Vafot etgan Roman Bondarenko haqida maqola tayyorlayotgan jurnalist hibsga olindi

Belorussiya huquqni muhofaza qilish organlari mamlakatdagi eng yirik Tut.by nashri jurnalisti Katerina Borisevichni hibsga oldi.

19 noyabr kuni kechqurun Borisevich uyidan do‘konga chiqib ketgan va u bilan aloqa yo‘qolgan. Biroz vaqt o‘tgach, u xavfsizlik xizmati xodimlari hamrohligida uyga qaytgan. Mahalliy vaqt bilan kechki soat 7 da oddiy kiyimda va niqob kiygan shaxslar jurnalistni KGB tergov izolyatoriga olib ketganlar. Borisevichning qizi kvartirada tintuv o‘tkazilganini va xavfsizlik kuchlari noutbukni olib ketishganini aytdi.

Tut.by maʼlumotlariga ko‘ra, Katerina Borisevich Minskda hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay 12 noyabr kuni vafot etgan rassom Roman Bondarenko o‘limidan oldin mast bo‘lmaganligi haqida material tayyorlayotgan bo‘lgan.

Bondarenko “Tixari” (fuqarolik kiyimida, xavfsizlik xizmati xodimlari ko‘magida harakat qiladigan shaxslar) tomonidan qattiq kaltaklanganidan keyin vafot etgan.

Roman Bondarenko vafotidan keyin Belorussiya Tergov qo‘mitasi va Aleksandr Lukashenko Bondarenko mast bo‘lgan deb daʼvo qilishgan, ammo ismi oshkor etilmagan shifokor Tut.by ga bu haqiqat emasligini aytgan.

19 noyabr kuni Belorusiya Bosh prokuraturasi Tut.by vakillariga Roman Bondarenkoning tibbiy ko‘rik natijalari to‘g‘risida xabardor qilgan shifokorga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atganini eʼlon qildi. Ish tibbiy sirni oshkor qilish moddasi bilan qo‘zg‘atilgan. Prokuratura hibsga olinganlarning sonini ko‘rsatmasdan, “gumonlanuvchilar hibsga olingan” deb aytdi.

Roman Bondarenko vafotidan keyin Minskda uning xotirasiga bag‘ishlangan bir nechta namoyishlar bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralari xotira tadbirlarida ishtirok etgan insonlarni hibsga olgan.