Zaif o‘zbek iqtisodiyoti zararli mega-loyihalarni davom ettirishi kerakmi?

“O‘zbekiston Oliy Majlisi Spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, to‘lov qobiliyati past bo‘lgan mamlakatlarda avtomobilsozlik “omon qolmaydi”. Shuning uchun, u mazkur tijorat jihatdan foydasiz bo‘lsada, (uning fikriga ko‘ra) loyihani sun’iy ravishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni taklif etmoqda. Bu vaziyatda gap hatto bir necha yillik qo‘llab-quvvatlash emas, odatda proteksionizmni sevuvchilar tomonidan so‘raladigan (“bizga 5 yil bering, biz oyoqqa turamiz, keyin raqobatni boshlaymiz”) balki, sohani cheksiz muddatga subsidiyalash zarurati to‘g‘risida ketmoqda.

Bu haqiqatan ham “proteksionizm falsafasida”gi yangilik. Ammo boshqa tomondan, bizning proteksionistlarimizni boshqa yo‘li qolmagan: o‘zbek avtosanoati “standart” besh yillik imtiyozli davrni “besh marta” kechiktirdi.

“Bizga yana 5 yil bering” deyish umuman noo‘rin. Shuning uchun ular endi abadiy “vaqtinchalik” imtiyozlarni talab qiladilar.

Qodirovning iqtisodiyot qonunlarini bilish zarurligi haqidagi tezisiga qaytaylik. Iqtisodiyot – kam resurslarlardan samarali foydalanish haqidagi fandir. Har qanday mamlakatning resurslari cheklangan. Agarda resurslar raqobatbardosh bo‘lmagan tarmoqlar va ishlab chiqarishga yo‘naltirilsa, ular raqobatbardosh tarmoqlardagi ishlab chiqaruvchilarga yetib bormaydi.

Buning oqibatida, bu kabi ishlar amalga oshirilayotgan iqtisodiyot qashshoqlikka mahkum, chunki u barcha mamlakatlar uchun boylikning asosiy manbai bo‘lgan raqobatdosh afzalliklaridan foydalanmaydi. Uzoqqa borish shart emas, eng yorqin misol – bu O‘zbekiston. Biz 1996 yildan 2017 yilgacha o‘zini jahon iqtisodiyotidan ajratib turish, raqobatni cheklash va mansabdor shaxslar tomonidan “tanlangan” sanoat tarmoqlarini sun’iy qo‘llab-quvvatlash siyosatini olib bordik.

Natija esa juda achinarli: sobiq ittifoq mamlakatlari orasida iqtisodiy rivojlanishning eng past ko‘rsatkichlari va dunyoning eng qashshoq 40 mamlakatiga kirdik. Ammo o‘zgalarning va hatto o‘zimizning xatolarimiz va saboqlarimiz bizga hech narsani o‘rgatmadi. Biz qat’iyat bilan eski xatolarimizni qaytarmoqdamiz.

Davlat ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va hokazolarni o‘z ichiga olgan jamoat “mahsulot”lari singari yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ammo dunyoning hech bir davlatida avtomobillar (ekologik elektr transport vositalaridan tashqari) jamoat “mahsulot”lari hisoblanmaydi. Bu iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lishi kerak bo‘lgan tijorat tovarlari. Aks holda, ularni ishlab chiqarish cheklangan resurslarni yeb tugatish hamda ushbu resurslarni potensial raqobatbardosh sohada yo‘naltirishni cheklash.

Bu iqtisodiyot qonunlaridan kelib chiqadigan eng oddiy va asosiy narsa, uni barcha, ayniqsa, siyosatchilar bilishi va tushunishi kerak. Ammo, afsuski, O‘zbekiston – ilm-fan aqlga sig‘maydigan stereotiplar bilan almashtiriladigan, iqtisodiy savodi zaif, mamlakat “.