O‘zbekiston: 2020 yil xulosalari ekspertlar nigohida

Kuzatib borayotganizdek hozirda deyarli barcha OAVorqali tugab borayotgan 2020 yilda O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayoti bo‘yicha yakuniy xulosalar va 2021 yil borasidagi prognozlar haqida tahlilichilar, siyosatshunos ekspertlar, umuman olganda, turli soha mutaxassislari bilan suhbatlar tashkil etilmoqda. Mana shunday materiallar sirasi sifatida eʼtiboringizga yil yakuni bo‘yicha ekspertlar xulosalarini taqdim etmoqchimiz. Materialni berishdan avval ekspertlarning fikrlari biroz qisqartirilganligini hamda siyosiy bir yoqlamalik bilan qilingan prognozlar berilmaganligini aytib o‘tmoqchimiz. To‘liq material bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz mana bu yerdagi havola orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida yakunlanayotgan yil nimalar bilan yodda qolarli bo‘ldi, ulardan qanday saboq olish mumkin?

Andrey Kazansev – siyosatshunoslik fanlari doktori, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) va Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi” (NIU VSHE) professori:

O‘tgan yilning asosiy global voqeasi, shubhasiz, koronavirus inqirozi bo‘ldi. Bundan jahon mamlakatlari qatorida O‘zbekiston ham ziyon ko‘rdi.

Markaziy Osiyoning bir qator davlatlarida, avvalo, qo‘shni Turkmaniston va Tojikistonda muayyan muammolar mavjud edi. Tojikiston inqirozga kechikish bilan choralar ko‘rgan bo‘lsa, Turkmanistonda bu vaziyatga nisbatan sukut saqlash strategiyasi qo‘llandi. Taxminlarga ko‘ra, hukumatdagilarning goh u, goh bu yo‘nalishdagi tushunarsiz qarorlari inqirozning keskinlashuviga olib kelmoqda. O‘z navbatida, bularning bari aholi orasida vahima hissini yana-da kuchaytiradi. Tojikiston hukumati ham dastlab mamlakatda koronavirus yo‘q, deya iddao qilgan edi, ammo keyinroq ular koronavirus epidemiyasi mavjudligini tan oldi va virusga qarshi kurashni boshladi.

O‘zbekistonda hammasi o‘z vaqtida bajarildi: Tojikiston yoki Turkmanistondagidan farqli o‘laroq, barcha zarur choralar ko‘rildi.

Yana bir jihat borki, koronavirus inqirozi O‘zbekistonga qaraganda ancha rivojlangan, jon boshiga YAIM ancha yuqori bo‘lgan mamlakatlar uchun ham katta sinov bo‘ldi. Misol uchun, sobiq Ittifoq hududini oladigan bo‘lsak, Rossiya va Qozog‘iston aholi jon boshiga YAIM bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Aniqrog‘i, birinchi o‘rinda Rossiya, ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston turadi. Shu maʼnoda aholi jon boshiga YAIM darajasi ancha past va tabiiyki, aholi jon boshiga tibbiyot sohasi uchun pul sarflash imkoniyatlari kam bo‘lgan O‘zbekistonda vaziyat, albatta, murakkablashdi. Ammo shunga qaramay, hukumat barcha zarur tadbirlarni amalga oshirdi.

O‘zbekistondagi vaziyat o‘ziga xos bo‘lib chiqdi, chunki bu yerda koronavirus inqirozi avvalgi yillari boshlangan yana bir jarayon bilan “kesishdi”. Ushbu jarayon – Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan iqtisodiy islohotlarning izchil davom etishidir. Menimcha, O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar tashqaridan yaxshiroq ko‘rinadi va respublika aholisi ushbu islohotlar natijalariga yetarlicha baho bera olmasligi mumkin. Ammo, makrostatistikaga eʼtibor qaratsak, bu islohotlar sezilarli iqtisodiy o‘sishga olib kelayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Eng muhimi, Islom Karimov qurmoqchi bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi iqtisodiyot eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotga qarab o‘zgarmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tatbiq etayotgan iqtisodiy o‘sish modeli rivojlanish xarakterining o‘zgarishiga omil bo‘lmoqda. O‘zbekistonda pul, xorijiy investitsiyalar oqimi tufayli valyuta paydo bo‘ldi. Umuman olganda, ushbu model boshqa postsovet davlatlari, masalan, qo‘shni Qozog‘istonda allaqachon sinab ko‘rilgan. Qozog‘iston ushbu modelni o‘nlab yillar davomida tatbiq etib kelmoqda va u anchagina muvaffaqiyatli deyish mumkin. Ayni paytda O‘zbekiston boshqa sobiq ittifoq mamlakatlariga qaraganda juda katta ustunlikka ega: bu mamlakatda Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon va Turkmanistondan farqli o‘laroq, xom ashyo emas, balki ulkan inson resurslari mavjud. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston mehnatsevar va ko‘p millionli ishchi kuchiga ega.

O‘zbekistondagi islohotlar aniq bir odam misolida hali ko‘zga yaqqol ko‘rinmasa-da, yaxshigina makroiqtisodiy natijalarni namoyon etmoqda. Ushbu o‘sish modeli sanoatni rivojlantirishga asoslangan.

