Putin jinoyat sodir etgan bo‘lsa ham javobgarlikka tortilmaydi

Qonun Rossiya prezidenti va uning oila aʼzolariga hayotlari davomida sodir etilgan har qanday jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi daxlsizlik taqdim etadi. Shuningdek, ular tintuvlar, hibs va soʻroqdan ozod qilinadi.

Kreml tanqidchisi Boris Nemtsovni xotirlash marshida ishtirok etayotgan muxolifat tarafdorlari, Moskva, 29-fevral. Nemtsov 2015-yili Moskvada otib oʻldirilgan. (Dimitar Dilkoff/AFP)

Siyosiy tahlilchilarga koʻra, Rossiya parlementida tasdiqdan oʻtayotgan qonun loyihasi prezident Vladimir Putinning 20 yillik hukmronlik davrida oʻz mamlakati va xorijda amalga oshirgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishining oldini oluvchi navbatdagi choradir.

Isteʼfoga chiqqan sobiq prezidentlarga daxlsizlik huquqini beruvchi qonun 17-noyabr kuni Rossiya parlamentining quyi palatasi – Dumada birinchi oʻqishdan oʻtdi.

Rossiyada qonunlar tasdiqlanishi yoki rad etilishidan avval uchta oʻqishdan oʻtadi.

Bu qonun shu yil yozda umumxalq saylovlari bilan tasdiqlangan konstitutsiyaviy islohotlar sirasiga kiradi. Bu oʻzgartishlar Putinga 2024-yilda prezidentlik muddati tugaganidan keyin qayta saylanish imkonini beradi.

Loyiha qonun oʻlaroq qabul qilinishi uchun parlamentning yuqori palatasi – Federal kengash tasdigʻidan oʻtishi va Putin tomonidan imzolanishi kerak.

Hujjatga koʻra, sobiq prezident davlatga xiyonat yoki boshqa ogʻir jinoyatlar sodir etsa yoki Oliy va Konstitutsiyaviy sud unga nisbatan ayblovlarni tasdiqlasagina daxlsizlikdan mahrum etilishi mumkin.

Shundan soʻng, ikkala parlament palatasi ovozlarning uchdan ikki qismi bilan bu taklifni qoʻllab-quvvatlashi kerak.

Ayni damda Putin prezident ekan, 2008-2012-yillarda mamlakatga rahbarlik qilgan Dmitriy Medvedev Rossiyaning hayot boʻlgan yagona sobiq prezidenti boʻlib qolmoqda.

Shu kunning oʻzida Duma yana bir hujjatni birinchi oʻqishdan oʻtkazdi. Unga koʻra, sobiq prezidentlar Federatsiya kengashining umrbod aʼzosi boʻlib qoladi, bu esa ularga javobgarlikdan daxlsizlik maqomini beradi.

Bu qonun loyihalari ortidan 68 yashar Putin rahbarlikdan ketish niyatida, degan mish-mishlar paydo boʻlgan. Kreml bu gap-soʻzlarni rad etgan.

Har qanday jinoyatga nisbatan umrbod daxlsizlik

Qonun tasdiqlangan taqdirda sobiq prezident va uning oila aʼzolariga hayotlari davomida sodir etilgan har qanday jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilmaslik daxlsizligini beradi. Shuningdek, ular hibsga olinmaydi, tintuv va soʻroq qilinmaydi.

Hozirda prezidentlar faqat iqtidorda boʻlganida sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilmaslik huquqiga ega.

“Rossiya konstitutsiyasida sobiq prezidentlarning daxlsizlik maqomi avvaldan bor edi, yangi qonun esa bu mexanizmni yanada kengaytirib, uni bekor qilishni yanada murakkablashtiradi”, deydi “Uygʻon Qozogʻiston” fuqarolik harakati faoli va siyosiy tahlilchi olmaotalik Dimash Aljanov.

Bu kabi hujjatning ishlab chiqilishiga postsovet hudud: Ukraina, Belarus, Qirgʻizistonda yuz bergan voqelar sabab boʻlgan – ular hokimiyatni har qanday yoʻl bilan ushlab qolishga intiluvchi avtoritar liderlarga nisbatan xavf darajasini koʻrsatadi, dedi u.

“Bu qonunning mohiyati konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartishlar, Putinning avvalgi muddatlarini nolga tenglash va uning yana sakkiz yil davomida hukumat tepasida qolishi nuqtai nazaridan koʻrib chiqilishi lozim”, deydi u.

Shuningdek, qonun loyihasi Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning avgust oyida Sibirda asabni falajlovchi modda bilan zaharlanishi bilan ham bogʻliq, deydi Aljanov. Navalniy ayni damda Germaniyada davolanmoqda.

Ammo bunday mexanizmning Rossiya kabi qonun ustuvorligi boʻlmagan yoki avtoritar davlatlardagi samaradorligi “oʻta shubhali”, dedi u.

