Mamlakatda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanlik faolligini oshirish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini taʼminlash maqsadida 2020 yilning 11 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qarori chiqarilgan edi.
Umuman olganda yaxshi tashabbus, aholini hunarli bo‘lishi, “non” topip yeyishi uchun yana bir imkoniyat berilmoqda. Qarorda mazkur markazlar va qisqa muddatli kurslarni tashkil etish uchun esa avvalgi kasb-hunar kollejlari binolaridan foydalanish belgilangan.
Bitta savolda (!) nima uchun kasb-hunar kollejlarini tezlik bilan tugatib o‘rniga yana huddi shu funksiyani bajarish sharti bilan qayta markazlar tashkil etilmoqda?
Savolga ijtimoiy tarmoqda juda chiroyli fikr qoldirilgan ekan. Marhamat sizga ham ilindik. Kollejlardan mardikor markazlariga: “Andijon shahrining Bog‘ishamol dahasida mehnat migrantlarini tayyorlaydigan markaz foydalanishga topshirilgani aytilmoqda.
Andijonda 800 o‘rinli aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi Andijon ijtimoiy-iqtisodiyot va pedagogika kolleji negizida tashkil etilgan.
Avval kasb-hunar kollejlarini, qonunchilikka o‘zgartirish kiritmay turib, bitta og‘zaki topshiriq bilan tugatib yuboramiz, nafaqat tugatamiz, moddiy texnik bazasini bir necha oylar ichida talon-taroj etamiz.
Bir muddat o‘tib, kasb-hunar o‘qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etish uchun yana 200 mlrd.so‘m pul ajratamiz. Kasb-hunarga o‘qitish markazlari jihozlanishi uchun yana zudtar og‘zaki topshiriqlar beramiz.
O‘zbekistonning keti keng. Har qanday xarajatni ko‘taraveradi.” deyilgan berilgan materialda.
P.S. Balki, qaror tashabbuskorlari tomonidan aholiga aniq tushunchalar berilar. Nima uchun kasb-hunar kollejlari tugatilib, sal o‘tmay yana shu turdagi vazifalarni bajarish maqsadidagi tizimga katta miqdordagi mablag‘lar yo‘naltirilmoqda?