘zi vaksinaga ega bo‘lish, boshqa mamlakatlar bilan chegaralarni erta yopish va ayni muammoga qarshi kurashda biror global format tashabbusi bilan chiqish istagining deyarli yo‘qligida namoyon bo‘ldi. Virus keng tarqalgan Eron va Venesuela singari mamlakatlarga virusga qarshi kurashda zarur vositalarni olishga yordam berishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarni bekor qilishni xohlamadi.

Mahalliy saylovchilar tomonidan qo‘llab-qo‘vvatlangan siyosat chet mamlakatlarda har doim ham ijobiy qabul qilinmasligi mumkin. So‘nggi yillarda AQSHning global miqyosdagi yetakchiligini Xitoy, Rossiya, baʼzi hollarda nisbatan kichik o‘yinchilar ham jiddiy qabul qilmayapti. Brekzitdan keyingi Yevropa ham, hatto yaqinda Britaniyaning yangi 5G mobil tarmog‘iga Xitoyning Huawei telekommunikatsion kompaniyasi uskunalarini yetkazib berishga rusxat etgan Birlashgan Qirollik ham AQSHdan nisbatan izolyatsiyalangan siyosat yuritmoqda.

Foreign Affairs jurnali koronavirus pandemiyasidan so‘ng butun boshli global tartib o‘zgarishi to‘g‘risidagi masalani o‘rtaga tashladi: “Global tartib boshidan asta-sekin, so‘ngra bir lahzada o‘zgarish tendensiyasi – tamoyiliga ega. 1956 yilda Britaniya hokimiyatining Misr shimoli-sharqidagi port shahar Suvaysh ishlariga muvaffaqiyatsiz aralashuvi Britaniya hokimiyati tanazzuli va Buyuk Britaniyaning jahonning yetakchi mamlakati sifatidagi intihosidan dalolat bergan edi. Bugun AQSH siyosiy arboblari Qo‘shma Shtatlar ayni vaziyatga mos tushadigan yo‘l tutuvchi amallarni bajarmasa, koronavirus pandemiyasi ular uchun “Suvaysh lahzasi”ni anglatishi mumkinligini tan olishi kerak bo‘ladi”.