Pandemiyadan kim yutdi?

Ayni paytda, dunyoning eng boy 10 kishisi 2020 yilda o‘z boyliklarini 319 milliard dollarga ko‘paytirdi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab mehmonxona va iqtisodiyotning chakana savdo sohalarida faoliyat olib borgan 600 millionga yaqin odam koronavirus oqibatlaridan ko‘proq zarar ko‘rmoqda.

“Yoshlarni mehnat bozoridan chetlashtirish hozirgi vaziyatda jamiyat uchun eng katta tahdidlardan biri bo‘lib, bu uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi”, deb hisoblaydi XMT.

Pandemiya davrida eng ko‘p daromad olgan odamlarning 40 foizigacha uy sharoitida ishlash imkoniyati mavjud bo‘lib, bu eng kam daromadga ega bo‘lganlar ulushidan ikki baravar ko‘pdir.

Ushbu sohalarda ayollar, etnik ozchiliklar, muhojirlar, past malakali ishchi kuchlar va yoshlarning ulushi ayniqsa yuqori, deyiladi Britaniyaning Financial Times gazetasida berilgan maʼlumotda.

“Kambag‘allar qashshoqlashmoqda”, dedi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bosh iqtisodchisi Gita Gopinat. Gopinat ishbilarmonlarga ishchilar sinfini qayta o‘qitishda va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan tarmoqlariga moslashishida yordam berishga chaqirdi.

XVF maʼlumotlariga ko‘ra, 2020 yilda daromadlar tengsizligi avvalgi moliyaviy-iqtisodiy inqirozlar davriga nisbatan keskin o‘sgan. “Pandemiya” ko‘plab mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlikni yana-da kuchaytirdi, rivojlanayotgan mamlakatlarning tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirib kelayotgan islohotlarini va o‘nlab yillar davomida erishgan yutuqlarini bekor qilib yubordi.

Bundan tashqari, ishchilar sinfining eng zaif qatlamlarini ish bilan taʼminlagan “yashirin” iqtisodiyot katta zarar ko‘rdi. Dunyo bo‘ylab qariyb 2 milliard kishi norasmiy ravishda ijtimoiy himoya yoki imtiyozlardan foydalanish imkoniyati cheklangan holda ishlaydi.

2022 yilga kelib, “pandemiya” taʼsiri ostida 150 million kishi qo‘shimcha ravishda qashshoqlikka uchraydi, deya taxmin qilmoqda Jahon banki tahlilchilari.

Butun dunyo pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari bilan kurashar ekan, Xitoyning jahon bozoridagi ulushi texnologik sanoat va shaxsiy himoya vositalari savdosi ortidan tobora o‘sib bormoqda.

Buyuk Britaniyadagi iqtisodiyot va biznes tadqiqotlari markazi (CEBR) maʼlumotlariga ko‘ra, dunyoning aksar iqtisodiyotlari koronavirus pandemiyasi tufayli katta talafotlar ko‘rgan bir paytda, Xitoy 2028 yilga borib – besh yil avval taxmin qilinganidek – dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanishi kutilmoqda.

Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 2000 yildagi 3,6 foizdan joriy yil 17,8 foizga ko‘tarildi. 2023 yilga borib, mamlakat “yuqori daromadli iqtisodiyot”ga aylanadi, deyiladi xabarda.

AQShdagi Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti maʼlumotlariga ko‘ra, Xitoy koronavirus pandemiyasi boshlanishidan oldin ham shaxsiy himoya vositalari eksporti bo‘yicha yetakchi edi, dunyodagi yuz niqoblari, xalatlar va himoya ko‘zoynaklarining qariyb yarmi Xitoyda ishlab chiqarilgan.

Oktyabr oyi oxirida shaxsiy himoya vositalarining eng yirik global distribyutori bo‘lgan Pekindagi LyncMed kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Pol Vang AQSh jamoat teleradioeshittirish xizmatiga kompaniyaning savdo hajmi bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 10 baravar ko‘p ekanligini aytgan.

“Yozda ko‘p joylarda viruz biroz susaygani sababli savdo hajmi pasaydi, endi esa buyurtmalar shiddat bilan kelmoqda”, dedi u.

Xitoy shaxsiy himoya vositalari savdosidan foyda ko‘rmoqda, buning ortidan mamlakat iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan tezlikda mustahkamlanmoqda. Noyabr oyida uning eksport hajmi oxirgi uch yil ichidagi eng tez surʼatlarda o‘sib, savdo balansida rekord darajadaga ijobiy saldoga erishdi.

Noyabr oyida Xitoyning yalpi eksport hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan 21,1 foizga o‘sgan va bu 2018 yil fevralidan beri eng tez o‘sish bo‘lgan. Tahlilchilar o‘sish 12 foiz atrofida bo‘lishini bashorat qilgan edilar, oktyabr oyidagi raqamlar bu taxminlardan 11,4 foizga ilgarilab ketgan, deb xabar beradi 6 dekabr kuni Reyter agentligi Xitoy bojxona xizmati maʼlumotlariga tayanib.

2028 yilga kelib, Xitoy dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanadi, lekin nimaning evaziga?

Pandemiyadan foyda ko‘rishni maqsad qilgan Xitoy taqchillik o‘rnini to‘ldirish uchun shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishga zo‘r berdi. Yilning birinchi yarmida 73 mingdan ortiq, jumladan, aprel oyining o‘zida narxlar va talabning ortishi tufayli 36 mingta kompaniya niqob ishlab chiqaruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Pandemiyadan oldin Shinjonda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchi 4 ta korxona bo‘lgan, 30 iyun holatiga ularning soni 51 taga yetgan va shulardan kamida 17 tasi asosan musulmon ozchilikka mansub ishchilar mehnatidan foydalangan.

Xitoy rasmiylarining maʼlum qilishicha, Shinjonda himoya vositalarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq bandlik dasturi “mahalliy aholiga kambag‘allikni yengib, to‘kis hayot kechirishiga” yordam beradigan “ishchilar almashinuvi dasturi” doirasida amalga oshirilmoqda.