“Siyosiy rejimlar almashuvi yoki davlat toʻntarishlari vaqtida odatda hech kim qonunga, jumladan konstitutsiyaga boʻysunmaydi”, deydi Aljanov.

“Jinoyatchi ekanligini tan olish”

“Bunday qonunni qabul qilish oʻzini jinoyatchi deb tan olishga teng”, deydi “ASIA-Plus” va “Deutsche Welle” nashrlarida ishlagan, hozirda Yevropada yashayotgan tojikistonlik jurnalist Xayrullo Mirsaidov.

“Putin juda koʻp jinoyatlar sodir etgan, siyosiy qonunbuzarliklar tilga olinmagan taqdirda ham, bu misli koʻrilmagan miqyosdagi korrupsiyadir”, dedi u. “Ertami-kechmi, u qonun oldida javob berishi kerak. Shu sababli ham u shunday qonun ishlab chiqdi.”

Ammo avtoritar yetakchilar “bir narsani hisobga olishmaydi, ularni javobgarlikka tortish uchun bu qonunlar kelajakda xuddi shunday osonlik bilan bekor qilinishi mumkin”, dedi Mirsaidov.

“Shuning uchun ham bu qonun tergov boshlash, uning isteʼfosini talab qilish va javobgarlikka tortish uchun yetarli”, dedi u.

Qirgʻiziston islohotlar partiyasi aʼzosi, bishkeklik Osmon Kangeldiyev Putinning oʻtmishda xalqaro huquq normalarini buzganini qayd etdi.

“Rossiya prezidenti oʻz hukmronligi yillarida siyosiy raqiblarini taʼqib qildi, boshqa mamlakatlarning (xususan, Gruziya va Ukraina) hududiy yaxlitligini buzdi va Yaqin Sharqda qonli jangovar operatsiyalar oʻtkazdi”, dedi u. “Putin qonun oldida javob berishi kerak va u buni yaxshi biladi.”

Mojarolar va jinoyatlar tarixi

Putinning yigirma yillik hukmronligi gibrid va anʼanaviy urushlar, Kreml tanqidchilarining sirli oʻlimi hamda u va sheriklarining misli koʻrilmagan darajada boyishi bilan ahamiyatli boʻldi.

2008-yilda Gruziyaga qarshi jang qilgan Rossiya qoʻshinlari hali ham Gruziya hududining beshdan bir qismini egallab turibdi. 2014-yilda Rossiya kuchlari Qrimni noqonuniy ravishda anneksiya qildi. Sharqiy Ukrainada boshlangan urush shu kunga qadar davom etib kelmoqda.

Rossiya yoki xorijda sirli ravishda oʻlgan Putin tanqidchilarining soni yil sayin ortib bormoqda.

Ular orasida 2006-yilda Angliyada poloniy bilan zaharlanish tufayli vafot etgan Aleksandr Litvinenko va 2015-yilda Kreml yaqinida otib ketilgan sobiq bosh vazir oʻrinbosari Boris Nemtsov ham bor. Bu holatlarning barchasida Kreml gumondorlarni topshirishdan bosh tortgan yoki suiqasd tashkilotchilarini oshkor qilmay hibsga olgan.

Bundan tashqari, oʻtgan 20 yil Putinning oʻzi uyoqda tursin, uning eng yaqin odamlari uchun boylik toʻplash davri boʻldi. Uning eng yaqin doʻstlari va safdoshlari qariyb 24 milliard dollar yigʻishdi, deyiladi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi hamda “Novaya gazeta” nashrining 2017-yilgi qoʻshma hisobotida.

Qonun haqida

Shu yil boshida Putin oʻzining umrbod hukmronligini mustahkamlash tomon yana bir qadam tashladi.

16 mart kuni Rossiya konstitutsiyaviy sudi bir qator hujjatlar, jumladan Putinning avvalgi prezidentlik muddatlarini “nolga tenglashtirishga” oid tuzatishlarni tasdiqladi, bu unga 2036-yilga qadar hokimiyat tepasida qolish imkonini beradi.

Konstitutsiyaga koʻra, Putinning prezidentlik muddati 2024-yilda tugashi kerak edi. Uning ilk prezidentlik muddati 2000-yilda boshlangan, shu bilan birga, u 1999-2000 va 2008-2012-yillarda bosh vazirlik ham qilgan.

Islohotlar Putinning tegishli qarorni imzolaganidan ikki kun oʻtib maʼqullangan. Muxolifat bu voqeani Rossiya rahbariga “umrbod prezident” boʻlib qolish uchun imkon yaratadi, deya keskin tanqid qilgan.

Putin hukumat tepasida qolish niyati yoʻqligini bir necha bor aytgan boʻlsa-da, 10-mart kuni birinchi fazogir ayol va deputat Valentina Tereshkova Duma majlisining soʻnggi daqiqalarida oʻzgartish masalasini muhokamaga kiritib, prezidentlik muddatini “nolga tenglashtirishni” taklif qilgan edi.

(Bu maqolani tayyorlashga Olmaotadan Kanat Altinbayev koʻmaklashdi)