Xitoyga tashrif buyurgan JSST xodimlari bugun ish boshlaydi

Xitoy rasmiylari «juda asabiy»

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari koronavirus kelib chiqishini o‘rganish uchun shaharga tashrif buyurganlaridan keyin Pekinning so‘nggi haftalardagi faoliyati yana-da shoshilinch tus oldi.

Xitoy hukumati joriy oy boshidagi tashrifiga to‘sqinlik qilganidan keyin 13 nafar olimdan iborat xalqaro jamoa 14 yanvar kuni Uxanga yetib kelgan va payshanba (28 yanvar) kuni 14 kunlik karantindan chiqishi kutilmoqda.

JSST Uxanda o‘z ishini olib borar ekan, shaharda koronavirusdan vafot etganlarning yaqinlari Xitoy hukumati ularning ijtimoiy tarmoqdagi guruhlarini o‘chirib yuborgani va sukut saqlashlari uchun bosim o‘tkazayotganini aytganlar.

O‘tgan yili WeChat ijtimoiy tarmog‘i platformasida 80 dan 100 ga qadar oilalar vakillari tomonidan foydalanib kelingan guruh 10 kun avval to‘satdan o‘chirib yuborilgan. Bu haqda chorshanba kuni guruh aʼzosi va pandemiya nazoratining qatʼiy tanqidchisi Chjan Xay maʼlum qilgan.

«Bu Xitoy rasmiylarining juda asabiy ekani, mazkur oilalarning JSST mutaxassislari bilan aloqaga chiqishidan qo‘rqishini ko‘rsatadi», deb aytgan 51 yashar Chjan. Uning COVID-19ga chalinishda gumon qilingan otasi pandemiyaning boshida vafot etgan.

«JSST Uxanga yetib kelganda hukumat uchta guruhni majburan o‘chirib tashlagan. Natijada ko‘p aʼzolar bilan aloqani yo‘qotdik», deb qo‘shimcha qilgan u.

Qolgan qarindoshlar ham guruhning o‘chirilganini tasdiqlaganlar.

Yana bir oila aʼzosi, nafaqaxo‘r o‘tgan yil yanvar oyida qizi virusdan o‘lgani haqida, o‘tgan hafta hukumatdan chaqirib «OAVlar bilan gaplashmaslik va maʼlumotlardan boshqalar foydalanmasligi» haqida ogohlantirilganini AFP nashriga so‘zlab bergan.

Seshanba kuni uning uyiga kelgan rasmiylar «o‘sha eski ashulani aytib, menga «hamdardlik to‘lovi» sifatida 5000 yuan (775 dollar) berib ketishdi», deb qo‘shimcha qildi u o‘z ismini oshkor etmaslikni so‘rab.

Rasmiy to‘sqinlik

Qurbonlarning qarindoshlari Uxan va Xubey mahalliy hokimiyatlarini 2019 yil dekabrida COVID-19 virusi ilk bor tarqaganida kasallikni yashirish bilan uni nazoratdan chiqarib yuborganlikda, jamoatchilikni ogohlantirmaganlik va javob choralari ko‘rmaganlikda ayblamoqdalar.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, COVID-19 virusi Uxanda 3900 kishi hayotiga zomin bo‘lgan, bu mazkur hududda vafot etgan 4636 nafar bemorning aksariyat qismini tashkil qiladi.

Qurbonlarning aksar qarindoshlari bu raqamlarga ishonmaydi, ularga ko‘ra, virus tarqagan ilk kunlarda testlar yetishmagani sabab ko‘pchilik kasalligi tasdiqlanmay vafot etgan bo‘lishi mumkin.

Hozirga kelib, kasallikdan dunyo bo‘ylab ikki milliondan ortiq odam halok bo‘lgan.

Xitoy hukumati butun dunyoda gumanitar va iqtisodiy halokatga sabab bo‘lgan virusni hech qanday isbotsiz boshqa joyda paydo bo‘lganini daʼvo qilish bilan dahshatli aybni o‘z zimmasiga olmaslik yo‘lini izlamoqda.

Xitoy Kompartiyasi uning hokimiyatini yomon qilib ko‘rsatuvchi har qanday axborotni bostiradi. Epidemiya tarqalishining ilk kunlari hali ham Xitoy uchun nozik mavzu bo‘lib qolmoqda.

Virus ko‘rshapalaklardan kelib chiqqan va Uxandagi yovvoyi hayvonlar go‘shti sotiladigan dengiz mahsulotlari bozoridan tarqagan, deb ishoniladi.

Pekinning maxfiylik, dezinformatsiya va kechiktirish tarixini hisobga olgan holda JSST jamoasi qancha narsani ochiqlashi nomaʼlum va noaniqligicha qolmoqda.