O‘zbekiston to‘rtinchi sanoat inqilobiga tayyormi?

MakKinzeyning tadqiqotiga ko‘ra, bundan o‘n besh yil avval umuman mavjud bo‘lmagan raqamli texnologiyalar endi boshqa mahsulotlar savdosidan ko‘ra, YAIM o‘sishiga katta taʼsir ko‘rsatishi aniq. Bir paytlar tasavvurimizga sig‘dira olmagan bu kashfiyotlar bilan tanishar ekanmiz, qani edi, shu ixtirolarning muallifi bo‘la olsak, degan o‘yga boramiz.

Xo‘sh, O‘zbekistonning bugungi innovatsion siyosati dunyoni o‘zgartirish arafasida turgan yangi sanoat inqilobiga tayyormi? Rasmiy manbalarda mamlakatning kelajakdagi iqtisodiy yo‘nalishi innovatsion g‘oyalarga asoslanishi aytilsa-da, butkul yangicha texnologiyalardan iborat kelajak bugun unga qo‘yilishi kerak bo‘lgan institutsional poydevorga bog‘liq.

Sanoat inqilobining xususiyati ishlab chiqarishga asoslangan yirik kompaniyalar o‘z o‘rnini “Google”,” Amazon” va “Facebook” singari texnologik kompaniyalarga bo‘shatib berayotgani hamda “Uber” va “Airbnb”ga o‘xshash platformalarning yangi biznes modellari paydo bo‘layotganida deyish mumkin. Gapning lo‘ndasini aytganda, uch sabab – kashfiyotlar tezligi, o‘zgarishlar ko‘lami va ularning mavjud tizimdagi ulkan taʼsiri yangi inqilobiy o‘zgarishlar davriga qadam qo‘yganimizga dalil bo‘la oladi.

Iqtisodiy rivojlanish va innovatsiya

Yuqorida aytilgan kashfiyotlarning aksariyati faqat rivojlangan davlatlarda vujudga kelayotgani qiyin savolni o‘rtaga tashlaydi: qanday qilib O‘zbekistonga o‘xshash rivojlanayotgan davlatlar bu inqilobiy taraqqiyotning shunchaki isteʼmolchi emas, balki faol ishtirokchisi bo‘lishi mumkin? Savolning javobi oddiy: innovatsion texnologik kashfiyotlar faqatgina tadqiqotchi, ixtirochi va dizaynerlarning ilmiy ishlari emas, balki bu kashfiyotlar vujudga kelishini taʼminlovchi iqtisodiy siyosat va uning zamiridagi institutsional muhitga bog‘liq.

Rivojlanayotgan davlatlar texnologik siljish borasida rivojlangan davlatlarga qanday yetib olishi mumkin, degan savol ilm-fanda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan. Anʼanaviy rivojlanish nazariyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun innovatsion texnologiyalar borasida taraqqiyotga erishishning yagona yo‘li rivojlangan davlatlar yo‘lidan tadrijiy borishdir. Yaʼni, ushbu “yetib olish” nazariyasiga ko‘ra, mamlakat yillar davomida modernizatsiya, shaharlashuv va sanoatlashuvning maʼlum darajasiga erishgach, ular ham yangi rivojlanish bosqichiga o‘tishga imkon beruvchi texnologiyalarga va ishlab chiqarishga investitsiya kirita olishlari mumkin.

Ammo, yaqin yillarda yuqoridagi fikrga qarama-qarshi muqobil qarash, “sakrash” nazariyasi rivojlanayotgan mamlakatlarda tobora ommalashib bormoqda. Bu nazariyaga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyotning anʼanaviy bosqichidan sakrab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri eng so‘nggi texnologiyalarga o‘tishi (bosqichlarni sakrab o‘tish) yoki yangi imkoniyatlarga ega bo‘lgan texnologiyalar yaratishda rivojlanishning muqobil yo‘lini ishlab chiqishi mumkin (yo‘l yaratish). Sakrashga eng yaxshi misol qo‘l telefonlari bo‘la oladi: mobil aloqa vositasi nafaqat millionlab odamlarni birlashtirdi, balki u rivojlanayotgan davlatlarning shahar infratuzilmasiga sarmoya kiritish muammosidan ham sakrab o‘tishiga imkon berdi. Boshqa tomondan, qo‘l telefonlarining ommalashuvi rivojlanayotgan davlatlarga rivojlangan davlatlarda shakllangan kredit karta tizimini sakrab o‘tib, to‘lovlarda yangi usul, mobil to‘lov va raqamli bank kabi moliyaviy xizmatlar paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Bunga o‘xshash misollarni rivojlanayotgan Afrika o‘lkasi davlatlarining taʼlim, moliya va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish borasida “sakrash”ni amalga oshirish uchun qo‘llayotgan turli texnologik innovatsiyalarida ham kuzatish mumkin. Afrikada yaqin yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun maʼlumotlarni tahlil qiladigan dron-texnologiyalar va yangi startap prinsiplarini qo‘llayotgan “agro tadbirkorlar” hamda virtual universitet ommalashib bormoqda.

