Koronavirus qorong‘ida shisha va banknotalarda 28 kun davomida tirik qoladi.

COVID-19 ni keltirib chiqaradigan SARS-Cov-2 koronavirusi laboratoriya sharoitida 28 kun davomida qog‘oz va polimer kupyuralar, shisha va zanglamaydigan po‘lat kabi sirtlarda saqlanib qolgan. Bu haqda Avstraliyaning Ilmiy va amaliy tadqiqotlar davlat assotsiatsiyasi (CSIRO) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotida aytilgan, deb xabar bermoqda BBC News.

Avstraliyalik olimlar virus yuqish xavfini baholash uchun uni turli sirtlarda qancha yashashi mumkinligini aniqlashga qaror qildilar. Oldingi tadqiqotlar virus banknotalar va shishada ikki-uch kun, zanglamaydigan po‘lat va plastmassada olti kungacha nobud bo‘lmasligini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, CSIRO mutaxassislari taʼkidlaganidek, virus zanglamaydigan po‘lat materiallarda 3 kundan 14 kungacha yashashi mumkinligi to‘g‘risida qarama-qarshi hisobotlar mavjud.

Yangi tajriba mualliflari koronavirus uchun qulay sharoitlar yaratganlar: ultrabinafsha nurlarni virusga taʼsirini inobatga olgan holda, tadqiqot qorong‘i xonada, 20 daraja haroratda va bir xil namlikda o‘tkazildi. Haqiqiy sharoitlarda virusning yashash darajasi boshqacha bo‘lishi mumkin.

Yuqori haroratda – Selsiy shkalasi bo‘yicha 40 darajada virus tekshirilgan sirtlarning birida, paxta matosida – 24 soatdan kam, qolganlarida – 48 soat davomida yashadi.

BBC News ni xabar berishicha, Kardiff Universitetidagi Umumiy Sovuqni O‘rganish Markazining sobiq rahbari Ron Ekklz yangi tadqiqotni “jamiyatda keraksiz qo‘rquv” paydo bo‘lishiga olib keladi deb tanqid qildi. Uning taʼkidlashicha, virus havo yo‘llar yoki shilliq qavat orqali inson aksirganda, yo‘talganda yoki iflos qo‘llar bilan teginganda virusni yuqtiradi, ammo ushbu tadqiqotda bu vaziyatlar inobatga olinmagan va virusni tarqatish vositasi sifatida ishlatilmagan.