Ruslan Nuriddinovning Olimpiya medali O‘zbekistonlik Ivan Yefremovga topshiriladi

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) og‘ir atletika bo‘yicha ikki vazn toifasida 2012 yilgi London Olimpiadasi medallarini qayta taqsimladi. Bu haqda XOQ veb-sayti maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, XOQ Ijroiya Kengashi og‘ir atletikachilar diskvalifikatsiya qilinganidan keyin intizom komissiyasining hukmi asosida qaror qabul qilgan.

Londonda 105 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan ukrainalik Aleksey Toroxtiy doping testlarini qayta tekshirishdan so‘ng mukofotdan mahrum qilindi. Uning oltin medali eronlik Navab Nosirshalalga, kumush polshalik Bartlomey Bonkga, bronza esa o‘zbekistonlik Ivan Yefremovga nasib etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2012 yilgi Olimpiadada ushbu vazn toifasida to‘rtinchi o‘rinni hamyurtimiz Ruslan Nuriddinov egallagan va bronza unga berilishi lozim edi. Lekin 2018 yilda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi 2012 yil Londonda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashgan beshta og‘ir atletikachining doping-sinovlari XOQ tomonidan ijobiy sinovdan o‘tganligini xabar qilgandi. Ular qatorida Ruslan Nuriddinov ham bo‘lgan. 2019 yil 27 may kuni Sport arbitraj sudi (SAS) Nuriddinovni 2012 yilgi London Olimpiadasida olingan doping namunalarini qayta tekshirgandan so‘ng dopingda aybdor deb topgandi.