Qirg‘izistonning sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyev bilan bog‘liq voqeliklar juda chigallashib ketdi. Avval uni 11 yilu ikki oylik qamoq jazosiga hukm qilishdi. Jinoiy guruh rahbari Aziz Batukayevning qamoqdan noqonuniy ozod etilishi bilan bog‘liq ish yuzasidan!
Bu ishning qisqacha tafsiloti shunday: 2013 yil aprelda “qonundagi o‘g‘ri” — Aziz Batukayev og‘ir leykoz kasalligi tashxisi bilan Norin viloyatidagi qamoqxonadan ozod qilingan va Chechenistonga davolanish uchun maxsus samolyotda jo‘nab ketgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, berilgan tibbiy guvohnoma soxta ekanligi maʼlum bo‘lgan va bu ishga maʼsul rasmiylar ustidan jinoiy ish ochilgan. Biroq, nomaʼlum sabablarga ko‘ra, jinoiy ish to‘xtatilgan.
Almazbek Atambayev 2019 yilning avgustida ayni shu ish yuzasidan poraxo‘rlikda ayblanib, Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida qurolli to‘qnashuv natijasida hibsga olingan.
Ammo joriy yilning 6 oktyabrga o‘tar kechasi Bishkekda yuz bergan tartibsizliklar paytida namoyishchilar tomonidan qamoqdagi qator siyosatchilar bilan birgalikda sobiq prezident Almazbek Atambayev ham ozod qilinganidan xabaringiz bor. Biroq oradan ikki kun o‘tib, u hibsga olingan va yana qamoqqa qaytarilgan.
Bugungi xabarlar esa quyidagicha: “Bi-bi-si”ning yozishicha, Qirg‘iziston Oliy sudi jinoiy guruh rahbari Aziz Batukayevning qamoqdan noqonuniy ozod etilishi bo‘yicha hukmlarni bekor qilgan.
Sobiq davlat rahbari Almazbek Atambayev advokati Zamir Jooshevning maʼlum qilishicha, jinoiy ish Birinchi May tuman sudida qayta ko‘rib chiqiladi.
“Oliy sud hayʼati Aziz Batukayevni qamoqdan ozod etilishi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqdi. Sud majlisida biz, Almazbek Atambayevning advokatlari quyi sudlarning hukmlarini bekor qilish va ishni birinchi instatsiya sudiga qayta ko‘rib chiqish uchun yuborishni so‘radik. Iltimosimiz qanoatlantirildi va endi ish yangi tarkibda Birinchi May tuman sudida ko‘rib chiqiladi”, deydi advokat o‘zining Facebook sahifasida.
Ushbu maʼlumotni Oliy sud ham tasdiqlagan.
Bugungi kunda eks-prezident Almazbek Atambayev Bishkekdagi 47-son axloq tuzatish muassasasida qamoq jazosini o‘tamoqda.