Jinsiy tarbiya: u qanday bo‘lishi kerak?

Sog‘lom hayot kechirishimiz uchun har birimizda tibbiy madaniyat darajasi yuqori bo‘lishi lozim. Zero, kasallikka chalinmaslikni hamma ham istaydi, faqat uning profilaktikasi haqida yetarli bilimga ega bo‘lish salomatlik garovi ekanini ko‘pchilik anglab yetavermaydi.

YUNESKOning Global Taʼlim Monitoringi hisobotidan olingan statistik maʼlumotlar shuni ko‘rsatadiki, onalarning taʼlim darajasi farzandlar salomatligini, ular to‘g‘ri ovqatlanishini va o‘z vaqtida emlanishini taʼminlaydi. Shu bilan birga bolalar o‘limi, onalar o‘limi va OITS kasalligini kamaytirishda ham yosh onalardagi tibbiy bilim muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda erta turmush qurish va o‘smir yoshdagi homiladorlik muammosi ko‘pchilikni bezovta qilmoqda. Chunki erta tug‘ruq ayolda o‘lim xavfini oshiradi, shuningdek, ona va bolaning salomatligi bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘ladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasidagi homiladorlikning eng past ko‘rsatkichlari (2017 yilgi maʼlumotlarga ko‘ra) 15-19 yoshdagi har 1000 nafar qizga Shimoliy Koreyada – 0 (to‘liq maʼlumotlar yo‘qligi sababli), Koreya Respublikasida – 1, Xitoy va Shveysariyada – 3, Daniya va Singapurda – 4, Belgiya, Fransiya, Italiya, Lyuksemburg, Shvetsiya, Norvegiya va Kiprda esa 5 tadan to‘g‘ri kelar ekan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Afrika davlatlariga to‘g‘ri kelib, birinchi uchtalik Nigeriya (187), Mali (169), Chadga (161) tegishli. Ushbu manbada O‘zbekistondagi holat ham qayd etilgan: 15-19 yoshdagi har 1000 nafar qizga 24 ta erta tug‘ruq to‘g‘ri keladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi taqdim etgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2019 yilning 10 oyida, O‘zbekistondagi 650 ming tug‘ruqqa 105 ta erta tug‘ruq to‘g‘ri kelgan. Bunda erta ona bo‘lganlar yoshi 17 yoshgacha hisoblanadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi maʼlumotlarida esa 2020 yilning o‘tgan olti oyi davomida 14-17 yoshli qizlar orasida 84 ta erta tug‘ruq holati qayd etilgan.

Xo‘sh, o‘smirlar orasidagi erta homiladorlik sabablari nimaga bog‘liq? Bugun qaysi davlatda bunday holatlar kam uchramoqda?

Afsuski, mamlakatimizda erta tug‘ruqlar soni aniqlanadi-yu, ushbu muammoning sabablari chuqur o‘rganilmaydi, tahlil qilinmaydi. Bu – mentalitetimizda xijolatli mavzu. Vaholanki, mazkur masalaning tub ildiziga yetib borish bugunning dolzarb vazifasi bo‘lishi lozim.

Yoshlar balog‘atga yetar ekan, jinsiy munosabatlar haqida noaniq, salbiy va chalkash xabarlar qurshovida qolmoqda. Ularni qiziqtirgan mavzuda internet sahifalari yoki tanish-bilishlardangina maʼlumot olish mumkin. Bu esa jinslar o‘rtasidagi farqlarning meʼyoriy fiziologik holat ekanini tushunishda qiyinchilik tug‘diradi. Bundan tashqari, yoshlar oilaviy hayot, tug‘ruqni rejalashtirish, kontratseptiv vositalardan to‘g‘ri foydalanish haqida kam bilishadi.

Tadqiqotlardan maʼlum bo‘lishicha, Gollandiya, Germaniya va Fransiya singari davlatlardagi maktab dasturlaridan jinsiy tarbiya mavzusi alohida o‘rin olgani bois, o‘smirlarning homilador bo‘lishi holatlari deyarli uchramaydi. Shuningdek, Shvetsiya, Daniya, Belgiyada ham bu masalaga jiddiy yondashiladi. Mazkur mamlakatlarda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan jinsiy tarbiya, jamiyatdagi gender rollar, gender tengligi masalasiga to‘g‘ri munosabat tufayli muntazam ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda.

