Vaksina bozorida nima gap?

Koronavirusga qarshi vaksinalar kutilganidan ancha avval – pandemiyaga hali bir yil bo‘lmasdan foydalanishga topshirilayotgani quvonarli holat. Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgacha 8,25 milliard doza vaksina uchun shartnomalar imzolangan.

Bir qaraganda bu butun dunyo aholisiga yetadigan vaksina yetkazib berishga kelishilganini anglatadi, biroq sanoqli davlatlargina o‘z aholisini butunlay qoplashga yetadigan va ortadigan vaksina bilan taʼminlashga shartnoma tuzgan.

Quyidagi xaritada yashil, och yashil va oqqa yaqin o‘ta och yashil rangda berilgan davlatlar vaksina bo‘yicha tuzgan shartnomalari aholisi sonidan ko‘p. Bu borada birinchi o‘rinda Kanada bo‘lib, butun aholisini 3 martadan emlashga yetarli vaksinani kafolatlagan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya 295%, Yangi Zelandiya 247%, Avstraliya 230%, Yevropa Ittifoqi 183%, AQSh 169%, Chili 139%, Isroil 138%, Yaponiya 120%, Meksika 119%, O‘zbekiston 110% aholisini taʼminlashga yetarli vaksina uchun shartnomalar tuzgan. Qolgan hammada 100% dan kam.

Hindiston jami 2,2 milliard dozaga shartnoma tuzgan bo‘lsa ham, faqat 1,2 milliardini o‘zi uchun, qolganini qo‘shnilari uchun oladi (70 million dozalik shartnomaga ega O‘zbekiston ham shunday qilishi ehtimoli bor).

Yiliga 1,5 milliard dozaga yaqin vaksina ishlab chiqarish quvvatiga ega Xitoy hozircha 20% atrofidagi aholisini taʼminlashga yetarli vaksina olayotgan bo‘lsa, 600 mingdan ortiq vaksina ishlab chiqaruvchi Rossiya hozircha faqat 55% aholisi emlanishini kafolatlagan. Bu ikki davlat asosan eksport uchun ishlamoqchi. Maqola manbaasi.