“Jenoa” hujumchi uchun og‘ir jamoa, Shomurodov Italiyada porlaydimi?

Aytish kerak bo‘lgan birinchi narsa: Shomurodovning transferi nafaqat O‘zbekiston va Rossiyani larzaga keltirdi. “Jenoa” o‘n yil ichida biror bir futbolchi uchun bunday pul to‘lamagan. Genuyaliklar anchadan beri uch-to‘rt millionga futbolchi xarid qilishga o‘rganib qolgan edilar. Italiyaning boshqa klublaridan – Sturaro va Lapadulaning transferlari “Yuventus” va “Barselona”ning Pyanich – Artur almashinuviga o‘xshaydi. Ammo nomaʼlum osiyolik uchun 8-9 million – bu juda baland narx.

Klub o‘z tarixida faqatgina birgina chet ellik hujumchi uchun ko‘proq narx to‘lagan – uning ismi Diyego Milito

Eldor transfer oqimida yo‘q bo‘lib ketmaydi. U olmos, Genuya jamoasining transfer bozoridagi uzoq yillar davomidagi eng katta ishonchi. U uchun to‘langan narx bunga umid beradi. “Gazzetta dello Sport” allaqachon Shomurodov “Piontek” effektini takrorlashi mumkinligi haqida yozdi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki uning transfer narxi Pionteknikidan ikki baravar qimmat.

Keling, Shomurodov Italiyada yana nimalarga duch kelishini haqida gaplashamiz.

“Jenoa” himoyadan o‘ynaydi, hujumchilar himoyada ishtirok etadilar. Eldorning maydonda ishi ko‘p bo‘ladi

“Jenoa” ustozi Rolando Maran burchak zarbalari vaqtida himoyani pozitsiyalash bo‘yicha diplomni yoqlagan. Bunday mavzuni tanlash maʼlum bir xarakterni nazarda tutadi va Maran xuddi shunday inson: juda qattiq bo‘lgan murabbiy minimalist hisoblanadi va qattiqqo‘l futbolni namoyish etadi.

Maran o‘yinni kodlashtirmaydi, lekin shunchalar soddalashtiradiki, asosiy harakatlar o‘z-o‘zidan avtomatlashtiriladi. U past pozitsion tayanch yarim himoyachi bilan harakat qiladi, o‘yinni himoyadan quradi, lekin bir zumda butun maydon bo‘ylab hujumga o‘tadi. Bu narsani u ishlagan barcha klublarda ko‘rish mumkin edi – “Kataniya”, “Kyevo”, “Kalyari” va hozir “Jenoa”da. Rolando A Seriyada sakkiz yildan beri ishlamoqda, shu vaqt ichida u oltita sxemani o‘zgartirdi, jamoadagi futbolchilarga qarab moslashish mahoratini ko‘rsatdi, futbolchilar rollarni aralashtirdi – ammo uning uslubi doim bir xil bo‘lib qoldi.

Maranning hujumchisi baxtsiz inson. Hujumchilar uning tizimida asosiy ijrochi sifatida ko‘riladi. Maydondagi sxema bir hujumchini yashirib bo‘lsa ham, uning jamoalari doim ikki hujumchi bilan harakat qiladi (xuddi “Kataniya”da 4-3-3 sxemasi bo‘lgani kabi) –  ikkala hujumchi ham o‘yining barcha bosqichlarda harakat qilishi lozim.

“Jenoa” himoyadan ikki yo‘l bilan chiqadi. Agar raqib juda qattiq bosim uyushtirmasa, Maran to‘pni pastdan tez o‘tkazishni afzal ko‘radi; bu yerda ikkinchi hujumchi muhim rol o‘ynaydi – u ichkaridan kelayotgan uzatma uchun chiziqlar orasida ochilishi, to‘pni ushlab turishi va hujumni rivojlantirishi lozim. Agar bosim ko‘paysa, Genuyaliklar uzoq uzatmalarga o‘tadilar. Bu vaziyatda asosiy hujumchi ikkinchi qavatdagi kurashni yutishi va sherigiga to‘pni yetkazishi kerak. +

To‘pni ushlashda “Jenoa” maydon bo‘ylab xarakat qiladi. Agar bu natija bermasa va raqib yopilib olsa, jamoa ehtiyotkorlik bilan 3-1-4-1-1 ko‘rinishga o‘tadi. Yakuniy bosqichda minimum futbolchilar ishtirok etadilar. Bu tizim Maranning asosiy qoidasiga amal qiladi – biz to‘pni qanchalik baland qaytarsak, darvozaga shuncha kam masofa qoladi: “Jenoa” qanotlardan hujumga o‘tadi, bu esa raqib to‘pni jarima maydonchasidan qaytarishga majburlaydi.

