BMT Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi

BMTdagi ovoz berish yaqinda Moldova prezidenti etib saylangan Mayya Sanduning Rossiya qoʻshinlarini Ukraina bilan chegaradagi boʻlginchi hududdan olib chiqish chaqirigʻidan soʻng oʻtkazilgan.

Rossiya qoʻshinlari Sevastopoldagi Fiolent burnida joylashgan Ukrainaning zenit-raketa harbiy boʻlinmasiga kirish yoʻlini toʻsmoqda, 2014-yil, 7-mart. (FOTO AFP/ VIKTOR DRACHEV / AFP)

Dushanba (7-dekabr) kuni BMT Bosh assambleyasi 2014-yilda Qrimni noqonuniy ravishda egallab olgan Rossiyaning “vaqtincha okkupatsiyasini” toʻxtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya maʼqulladi.

Qrim yarim oroli, Sevastopol bandargohi hamda Qora va Azov dengizlarining bir qismini militarizatsiya qilishga oid rezolyutsiya 63 mamlakat tomonidan maʼqullandi, 17 tasi qarshi ovoz berdi va 62 tasi betaraf qoldi.

Rezolyutsiya majburiy emas, ammo siyosiy ahamiyatga ega. U Britaniya, Fransiya, Germaniya, Boltiqboʻyi davlatlari, AQSH, Avstraliya, Kanada va Turkiya kabi 40 mamlakat tomonidan ilgari surilgan.

Rossiya, Armaniston, Belorusiya, Kambodja, Xitoy, Kuba, Shimoliy Koreya, Eron, Qirgʻiziston, Laos, Myanma, Nikaragua, Serbiya, Sudan, Suriya, Venesuyela va Zimbabve doxil 17 mamlakat qarshi ovoz bergan.

Hujjat “Rossiya Federatsiyasini istilochi davlat sifatida oʻz harbiy kuchlarini zudlik bilan, toʻliq va hech qanday shartlarsiz Qrimdan olib chiqib ketishga va Ukraina hududining muvaqqat okkupatsiyasini kechiktirmay toʻxtatishga undaydi”.

Rezolyutsiya “Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukraina hududiga ilgʻor qurolli tizimlar, jumladan, yadroviy qurolga ega samolyotlar va raketalar, qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar va harbiy xizmatchilar” yuborib turishi tufayli Qrimdagi vaziyat beqaror qolayotgani”ni inobatga olib, Rossiyani bunday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatishga chaqiradi.

Ukraina harbiylari va Kreml qoʻllovidagi kuchlar oʻrtasidagi jangovar harakatlar 2014-yildan – Rossiya Qrimni annektsiya qilgani va Ukraina sharqidagi rossiyaparast kuchlar Kiyevga qarshi isyon koʻtarganidan beri 13000 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan.

Rossiyaning “Vagner guruhi” yollanma kuchlari Rossiya harbiylari bilan muvofiqlashgan holda Sharqiy Ukrainada fuqarolar urushi olib bordi va Moskvaning Qrimni noqonuniy ravishda egallab olishida muhim rol oʻynadi.

BMTdagi ovoz berish jarayoni yaqinda Moldova prezidenti etib saylangan Mayya Sanduning Rossiya qoʻshinlarini Ukraina bilan chegaradagi Dnestrboʻyi hududidan olib chiqish chaqirigʻidan soʻng oʻtkazilgan.

Bu ikki voqea oʻz hududida Rossiya qoʻshinlarini joylashtirgan yoki Kremlning rus millatiga mansub ozchiliklar bilan oʻyinlaridan xavotirda boʻlgan bir qator postsovet mamlakatlarning eʼtiborini tortishi tayin.

Bostirib kirish uchun bahona

Oʻtmishda Kreml Ukrainada boʻlgani kabi, xorijdagi etnik ruslardan iborat ozchiliklarni himoya qilishni hududga bostirib kirish uchun bahona sifatida qoʻllagan.

Oʻz navbatida Nur-Sulton Qozogʻiston shimolida etnik rus aholisi zichligini kamaytirish boʻyicha choralar koʻrdi. Etnik qozoqlarni mamlakat janubidan shimoliga ixtiyoriy ravishda koʻchirish amaliyoti shular jumlasidandir.

Tojikiston ham Moskvaning harbiy qudrati oldida himoyasiz boʻlib chiqdi. Bu yerda Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi – 201-harbiy baza joylashgan.

Kremlning katta sondagi qoʻshinlari qoʻshni Afgʻonistonni bahona qilib Tojikistonda boʻlib turibdi. Moskva Afgʻonistondagi 10 ming jangarining Markaziy Osiyoga bostirib kirish xavfi bor, degan taxminni tez-tez tilga olib turadi, garchi afgʻon rasmiylari bu raqamni rad etishsa ham.

Iyul oyi oʻrtalarida Rossiya va Tojikiston Afgʻoniston tarafidan jangarilar hujumiga tayyorgarlik oʻlaroq iddao qilingan qoʻshma harbiy mashgʻulotlarni oʻtkazgan, biroq, kuzatuvchilarga koʻra, buning asosiy sababi – Rossiyaning oʻz “orqa hovlisi”ga boshqalar, jumladan Xitoyni kiritishni istamayotganidir.

Rossiya qoʻshinlari, shuningdek, Qirgʻizistonda ham joylashtirilgan boʻlib, bu yerda Kreml yaqinda boʻlib oʻtgan prezident saylovlaridan soʻng oʻzining yoʻqolib borayotgan taʼsirini tiklashga urinmoqda.

Karvonsaroy va AFP