Afsuski, yurtimizda hozirga qadar maktab o‘quv dasturlariga jinsiy taʼlim kiritilmagan. O‘spirinlar orasida erta jinsiy aloqa va bu bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa-da, ochiq aytilmaydi. Oila muhitida ham farzandlarga bu borada to‘g‘ri tushuncha berilmaydi. 

Ko‘cha-ko‘ydan olingan har bir noto‘g‘ri maʼlumot yoshlar orasida xatarli xatti-harakatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Pornografiya, jinsiy zo‘ravonlik va uning oqibatidagi erta homiladorlik kabilar shular jumlasidandir.

Oliy Majlis Senati va Gender tengligi masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bolalar bog‘chasidan tortib, to oliy taʼlim muassasalarigacha – har birida jinsiy tarbiya zarurligi haqida gapirdi. Senat raisi jinsiy tarbiya masalasi O‘zbekistonda yopiq mavzu ekanligi, ota-onalar farzandlariga bu mavzuda mutlaqo so‘zlamasligi, aslida, jinsiy tarbiyani bolalikdan olib borish kerakligini alohida taʼkidladi. Lekin T.Norboyevani barcha birdek to‘g‘ri tushundi va mazkur masalaning ahamiyatini angladi, deb aytib bo‘lmaydi. Internet sahifalarida bu mavzu yuzasidan bildirilayotgan negativ fikrlar buning yaqqol tasdig‘idir.

Jinsiy tarbiya dinga to‘g‘ri kelmaydi, masalan, islomda jinsiy tarbiya yo‘q, degan maʼnodagi gap-so‘zlar xususida biroz to‘xtalsak. Maʼlumki, ayollar payg‘ambarimiz (SAV) yashagan davrda ham jinsiy masalalarda u kishining huzuriga kelib, maslahat olishgan. Islom fiqh kitoblarida jinsiy ong, jumladan, hayz ko‘rish, tug‘ruqda qon ketishi, homiladorlik, tug‘ish, nikoh, g‘usl, jinsiy aloqa qoidalari, jinsiy aʼzodan suyuqlik ajralishi kabi mavzular batafsil ochib berilgan. Ayni mavzular jinsiy tarbiyaning asosi hisoblanadi.

Odatda, biror dinga mansublik shu insonning, albatta, jinsiy aloqadan tiyilishi kerakligini anglatmaydi. Amalda ko‘rishimiz mumkinki, xristian dini bo‘ladimi, islom dinimi yo boshqa bir din, bundan qatʼiy nazar, jinsiy aloqaga nisbatan cheklovlar qo‘yilishi doim ham natija bermagan. Chunki odamlar diniy majburiyatlarni hamisha o‘z o‘rniga qo‘yib bajaraverishmaydi. Hatto qator musulmon davlatlarda ham OIV va OITSga chalinganlar ko‘pligi buning isbotidir. Masalan, Afrikaning 38 mamlakatidagi musulmonlar orasida o‘tkazilgan tadqiqotlar bu davlatlarda OIV tarqalishi ko‘pligini ko‘rsatgan. Tanzaniyalik xristianlar o‘rtasidagi yana bir tadqiqot natijasi shuni ko‘rsatganki, bemorlarning diniy eʼtiqodi ularning pala-partish jinsiy hayoti va natijada OIVga chalinishiga to‘siq bo‘lolmagan.

OIV/OITS kasalligining tarqalish darajasi bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatiga qarasak, bu ro‘yxatda, asosan, Lecoto, Svazilend, Botsvana kabi Afrika davlatlari yuqori o‘rinda turadi. Shveysariya, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Germaniya kabi davlatlar esa bu borada eng past o‘rindadir. Chunki mazkur mamlakatlarda jinsiy tarbiya to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan.

Jinsiy taʼlim jamiyatdagi boshqa muammolarni ham hal etishga yordam beradi. Negaki, unda stereotipik gender meʼyorlarini o‘zgartirish, reproduksiya, infeksiyalar, jinsiy yaqinlikka rozilik ikki taraflama bo‘lishi va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligi haqida tushunarli maʼlumotlar beriladi.

Bugun jahondagi yoshlarning atigi 34 foizigina OITSning oldini olish va mazkur kasallik yuqishiga sabablar haqida bilimga ega. Ayrim mamlakatlarda har uch qizdan ikki nafari ilk bor hayz ko‘rganda nima bo‘layotganini tushunmaydi.

