Moldovaning yangi prezidenti Rossiya qoʻshinlarini mamlakatdan olib chiqishni talab qildi

Moldovadagi voqealar rivoji oʻz hududida Rossiya qoʻshinlarini joylashtirgan yoki Kremlning rus millatiga mansub ozchiliklar bilan oʻyinlaridan xavotirda boʻlgan bir qator postsovet mamlakatlarning eʼtiborini tortishi tayin.

Moldovaning Dnestrboʻyi boʻlginchi mintaqasida mashq qilayotgan Rossiya qoʻshinlari, 2017-yil. (Rossiya mudofaa vazirligi)

KISHINEV, Moldova – Moldovaning yangi prezidenti Mayya Sandu Ukraina bilan chegaradagi boʻlginchi hududdan Rossiya qoʻshinlarini olib chiqishga chaqirdi.

Yangi saylangan prezident sifatidagi ilk matbuot anjumanida Sandu Rossiya kuchlari Dnestrboʻyi hududida boʻlishga haqli emasligini aytgan.

15-noyabr kuni prezident etib saylangan Sandu 24-dekabrdan oʻz lavozimini bajarishga kirishadi.

Rossiyaning “tinchlikparvar” kuchlari – Dnestrboʻyidagi Rossiya qoʻshinlarining operativ guruhi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) fuqaroviy nazoratchilariga almashtirilishi lozim, dedi Sandu dushanba (30-noyabr) kuni.

Mayya Sandu Moldova prezidenti etib saylanganidan bir kun oʻtib, 16-noyabrda Kishinyovda oʻz tarafdorlari oldida nutq soʻzlamoqda. U Rossiya qoʻshinlarining mamlakatdan olib chiqilishini talab qilgan. (Sergey Gapon/AFP)

1990-yillarning boshida mamlakatdan ajralib chiqqan Dnestrboʻyini himoya qilish bahonasida mintaqaga 1500ga yaqin Rossiya qoʻshinlari joylashtirilgan edi. Bu yerda asosan Moldovaning Ruminiyaga qoʻshilib ketishidan qoʻrqib, 1992-yilda Moldova kuchlariga qarshi jang qilgan etnik ruslar yashaydi.

Moldovaning boʻlginchi Dnestrboʻyi mintaqasida tayyorgarlikdan oʻtayotgan Rossiya harbiy razvedkasi zobitlari, 2017-yil. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Matbuot anjumanida gapirgan Sandu muzokaraga tayyor ekanligini aytgan, ammo: “Biz biror bir xorijiy kuchning oʻz hududida boʻlishini istamaydigan mustaqil davlatmiz” deb bayonot bergan.

“Bu shunchaki bayonot emas – zaruratdir”, deb qoʻshimcha qildi u.

Rossiya qoʻshinlarini Moldovani tark etishga chaqirgan birgina Sandu emas.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham Rossiya qoʻshinlarini qoʻriqlanayotgan qurol-yarogʻ zaxiralari bilan bu hududdan “hech qanday shartlarsiz” chiqib ketishga chaqiruvchi bir qator rezolutsiyalarni qoʻllab-quvvatlab keladi.

Mamlakat hududida Rossiya qoʻshinlarining boʻlishi Moldovaning Yevropa Ittifoqiga (YI) qoʻshilish imkoniyatiga putur yetkazmoqda. Moskva tomonidan qoʻzgʻatilgan boshqa mojarolar, shuningdek, Ukraina va Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga kirish yoʻlidagi saʼy-harakatlariga ham shunday taʼsir koʻrsatgan.

Sanduning chaqirigʻiga javoban Kreml yashirin tahdidli bayonot bilan chiqdi.

“Har qanday oʻzgarish mintaqadagi vaziyatni jiddiy izdan chiqarishi mumkin”, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 30-noyabr kuni Moskvada jurnalistlarga.

Postsovet davlatlar vaziyatni kuzatmoqda

Moldovadagi voqealar rivoji oʻz hududida Rossiya qoʻshinlarini joylashtirgan yoki Kremlning rus millatiga mansub ozchiliklar bilan oʻyinlaridan xavotirda boʻlgan bir qator postsovet mamlakatlarning eʼtiborini tortishi tayin.