To‘pni yo‘qotilsa, jamoa 5-3-2 ga o‘tadi. Himoyaning qanchalik chuqur bo‘lishi raqibga bog‘liq. Kuchli raqiblarga qarshi “Jenoa” to‘liq himoya chizig‘iga bilan harakatlanadi: o‘z maydoniga qaytadi, uzatma uchun yo‘llarni yopib, darvozadan 40 metr uzoqlikda to‘p uchun kurashga kirishadi. Jarima zarbasi vaqtida esa to‘liq jamoa bilan himoyalanadi – baʼzan maydondagi barcha barcha o‘nta futbolchi jarima maydoniga qaytishi lozim. Kuchsizroq jamoalar bilan jenoaliklar shiddatliroq o‘ynaydilar – oldinroq bosim o‘tkazib, o‘z darvozasi oldida ham unchalar bekinmaydilar.

Aksariyat o‘yinlarda Shomurodovga aynan birinchi variant kerak bo‘ladi: “Jenoa” Italiyadagi eng kuchsiz ro‘yxatga ega jamoa hisoblanadi. Nomlar yomon emas, balki juda kuchli tuyulishi mumkin: Krishito va Pandev, o‘tgan mavsumda ikkisi birga 17ta gol urgan, Sapata – personal o‘yinda liganing eng yoqimsiz futbolchilaridan biri, Zappakosta yaqinda “Chelsi” libosida maydonga tushib yurgandi, Shene “Ayaks” safida Chempionlar Ligasida harakat qilgan , Perin – aqldan ozdiruvchi reaksiyaga ega posbon. Ammo bu yigitlar allaqachon eng yuqori cho‘qqilarini bosib o‘tishgan, qolaversa tez-tez jarohat oladilar, ularning o‘rnini bosadiganlar esa ulardan ikki yoki uch darajaga pastroq. O‘tgan mavsumda jenoaliklar faqat so‘nggi turda quyi ligadan qochib qutulishdi va yangi mavsumdagi asosiy maqsadlari B seriyaga tushib ketmaslik ekanligini yashirmayaptilar.

Umuman olganda, Maran futboli maza qilish uchun emas. Bu yerda harakat qilish kerak. Hujumchilar o‘rtasidagi vazifalar aniq belgilangan. Ikkinchi hujumchi chiziqlar oralig‘ida ochilsa, asosiysi oldinga o‘tadi, raqib himoyasini pasaytiradi, ikkinchisiga zona yaratadi yoki orqada qolib bo‘sh joy qoldiradi. Pozitsion hujumda raqib himoya chizig‘ida harakat qiladi va jarima maydonchasida zonalarni qidiradi. Bu vaziyatda ikkinchi hujumchi to‘p uzatmalarida qatnashadi.

Shomurodov ikkala vazifani ham bajarishga qodir (garchi ikkinchi hujumchi roli situatsion bo‘lsada, pozitsion hujumda unga mos kelmaydi), lekin birinchi navbatda u to‘qqizinchi raqam (asosiy hujumchi) sifatida ko‘rilmoqda. U uzoq uzatmalarda kurashga kirishi, himoyachilar ortidan tahdid qilishi, hujum va himoyada ulkan masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Aksariyat natijalar shunga bog‘liq: Jenoa ning 81% hujumlari qanot bo‘ylab amalga oshiriladi, bu A Seriyadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

“Jenoa” da 8 ta hujumchi bor, ammo haqiqiy raqib bitta. Shomurodovda imkoniyat bo‘ladi

Hozir Genuyalik klub ro‘yxatida 8 ta hujumchi bor, ammo Eldorning haqiqiy raqobatchilar ko‘p emas: ro‘yxatning yarmi ijaraga olingan primavera bitiruvchilari. Asosiy tarkibdagi ikki o‘ringa besh hujumchi daʼvogarlik qilmoqda: Marko Pyatsa, Mattia Destro, Goran Pandev, Janluka Skamakka va Eldor Shomurodov. Eldor ushbu ro‘yxatda ancha munosib ko‘rinmoqda.

Bu vaziyat “Rostov” jamoasining sobiq futbolchisiga asosiy maqomini berishni nazarda tutmoqda. Pyatsa va Destro bir necha yil oldin katta yulduzga aylanishi mumkin futbolchilar qatorida edilar. Skamakka esa 21 yoshda, u futbolga Pandev “Inter” bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan paytlarda kelgan. Qolaversa u “Sassuolo”ga tegishli va faqatgina so‘nggi chora sifatida ro‘yxatdagi birinchi nomga aylanishi mumkin. Goran esa, kechirasizku  37ga to‘ldi. Shomurodov “Jenoa”ning yosh va sarflanmagan salohiyatiga ega bo‘lgan yagona hujumchisi. Uni atrofida loyiha qurish mumkin.

(“Loyiha” so‘zi bu erda tasodifiy emas. Bosh murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng Maran shunday dedi: “Prezident endi maydonda qiynoqqa tushgan jamoani ko‘rishni istamaydi. U mendan birinchi mavsumda tushib B seriyaga tushib ketmaslikni, ikkinchisida o‘z uslubimizni yaratib, yuqoriga ko‘tarilishimni so‘radi. Menga yorqin shaxsiyat, Genuya mentalitetning aksi bo‘lgan jamoa kerak. “Jenoa” omon qolish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega. Maran ligadagi raqobatdosh murabbiylardan farqli o‘laroq buni allaqachon “Krotone”ni yirik hisobda mag‘lub etish bilan isbotladi 4: 1).

