O‘zbek futbolining adolatga allergiyasi bormi?

Futbol ishqibozlarining orasida shunday fikr aylanib yuradi: “Futboldagi “A” harfi “adolat” deganidir”.

Yillar davomida muxlislar, jurnalistlar bu haqda gapirib kelishdi, lekin hech kimning qo‘lida birov(lar)ni ayblashga asos yo‘q edi (endi bor, mazza). Xo‘sh, haqiqatan ham futbolimizning adolatga allergiyasi bormi?

Aftidan shunday ekan: 28 noyabr kuni O‘FA matbuot xizmati tashkilot Etika qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan 04/2020, 05/2020 – sonli qarorlarni eʼlon qildi — Jasur Muxtorov, Asker Nadjafaliyev va Temur To‘xtasinov jazoga tortildi (aniqrog‘i, jazolanganlar orasida faqat shularning nomi ommaga oshkor qilindi va urg‘u “sotilgan” hakamlarga qaratildi). Bu oldinga tashlangan katta qadamdek ko‘rinadi. Ammo…

Buyurtmachilar parda ortida qolmasligi shart!

O‘FA bayonotida shunday band bor: “Shu jumladan, qo‘mita qarorlari bilan mazkur holatlarga aloqador bir nechta yordamchi hakamlar, nazoratchilar hamda futbol klublari masʼullari tegishli jarimalarga tortildi”.

Bu bir qancha savollarni keltirib chiqardi. Jumladan, huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev shunday yozdi: “Agar o‘sha hakamlar o‘yin natijasiga taʼsir qiladigan qarorlar chiqarish uchun kelishgani isbotlangan bo‘lsa, unda o‘sha hakam bilan kelishib, “soqqasini bergan” futbol klubi masʼullariga javobgarlik yo‘qmi?”

Darhaqiqat, Etika qo‘mitasi qaror chiqarishda mantiqsizlikka yo‘l qo‘ymaganmi?

“Sotilgan”lar chetlatildi, gap yo‘q. Buyurtmachilar esa? Yo‘q! Bayonotga ishonadigan bo‘lsak, ularga nisbatan faqat jarima qo‘llanilgan. Masalan, men shunday o‘ylayman: “buyurtmachi”lar hakamlarga nisbatan qattiqroq jazolanishi shart. Ular futbol ichida yuraverar ekan, bu kabi holatlar qaytalanaveradi (takliflar aynan talab bor joyda paydo bo‘ladi).

Joriy mavsum natijalari qayta ko‘rib chiqilishi kerak!

O‘FA bayonotida aynan qaysi o‘yinlarda korrupsion holatlar aniqlangani to‘g‘risida maʼlumot yo‘q. Hakamlar nechtadan o‘yinning natijasini o‘zgartirib yuborgani ommaga oshkor qilinmadi, ammo ularga nisbatan qo‘llanilgan jazo choralarining turlichaligi o‘yinlar soni ham bir xil emasligidan dalolat. Etika qo‘mitasining maqsadi adolatni taʼminlash bo‘lsa, birinchi navbatda korrupsion holatlar aniqlangan bahslarning natijasini bekor qilishi kerak. Sabab shundaki, bu musobaqa jadvaliga jiddiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin — sovrindorlar yoki chempionatni tark etadigan klublarning o‘rin almashtirish ehtimoli yo‘q emas.

Xullas, futbol muxlisi sifatida O‘FA Etika qo‘mitasi tomonidan chiqarilgan qarordan qoniqmadim. Fikrlarimni yuqorida keltirdim. Hozir esa futbol tarixidagi eng katta janjallardan biriga to‘xtalmoqchiman.

 “Kalchopoli”          

2006 yilning 22 aprelida Italiyaning “Gazzetta dello Sport” nashrida chop etilgan maqola italyan futboli uchun “bomba” bo‘ldi. O‘sha voqea qanday yuz berganidan xabaringiz bor-a?

Dastlab, “Inter”ning o‘sha paytdagi prezidenti Massimo Moratti qo‘lidagi dalillarni Turin, Rim va Neapol sudlariga yuboradi, ammo hech qanday natijaga erisha bilmaydi. Shundan keyin u matbuotda katta shov-shuv ko‘tardi va omma g‘azabga mindi — muxlislar adolatni tiklab, aybdorlarni jiddiy tarzda jazolashni talab qila boshladi. Italiya Futbol Federatsiyasi sodir bo‘layotgan voqealarga ko‘z yuma olmadi va tergovni boshladi. Tezda korrupsiyaning barcha tafsilotlari maʼlum bo‘lib bordi. Favqulodda tergov komissiyasidan keyin IFF chiqargan qarordan faqat buyurtmachi klublarga tegishli qismini eʼtiboringizga havola qilmoqchiman:

“Yuventus” – quyi ligaga (Seriya B) tushib ketish, yangi mavsumni -9 ochko kamomad bilan boshlash, YECHL-06/07 dan diskvalifikatsiya, 2 uy o‘yinini yopiq eshiklar ortida (bo‘sh stadion) o‘tkazish, Italiya chempionatida qo‘lga kiritilgan so‘nggi 2 tituldan mahrum bo‘lishi kerak.

“Milan” – 05/06 yilgi mavsum uchun 30 ochkodan mahrum qilish, yangi mavsumni -8 ochko kamomad bilan boshlash, bitta uy uchrashuvini yopiq eshiklar ortida o‘tkazish.

“Fiorentina” – yangi mavsumni -15 ochko kamomad bilan boshlash, YECHL-06/07 dan diskvalifikatsiya, 2 uy o‘yinini yopiq eshiklar ortida (bo‘sh stadion) o‘tkazish.

“Latsio” – yangi mavsumni -3 ochko kamomad bilan boshlash, UYEFA kubogidan diskvalifikatsiya, 2 uy o‘yinini yopiq eshiklar ortida (bo‘sh stadion) o‘tkazish.

“Rejina” – yangi mavsumni -11 ochko kamomad bilan boshlash va 100,000 yevro miqdoridagi jarima.

Tasavvur qilyapsizmi, amaldagi chempion tituldan mahrum qilinib, quyi ligaga ravona qilindi, klublardan ochkolar ayrib tashlandi, YECHL va UYEFA kubogidan chetlashtirildi! Klublarning masʼullari jarimaga tortilish bilan birga, maʼlum muddatga futboldan chetlatildi. Vaholanki, Italiyada ham faqat “sotilgan” hakamlarni keskin jazolash bilan cheklanish imkoniyati bor edi, ammo adolat qaror topdi. O‘shanda tuzilgan favqulodda tergov komissiyasining tarkibi barchaga oshkor edi va voqealar rivoji borasida OAVdan sir saqlanmadi. (Maqolaga tayyorlanish jarayonida Etika qo‘mitasining tarkibi bilan qiziqdim, o‘zimda paydo bo‘lgan savollarga javob ola bilsam, ehtimol, o‘qiyotganingiz yozilmasdi ham. Ammo, афсус…)

O‘FA Etika qo‘mitasi ayni paytda o‘z ishini davom ettirmoqda. Shu o‘rinda bizga nomaʼlum masʼullardan aybi isbotlangan barchani keskin tarzda jazolashni so‘rayman va talab qilaman. O‘zbek futbolining ertasi aynan hozir qabul qilinadigan qatiy qarorlarga bog‘liq.

Faxriddin Ro‘ziyev, O‘zJOKU talabasi

championat.asia