Ko‘pincha, jinsiy taʼlimdagi maʼlumotlar, xususan, kontratsepsiya vositasidan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish yoshlarni erta jinsiy hayot boshlashga undaydi va to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi, deya xavfsirashadi. Lekin YUNESKO o‘tkazgan tadqiqotda jahonning 87 davlatidagi amaliyot ko‘rib chiqilgan va jinsiy tarbiyaning xulq-atvorga taʼsiri haqida quyidagi xulosaga kelingan:

  • Dasturlarning hech biri yoshlarda erta jinsiy aloqa boshlanishiga taʼsir etmagan;
  • Dasturlarning ¾ qismi yoshlarda jinsiy hayot boshlashga ishtiyoqni kuchaytirmagan;
  • Dasturlarning uchdan biri yoshlarda jinsiy aloqa soni pasayishiga olib kelgan;
  • Dasturlarning ¾ qismidan ko‘prog‘i jinsiy sheriklar soni kamayishiga olib kelgan;
  • Biror dastur jinsiy sheriklar soni ko‘payishiga olib kelmagan.

Jinsiy taʼlim yoshlarni jinsiy aloqaga undamaydi. Aksincha, qarama-qarshi jins haqida to‘g‘ri tushunchalarni shakllantirish, qizlarning erkaklarga aldanib qolmasligi, yigitlarning esa ayollar va qizlarga nisbatan hurmat bilan qarashi uchun ularga keng tushuncha berish maqsadida tashkillashtiriladi.

Quyidagi muhim dalillar jinsiy taʼlimning ijobiy taʼsiridan dalolat beradi:

  • Jinsiy tarbiya yoshlarning jinsiy va reproduktiv salomatlik tushunchalarini boyitishga olib keladi;
  • Jinsiy tarbiya – maktab yoki undan tashqarida – jinsiy faollikni, OITS / OIV infeksiyasi bilan bog‘liq xatarlarni, erta homiladorlik darajasini kamaytiradi;
  • Jinsiy tarbiya faqat maktab dasturlarida emas, balki oilada, yaʼni ota-onalar ham unda ishtirok etsa ko‘proq samara beradi.

Maktab, universitet va kollejlarda yoshlar uchun jinsiy taʼlimning barcha jihatlarini qamrab oluvchi o‘quv dasturlari yaratilishi zarur. Bunday dasturlarning amaliyotga tatbiq etilishi erta tug‘ruq bilan bog‘liq muammolarni kamaytirishga xizmat qiladi. 

Maktab dasturlaridan tashqari yoshlarga maʼlum xatti-harakatlarning zo‘ravonlik alomati ekanligi va noinsoniy belgilarini tushuntirish lozim. Qolaversa, bahs-munozara shaklidagi davra suhbatlarini tashkil etish, mentalitetimizga mos reklama roliklarini tayyorlash, kitob va yo‘riqnomalar chop etish zarur.

Ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch mustahkam bo‘lishi kerak. Bolalar ota-onasi bilan biror masala yuzasidan tortinmay gaplashishga odatlanishi lozim. Jinsiy tarbiya jinsiy hayot haqidagi noto‘g‘ri tushunchalarga ega bo‘lmaslik uchun eng muhim vositadir. Bu kabi dasturlar yoshlarimizni to‘g‘ri fikrlashga o‘rgatib, ularning masʼuliyat hissi kuchayishiga, jinslar o‘rtasidagi farqlar tushunilishiga, oilaviy hayotdagi muayyan haq-huquqlarni bilishga, jinsiy aloqa borasida to‘g‘ri qaror qabul qilinishiga olib keladi.

Lo‘nda qilib aytganda, jinsiy taʼlim OITS va OIV, shuningdek, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan boshqa kasalliklar, erta homiladorlik, zo‘ravonlik, gender tengsizligi kabi muammolarning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Lekin shunga qaramay, O‘zbekiston yoshlari hanuz jinsiy tarbiya olish imkoniga ega emas. Muammo mavjudligini ko‘ra-bila turib, hal etmaslik, uning ko‘lami yana-da kengayishiga sabab bo‘ladi. Eng yomoni, tuzatib bo‘lmas salbiy oqibatlarga qarshi besamar kurashishga to‘g‘ri kelishi ham mumkin.

Malika Sharipova korporativ ijtimoiy masʼuliyat va barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassis, CARE CSR konsalting kompaniyasi rahbari