Islom Karimov ushbu modelni ro‘yobga chiqara olmadi. Chunki, u sanoatni import o‘rnini bosish bilan birga rivojlantirish tarafdori bo‘ldi. Vaholanki, bu imkonsizdir. Mazkur mavzuda juda ko‘p qiziqarli asarlar ham mavjud. Masalan, Rossiyada ushbu mavzudagi eng mashhur asar Gaydarning “Iqtisodiy o‘sishning paradokslari” kitobidir. Unda jahonning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Lotin Amerikasida ushbu modelning inqirozga yuz tutishi sabablari tasvirlab berilgan.

Davom etayotgan afg‘on inqirozi va qo‘shni Afg‘onistonda mavhumlik kuchayishidir. Bu butun Markaziy Osiyo mintaqasiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, shubhasiz. Chunki Afg‘onistonda nima bo‘lishi, amerikaliklar u yerdan qo‘shinlarini olib chiqadimi-yo‘qmi, hali nomaʼlum.

Tramp maʼmuriyati Tolibon bilan muzokaralar olib borish va qo‘shinlarni olib chiqib ketish borasida aniq to‘xtamga kelgan edi. AQShning yangi maʼmuriyati qaysi yo‘lni tanlashi va Afg‘onistonda endi nima bo‘lishi hamon noaniqligicha qolmoqda. Bu mintaqa mamlakatlari uchun yangi tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin. Va bu unchalik yaxshi emas. Chunki Karimov davrida ro‘y bergan O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qisqartirish tashqaridan kelayotgan xavfsizlikka tahdidlarning ortishi bilan bog‘liq bo‘lib, Shavkat Mirziyoyev buni juda yaxshi tushunardi. Uning birinchi qilgan ishi ham qo‘shnilar va barcha yirik davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘ldi. Shu bois, O‘zbekiston Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqilgan taqdirda ham albatta, qandaydir shaklda Afg‘oniston bilan mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qilmoqda.

Yana bir Rossiya bilan o‘zaro savdo-sotiq va siyosiy aloqalarning rivoji bo‘lib, xususan, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchiga aylanganligida ham namoyon bo‘ladi. Bunga qadar ham savdo aylanmasi bir necha yildan beri o‘sib borayotgandi.

Yana bir muhim hodisaga to‘xtalsak. Buni men ham O‘zbekiston uchun, ham Rossiya uchun muhim degan bo‘lardim. Pandemiya inqirozi Rossiyadagi muhojirlar holati keskin o‘zgarishiga olib keldi. Maʼlumki, O‘zbekiston Rossiyaga eng ko‘p mehnat muhojirini yuboradigan Markaziy Osiyo mamlakati hisoblanadi. Rossiyada 2020 yili mehnat muhojirlari soni ikki baravar kamaydi. Bundan tashqari, bularning bari katta muammolar bilan birga yuz berdi. Chunki, aeroportlar mamlakatdan chiqib keta olmayotgan odamlar bilan to‘la edi. O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolariga yordam berishga harakat qildi. Shu o‘rinda bir holatga eʼtibor berish kerakki, Markaziy Osiyoning baʼzi davlatlari migrant fuqarolarini deyarli tashlab qo‘ydi. Ammo Toshkent bunday yo‘l tutmadi. Rossiyada qolgan muhojirlarning faqat oltidan bir qismigina Rossiya qonunchiligida ko‘zda tutilgan huquqiy maqomga ega ekanligi ham muhim ahamiyatga ega. Bu shuni anglatadiki, qolgan migrantlar Rossiya migratsiya qonunchiligidagi chalkashliklar qurboniga aylandi.

Toshkent har doim migratsiyani o‘z kuchi bilan tartibga solishga harakat qilgan. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari barini o‘z oqimiga, Rossiya hukumatining izmiga tashlab qo‘ygan. Umuman olganda, bu jiddiy muammo – zamirida inson taqdiri yotibdi.

Bekzod Zokirov – siyosatshunos, Tokio universitetining doktoranti (Yaponiya):

– Fikrimcha, 2020 yil O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqealar va o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Davlatning korrupsiyaga qarshi siyosatini amalga oshiruvchi agentlik tashkil etilgani, paxta sanoatida majburiy davlat xaridlari bekor qilingani hamda mazkur sanoatda bir necha yildan buyon hukm surayotgan majburiy mehnatdan batamom voz kechilgani tarixiy hodisalardir. Ammo, davlat monopoliyalarini himoyalovchi protektsionizm siyosatining kuchayishi, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlashda islohotlar sustligi hamda davlat strukturalarini ichidan kemirayotgan korrupsiya muammosi haligacha tizginga solinmayotgani, afsuski, xalqda islohotlarga ishonchsizlik kayfiyatini kundan-kunga kuchaytirmoqda.

Yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston deyarli barcha siyosiy-iqtisodiy energiyasini pandemiya oqibatlari bilan kurashishga sarfladi. Pandemiya mamlakat tarixida ko‘pchilikning yostig‘ini quritgan hodisa sifatida qolsa-da, u bizga kelajagimiz uchun muhim xulosalarni berdi, deb o‘ylayman. Avvalo, bu davrda ijtimoiy yordamga muhtojlik darajasi ortishi, davlat o‘z oldida turgan muammolarni yakka holda emas, balki fuqarolik jamiyati bilan birga hal etishi zarurligini ko‘rsatdi. Xalqimizning ushbu mushkul vaziyatda xayriya tashabbuslari bilan maydonga chiqishi O‘zbekistonda fuqarolik pozitsiyasi, daxldorlik hissi boshqa jabhalarda ham yaqqol namoyon bo‘la olishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shuningdek, pandemiya O‘zbekiston iqtisodiyotidagi eng zaif nuqta, yaʼni tabiiy resurslar eksportiga qaramlik muammosini ochiq ko‘rsatdi. Va bu ishlab chiqarishning boshqa sohalarini diversifikatsiya qiladigan xususiy sektor biz uchun qanchalik zarurligini yana bir bor isbot etdi.

Stanislav Pritchin – tarix fanlari nomzodi, Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining Postsovet tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi:

– Haqiqatan ham, o‘tib borayotgan yil nimasi bilan xotiramizga muhrlandi? Bu xususda so‘z borganida, eng avvalo, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq global krizis tilga olinishi tabiiy.

O‘zbekistonni ham bu ofat chetlab o‘tmadi, ichki siyosat va davlatlararo aloqalar koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga deyarli tobe bo‘ldi. Shuning uchun bu yerda ham iqtisodiy o‘sish surʼatlarida muayyan o‘zgarishlar yuz berganini ko‘ramiz. Butun jahon bo‘ylab kuzatilgani kabi hududiy iqtisodiyotda retsessiya kuzatildi. Umuman olganda, mamlakat siyosiy hayotida koronavirus tufayli biror jiddiy siyosiy hodisa sodir bo‘lgani yo‘q.

Umuman olganda, respublika hukumati pandemiyaga qarshi kurashga yuqori darajada kuch sarfladi va bunday tang epidemik vaziyatni to‘liq nazoratga olishi mumkinligini namoyish eta oldi. Bu boradagi saʼy-harakatlar jahonning boshqa davlatlari bilan taqqoslaganda ancha samarador ekanligi yaqqol seziladi. Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston shunchaki pandemiyaga qarshi kurashibgina qolmasdan, balki undan yangi tibbiy markazlar bunyod etish yo‘li bilan o‘z sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiyalash bo‘yicha imkoniyatlarini oshirishda ham foydalanayotganligini ko‘rish mumkin.

Pandemiya munosabati bilan O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlarga ko‘rsatgan yordami ham uning mintaqadagi yetakchi davlatlardan biri roliga masʼuliyat bilan yondashayotganini ko‘rsatdi. Demak, xulosa qilish mumkinki, mamlakat murakkab vaziyatda qo‘shnilariga yordam berishga tayyor va moliyaviy jihatdan bunga qodir.

Bahrom Ismoilov – ekspert, huquqshunos:

2020 yil voqealari, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham katta saboq bo‘ldi, ammo men eng muhim uchta jihatni ko‘rsatgan bo‘lardim:

1. Shoshilinch va ijtimoiy xizmatlar muhim ahamiyatga ega. Tez tibbiy yordam va mobil kasalxonalar, jamoat xavfsizligi va sanitariya-epidemiologiya markazlari kabi davlat muassasalari ustuvor ravishda moliyalashtirilishi va favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan safarbar etiladigan ishonchli davlat xizmatlariga aylanishi kerak. O‘zbekiston viloyatlari kesimida favqulodda vaziyatlar va ofatlar davrida faoliyat yuritadigan, alohida vakolat va huquqlarga ega shtablar korpusi tuzilishi lozim.

2. Ijtimoiy institutlar muhim ahamiyatga ega. Inqirozli vaziyatlarni bartaraf etishda jamoat tashkilotlari va fuqarolarning ixtiyoriy birlashmalari katta rol o‘ynadi. Davlat ijtimoiy yo‘naltirilgan yangi NNTlarning paydo bo‘lishi uchun imkoniyat yaratish orqali uchinchi sektor rivojini rag‘batlantirishi kerak.

 3. Jamg‘armalar muhim. Pandemiya uy xo‘jaliklarida ham, respublika byudjetida ham jamg‘armalarga ega bo‘lish naqadar muhimligini ko‘rsatdi. Ommaviy karantin sharoitida odamlar, bir tomondan muntazam daromadini yo‘qotish yoki keskin kamayishi, boshqa tomondan esa moliyaviy zaxiralarning tez tugab qolishi muammosiga duch kelishdi. Davlat oldida esa soliq tushumlarining qisqarishi va kutilmagan xarajatlarning keskin o‘sishi masalasi paydo bo‘ldi. Endi respublika kelgusi yillar byudjetida bunday kutilmagan xarajatlarni nazarda tutishi va ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlarni rag‘batlantirishi, aholi esa o‘z navbatida anʼanaviy isteʼmol madaniyatini qayta ko‘rib chiqishi zarur.