Innovatsion iqtisodning institutsional ekotizimi

Shuni aytish joizki, sakrash siyosati rivojlanayotgan davlatlar uchun yangi texnologiyalarni kashf etishdan ko‘ra, mavjudlarini qabul qilish va ularni turli sohalarga yo‘naltirishda ko‘proq asqotadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘zbekiston singari rivojlanayotgan davlatlar texnologik sakrashda ixtirochi bo‘lib, global texnologiya platformalarida faol ishtirok etishi uchun nima qilish kerak? Bunday ulkan vazifa, albatta, mustahkam ilmiy asos, kuchli siyosiy iroda va vaqt talab qiladi. Tabiiyki, bugun mamlakatimiz zimmasidagi asosiy vazifa texnologik rivojlanish uchun muhim bo‘lgan uch tomonning – davlat- sanoat-akademiya hamkorligini mustahkamlovchi institutsional muhit yaratishdan iboratdir.

Rivojlangan mamlakatlarning sanoat siyosati negizini tashkil qiluvchi mazkur uchburchak-hamkorlik yillar davomida innovatsion texnologiyalar ixtirosi uchun muhim hisoblangan. Masalan, bu uchburchakning asosiy qismi bo‘lmish universitetlar va ulardagi tadqiqot markazlari nafaqat turli sanoatdagi bizneslarni qo‘llab- quvvatlovchi ixtiro manbalari, balki turli innovatsion g‘oyalarga asoslangan startaplar uchun inkubator vazifasini ham o‘taydi. AQSh, Yevropa va Osiyodagi rivojlangan davlatlarning deyarli barchasida startaplar universitet hududida shakllanishi bejiz emas. Buning uchun universitetlarda, albatta, erkin ilmiy muhit mavjud bo‘lishi, professor va talabalarning ilmiy g‘oyalari, mehnatlari qog‘ozda qolib ketmay, amaliyotda qo‘llanishi uchun mustahkam patent tizimi shakllanishi shart. Universitet professorlarining turli davlat va xususiy tashkilotlardan yutib olgan grantlarini sarflagan holda olib borgan ilmiy ishlari natijasini patentlab, sanoatda qo‘llash uchun turli korxonalarga sotishlari rivojlangan davlatlar universitetlaridagi odatiy amaliyot hisoblanadi. Startap g‘oyalar qanday qilib universitet hududida vujudga kelishini quyidagi chizmada ham ko‘rish mumkin.

Rivojlanish uchburchagining yana bir muhim tomoni – bu davlat. Davlatning muhim roli, eng avvalo, uning muhim ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirgan investitsiyasi misolida ko‘rinadi. Ko‘pchilik davlatning roli faqat nazorat bilan cheklanishi kerak deya daʼvo qilsa-da, davlat investitsiyalari innovatsion rivojlanishning asosi ekanini ko‘plab ilmiy tadqiqotlar isbot etgan. Rivojlanayotgan davlatlardagi xususiy sektorning zaifligi va yangi sohalarga sarmoya kiritish borasidagi ehtiyotkorligi ilmiy-texnologik yo‘nalishlarda davlat investitsiyasi muhimligini yana bir bor yodga soladi. Bu fikrga qarshi chiqqanlarga internet, nanotexnologiya, biotexnologiya va yangi energiya kabi yo‘nalishlar vujudga kelishiga, asosan, AQSHning davlat investitsiyalari sabab bo‘lganini aytgan bo‘lar edik. Shuningdek, to‘rtinchi sanoat inqilobiga o‘tishda davlatning muhimligi uning nazoratchi sifatidagi rolida ham aks etadi. Bu inqilobga qadam qo‘yayotgan davlat nazoratchilari doimiy ravishda yangi va tez o‘zgaruvchan muhitga moslashishlari, yangiliklar yo‘lini to‘sishdan ko‘ra, ular ustida sinov tajriba o‘tkazadigan muhit yaratishlari va o‘zlari tartibga solayotgan texnologiyalar mohiyatini chuqur tushunishlari shart. Buning uchun esa davlat nazorat idoralari biznes va fuqarolik jamiyati bilan yaqindan hamkorlik qilishi zarur.

Muallif: Bekzod Zokirov – siyosatshunos, Tokio universitetining doktoranti (Yaponiya)