Keyin K.Allamjanovning mana bu posti chiqdi. “Press klubni rosa berilib ko‘rib o‘tirgan ekanman, sakrab tushdim news24 boshlanib, ingliz tilida gapirib ketsa. Avvaliga sinxron tarjima o‘chib qoldi deb o‘yladim, keyin ko‘zoynagimni taqib yaxshilab qarasam, yo‘q haqiqatda news24. O‘zi endi o‘ylab o‘tirgan edim, negadir news24 vaqtida efirga chiqmayapti, uni ko‘rmay endi bugun qanday ish kunimni boshlayman deb”.
Kim qayerda qanday izoh berar ekan kutib turgan edik, juda ajoyib va vaqtida ijtimoiy tarmoqda “Jonli efir uzilgach, nima gaplar bo‘ldi?” deb nomlangan materiali qo‘yildi.
Menga eng ko‘p berilayotgan savol shu hozir.
O‘zi g‘alati zanjir reaksiyasi kuzatilyapti: AOKA saytlarga xat chiqardi – savollar tug‘ildi, uning oqibatlarini bartaraf etish uchun bayonot chiqdi – savollar to‘xtamadi, XPKda davra suhbati uyushtirildi va yana savollar paydo bo‘ldi. Ulardan hozir menga eng ko‘p berilayotgani: nega jonli efir uzilib qoldi? Efir uzilgach, nimalar bo‘ldi va uni keng omma to‘liq ko‘ra oladimi?
Avvaliga fikrimni aytay: shaxsan mening nazarimda hozir muammo axborot olishdan ko‘ra ko‘proq, olingan axborotlarni uzatish va xulosalarni aytishda. Yaʼni davlat idoralarida ochiqlik birmuncha taʼminlangan, axborot xizmatlari, turli portallar, matbuot anjumanlariyu press-turlar bor. Biroq shu axborotni olish, qayta ishlash, faktlar bilan o‘ynash, kontekstdan uzish, nomuvofiq sarlavhalar qo‘yish kabilar bir tomon, tanqidiy fikrlar va xulosalarni zarbulmasal qilmay, ochiq aytish va keyin u aytilgan gaplar o‘chirib yuborilmasligi boshqa tomon – muammolar shu chegaralarda. Shuning uchun matbuot kotiblarining malakasini oshirish kerak bo‘lsa-da, hozir asosiy muammo bu emas (menimcha). Axborot maydonidagi muammolarga ham matbuot kotiblarining malakasidan ko‘ra ko‘proq taʼsir qilayotgan boshqa omillar bor. Hozir asosiy muammo axborot makonida tomonlarning o‘yin qoidalarini kelishib olib, ularga og‘ishmay amal qilishida.
Davra suhbatiga qaytsam
Jonli efir uzilgach, munozara va muhokamalar boshlandi. “O‘zbekiston24” jurnalisti Nozima Toshpo‘latova (doim jurnalistikaning yuqori standartlarini gapirib kelgani uchun hurmat qilaman shu qizni) bugun eng katta auditoriyaga ega “Kun.uz” axborot portali bilan ko‘ngilochar telegram kanallari auditoriyasi ko‘lamini misol keltirib, jiddiy jurnalistikaga o‘qilmay va eshitilmay qolish xavf solayotgani haqida gapirdi. Zafarbek Solijonov jurnalistik faoliyatga tazyiq o‘tkazganlik uchun javobgarlik joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdiri bilan qiziqdi. Sodiq Safoyev bu masala kun tartibida turganini maʼlum qildi. “Adabiyot” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karim gazetaning soxta nusxalari chop etilgani va bu holat yetarlicha o‘rganilmagani masalasini ko‘tardi, S.Safoyev bu vaziyat albatta nazoratga olinishini aytdi. Mavjuda Mirzayeva jurnalistlarga bosimlar bo‘layotgani, xususan, o‘zining ishdan bo‘shatilganini aytdi. Anora Sodiqova OAVning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun maxsus davlat tashkiloti yana qaysi davlatlarda bor deb so‘radi. Akmal Saidov davlatning OAV faoliyatini muvofiqlashtirishi barcha davlatlarda bor deb javob berdi. Yana bir jurnalist (ismini unutdim) “Ichki senzurani yo‘qotish uchun tashqi senzurani yo‘qotish kerak” degan qiziq tezisni ilgari surdi. Qolganlarga mikrafon tegmadi, vaqt yetmadi. Tez orada jurnalistlar va blogerlar uchun muhokama portali ochilishi va o‘sha yerda bemalol fikr almashish imkoniyati yaratilishi vaʼda qilinib, tadbirga yakun yasaldi.
Moderator Sherzod Qudratxo‘jayev jonli efir uzib qo‘yilishiga sabab qilib reglamentni va efir uchun olingan vaqt tugaganini aytdi (Youtube ga to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiyani ulab qo‘yish mumkin edi, masalan).
Shaxsiy fikrim: moderator tadbir reglamentini va unga ajratilgan vaqtni avvaldan bilar edi. 2 soatlik tadbir uchun 12 ta(!) spiker chaqirish maqsadga muvofiqmidi? Xushnud aytganidek, rasmiylar uzoq gapirishlari to‘g‘rimidi? 2 soat maʼruzalar va 20 daqiqa savollar – bu muvozanatsizlik, har holda.
So‘z erkinligi uchun qilingan ishlarni va bo‘layotgan o‘zgarishlarni men shaxsiy tajribamdan kuzatib kelmoqdaman: 20 yildan beri shuning ichidaman. “Navoiy 30” dagi bosh senzordan muhr bostirib kelinadigan zamonlardan tortib bugun rasmiylarga tikka savol beriladigan darajagacha – bari ko‘z oldimdan o‘tdi. Fikr aytish erkinligi bugungi darajada shaxsan mening tajribamda, avval kuzatilmagan. Bularni eʼtirof etmay iloji yo‘q. Aynan shu ochiqlik va erkinlik yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini ham oshirdi.
Biroq baribir bu kam, OAV va blogerlar ko‘prog‘ini istaydi, yaʼni sohada rivojlanish dinamikasi susaymasligi kerak. Bugungidek tadbirlar aynan shu mujdani yetkazish uchun zarur.
Faqat ularni niyatlarimiz samimiy ekaniga savollar qoldirmaydigan darajada tashkillashtirish lozim.