Shu bilan birga, Eldorning istiqbollari strategik ustunlik bilan cheklanib qolmaydi. U Maranga aksariyat jamoadoshlaridan ko‘ra ko‘proq mos keladi.+

Janluka Skamakka – Italiya yoshlar jamoasining eng yaxshi to‘purari, deyarli ikki metr bo‘ylik qotil o‘ng oyoq zarbasiga ega o‘yinchi. Agar siz uni hujum markaziga qo‘yib tinmasdan to‘p bilan taʼminlasangiz natija berishi mumkin, lekin bu “Jenoa”ga unchalik mos emas. Maran hujumchilarning vazifalarini aniq belgilab beradi: biri ortga qaytsa, ikkinchisi ofsayd chizig‘iga ko‘tarilib, hujumga o‘tadi. Pandev boshqalardan ko‘ra bunga tayyor va ikkinchi hujumchini o‘ynaydi. Jamoa to‘qqizligi (asosiy hujumchisi) u bilan birlashishi kerak. Skamakka bu vazifaga uncha mos kelmaydi. Himoyachi ortidan yugurib chiqishi uchun u biroz og‘irroq. Janluka ortga o‘tib, ikkinchi forvard uchun zonani ochishi mumkin, ammo bunday o‘yin uchun 37 yoshlik Pandevning kuchi yetmaydi. Skamakkaning imkoniyatlari qarshi hujum salohiyatini cheklaydi.

Marko Pyatsa – klub shifoxonasining doimiy mehmoni bo‘lgan profil vinger: yiliga kamida bir necha oy jarohatlarini davolaydi. To‘rt yil oldin u juda kuchli va katta futbolchiga aylanish imkoniyatiga ega edi, lekin ikkita juda og‘ir jarohat uni to‘xtatdi. Hozir u hamma narsada meʼyorida: o‘rtacha darajada tez va kuchli, o‘rtacha texnik, ammo “Jenoa”da asosiy futbolchi emas. Marko jarima maydonchasida yo‘qolib qoladi, darvoza orqa tomon bilan o‘yinda kuchli emas – aniqrog‘i, u bunday o‘yinga umuman tayyor emas – shuning uchun ham asosiy tarkibda emas. Pyatsa, ehtimol Pandevni o‘rniga birinchi muqobil futbolchidir, ammo to‘qqizlik vazifasi uchun faqat uchinchi tanlovdir.

Shomurodovning asosiy raqibi Italiya terma jamoasida 8 uchrashuv o‘tkazgan, bir vaqtlar mashhur Viyerining merosxo‘ri deyilgan 29 yoshli Mattia Destro. Olti yil oldin jurnalist Daniyele Manusiya Mattia haqida: “Destro Viyeridan keyin eng yaxshi italiyalik hujumchi va yaqin o‘n yil ichida dunyoning asosiy hujumchisiga aylanishi mumkin, ammo u sizning sport zalingizdagi yigitga o‘xshaydi, butun o‘yin davomida darvozadan bir metr narida turadi, keyin esa yechinish xonasida qancha gol urganligi bilan maqtanadi. ” – deb taʼkidlagan.

Mattia ko‘p xarakat qila olmaydi (yog‘och) va juda epchil emas, Shomurodovdan pastroq va sekinroq, ammo u jarima maydonchasida ajoyib o‘ynaydi va Pandevni yaxshi tushunadi. Buning afzalliklari bor. Lekin, bularning barchasi birinchi jarohatgacha. Sinisha Mixaylovich Destro har doim yaxshi holatga kelganida jarohat olishini aytgan. Bir marta u hatto golni nishonlash paytida mushaklarini jarohatlagan. Mavsum davomida Eldor “Jenoa” ning yagona sog‘lom to‘qqizligi (asosiy hujumchisi) bo‘lib qolishi mumkin.

Maran A Seriyada sakkiz yil o‘tkazgan va shu vaqt ichida uning hujumchilari atigi ikki marta mavsum davomida 12 dan ortiq gol urishgan. Birinchisi, hech qachon bir joyda turmagan va ko‘pincha bo‘shliq topa olgan Gonsalo Berxessio. Ikkinchisi – bosh bilan o‘ynashdan boshqa hech narsa qila olmaydigan, lekin buni aʼlo darajada amalga oshirgan Leonardo Pavoletti.

Shomurodov Maranning ikkita sevimli jihatlarini birlashtiradi: dinamik, tezkor va baland, hujumda bo‘shliq topa oladi va havoda xavfli. Stilistik jihatdan u “Jenoa” uchun ideal tanlov. Unda albatta imkoniyat bo‘ladi, hammasi A Seriyaga moslashish va imkoniyatlarni amalga oshirishga bog‘liqdir.

Muallif: Andrey Kleshenok

Suratlar: vk.com/fcrostov; globallookpress.com/Lapresse/Tano Pecoraro, Lapresse/Alessandro Tocco, imagephotoagency.it ; RIA Novosti/Sergey Pivovarov