Rossiyaning sharqiy Ukrainaga bostirib kirishi va 2014-yilda beqarorlik keltirib chiqarish maqsadida niqobli “koʻngillilar” yollab, Qrimni tortib olishi uchun Kreml koʻplab nizoli hududlarda Putinning “iflos” ishlarini bajaradigan yollanma jangarilar va muntazam qoʻshinlardan foydalangan.

Gruziya fuqarolari Rossiyaning ochiqdan-ochiq aralashuviga duch kelishgan. 2008-yilning 8-avgust kuni Rossiya armiyasi Gruziyaga bostirib kirgan va mamlakat hududining beshdan birini egallagan. Moskva Janubiy Osetiya va yana bir ayirmachilar anklavi – 1993-yilda Rossiya qoʻshinlari tomonidan bosib olingan Abxaziyani mustaqil davlat sifatida tan olib, u yerda oʻzining doimiy harbiy bazalarini joylashtirdi.

2020-yilgi Togʻli Qorabogʻ mojarosida Armaniston ustidan oʻz gʻalabasini nishonlagan ozarbayjonliklar esa urushga chek qoʻygan noyabr oyidagi sulh bitimining muhim bandlaridan biri yuzasidan xavotir bildirganlar, u ham boʻlsa – hududga besh yillik yangilanuvchi mandat asosida 2000 nafar rossiyalik “tinchlikparvar” askarning kirishidir. Bu 1994-yildan keyin Ozarbayjonga kiritilgan ilk Rossiya qoʻshinlari boʻladi.

Rossiya harbiylarining bu kabi uzluksiz faoliyati Markaziy Osiyoda jiddiy xavotir uygʻotgan boʻlib, Rossiyaning aralashuvidan mintaqadagi davlatlar rahbarlari va aholisi birdek xavotirda qolmoqda.

Bunday xavotirlar, ayniqsa tabiiy resurslarga boy va mintaqada eng koʻp etnik ruslar yashaydigan Qozogʻistonda tobora kuchayib bormoqda.

Bostirib kirish uchun bahona

Oʻtmishda Kreml Ukrainada boʻlgani kabi, xorijdagi etnik ruslardan iborat ozchiliklarni himoya qilishni hududga bostirib kirish uchun bahona sifatida qoʻllagan.

Oʻz navbatida Nur-Sulton Qozogʻiston shimolida etnik ruslarning konsentratsiyasini kamaytirish boʻyicha choralar koʻrdi. Etnik qozoqlarni mamlakat janubidan shimoliga ixtiyoriy ravishda koʻchirish amaliyoti shular jumlasidandir.

Rossiya ommaviy axborot vositalariga koʻra, Qozogʻiston va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasidagi chinakam hamkorlikning kuchayib borayotgani Rossiyani tobora koʻproq gʻazablantirmoqda.

Tojikiston ham Moskvaning harbiy qudrati oldida himoyasiz boʻlib chiqdi. Bu yerda Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi – 201-harbiy baza joylashgan.

Kremlning katta sondagi qoʻshinlari qoʻshni Afgʻonistonni bahona qilib Tojikistonda boʻlib turibdi. Moskva Afgʻonistondagi 10 ming jangarining Markaziy Osiyoga bostirib kirish xavfi bor, degan taxminni tez-tez tilga olib turadi, garchi afgʻon rasmiylari bu raqamni rad etishsa ham.

Iyul oyi oʻrtalarida Rossiya va Tojikiston Afgʻoniston tarafidan jangarilar hujumiga tayyorgarlik oʻlaroq iddao qilingan qoʻshma harbiy mashgʻulotlarni oʻtkazgan, biroq, kuzatuvchilarga koʻra, buning asosiy sababi – Rossiyaning oʻz “orqa hovlisi”ga boshqalar, jumladan Xitoyning kirishini istamayotganidir.

Rossiya qoʻshinlari, shuningdek, Qirgʻizistonda ham joylashtirilgan boʻlib, bu yerda Kreml yaqinda boʻlib oʻtgan prezident saylovlaridan soʻng oʻzining yoʻqolib borayotgan taʼsirini tiklashga urinmoqda.

Karvonsaroy