Bugun tongdan 2020 yil 10 yanvar kuni qo‘shnilarimizda Qozog‘istonda parlamentga deputatlar, Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari o‘tkazilmoqda.
Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan saylovlar oldi tashviqot jarayonida PR yo‘nalishining Osiyo xalqlariga nostandart usullaridan foydlanildi. Bu ajoyib. Mazkur PR jarayonlari bo‘yicha alohida tahliliy material tayyorlanadi.
Qirg‘izistonda o‘tkazilayotgan saylovlar oldi tashviqotlar bo‘yicha avvalgi materiallarda yoritilgan. Quyida keltirilgan ijtimoiy tarmoqqa chiqarilgan materialda ham atroflicha to‘xtalib o‘tilgan.
Rus knyazliklariga qiyos Qirg‘iziston
Bugun Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi. O‘tgan yili 4 oktyabrdagi parlament saylovidan keyin uyushtirilgan g‘alayonlar ortidan qonuniy prezident Jeyenbekov hokimiyatdan chetlashtirildi, yangi saylangan parlament iqtidorga keltirilmadi. Tashqi kuchlar (Rossiya) va kriminalning qo‘llovi, aslida vakolati tugagan parlament vositasida jinoiy o‘tmishga ega bo‘lgan Sadir Japarov hokimiyatga keltirildi. Kelmadi, aynan keltirildi.
Bugun bo‘layotgan “saylov” amalda go‘yoki Japarovning davlat to‘ntarishini legitimligini “hujjatlashtirib” qo‘yish holos.
Bugungi Qirg‘iziston taʼbir joiz bo‘lsa Oltin o‘rdaning unga vassal bo‘lgan rus knyazliklarini eslatadi. Oltin O‘rda davrida rus knyazlarining asosiy vazifasi o‘z hududini talash, boylik orttirish, orttirgan boyligining asosiy qismini Oltin O‘rdaga o‘lpon sifatida to‘lash va undan yorliq olib turish bo‘lgan. Agar knyazlarning hatti-harakati yoqmay qolsa Oltin O‘rda juda osongina knyazlardan voz kechib qo‘ya qolgan, yo o‘ldirtirgan yo quvg‘in qilgan. Yangi qo‘yilgan knyaz esa O‘rda oldida mutelik va sadoqatni namoyish etish uchun oldingisidan ham ortiqroq darajada knyazlikni talon taroj etgan.
Xullas, jon qo‘shnimiz Qirg‘izistonni oldinda o‘ta murakkab va og‘ir damlar kutmoqda. Mamlakat bo‘g‘zigacha qarz botqog‘iga botgan. YEOIIga qo‘shilish ojizgina bo‘lsa ham mavjud bo‘lgan yengil va oziq-ovqat sanoati, mintaqaviy savdo xabi imkoniyatlarini o‘ldirgan. Mamlakat energetikasi, bank tizimi, qazish sanoati to‘liq tashqi boshqaruv ixtiyorida. Qirg‘izistonliklarda ikkitagina imkoniyat qolgan yo Rossiyaga mardikorchilikka ketish yoki qaroqchilarga qo‘shilib mamlakatni talashda davom etish.
Kremldan fatvo va yorliq olgan Japarov tashqi qarzni mamlakat tabiiy boyliklarini topshirish bilan hal etishini yashirib o‘tirgani yo‘q. Homiylarining qo‘lida o‘yinchoq bo‘lgan, masʼuliyatsiz va tuturuqsiz bu siyosatchi o‘z odati va o‘lchovlariga ko‘ra turli nizo, to‘qnashuv va keskinliklar yaratishdan tap tortmaydi. Chegara, suv, tranzit masalalari yana ko‘ndalang bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Eʼtiborda tutish lozimki, banditlar ular bilan faqat kuch va temir iroda bilan muloqot qilganlarni tan oladilar, ular madaniyat, qonunlar va qadriyatlarni ojizlik o‘laroq qabul qiladilar.