Ijtimoiy tarmoqlar: “o‘zimizning futbol o‘yinlari”

Futbol millionlar o‘yni deb bejiz aytilmagan. Butun dunyo bo‘yicha bu sport turiga qiziquvchilar soni anchayin ko‘p.

Shu bilan birga, futbol – juda katta daromat manbaidir. Futbol jamoasini homiylikka olishdan maqsad jamoani yaxshi o‘yin ko‘rsatishi va muxlislar sonini oshirishga olib keladigan musobaqalarda ishtirok etishidir. Biroq, biznikilar shu yerda ham o‘zgacha yo‘lni tutmoqdalar. Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kunlardan buyon “o‘zimizning futbol o‘yinlari” bo‘yicha ajoyib postlar qo‘yilmoqda mana shulardan birini sizlarga ilindik.

“Parazitlashgan futbol klublari haqida yana bir bor”

Ertalab yo‘lda radiodan yangrayotgan xabar:

Navbahor ukrainalik legionerni o‘z safiga qo‘shib oldi.

O‘zi bu klub viloyatdagi tashkilotlar-u, tadbirkorlar, byudjetdan maosh oladigan o‘qituvchi-yu, shifokorlarni qon qaqshatib olingan pullar hisobiga yashasa, yana ukrainalik legionerga balo bormi?

Kecha yozilganidek, o‘zi futbolni byudjetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish taqiqlangan bo‘lsa, qo‘rqmasdan byudjet pullarini futbolga chayishni ham boshlab yuborishganini qarang, deb tursam ikkinchi xabar yangradi:

Andijon kamerunlik uch futbolchini o‘z safiga taklif etdi.

Nega bular keyingi paytda afrikalik futbolchilarga ishtiyoqmand bo‘lib qolishdi?  Chunki bu qoravoylar ularning hisobiga yozilgan pullarning uchdan biriga ham rozi. Qolgan uchdan ikki qism mablag‘lar hokim va uning klubga qo‘yilgan sadoqatli shotirlari tomonidan o‘zlashtiriladi. Sovet o‘lkalaridan kelganlar sal qimmatroqqa tushadi, lekin kelishilsa, yarmiga qo‘l qo‘yib beradi.

O‘zbek futbol klublari butun mohiyati va mazmuni bo‘yicha davlat mablag‘larini o‘zlashtirishdan, tadbirkorlardan, xalqdan qoqishtirilgan pullarni so‘rib oladigan basseynga aylantirib bo‘lgan. Hatto o‘zlarini “xususiy” deb atab olganlari ham. Bu “xususiy” klublar trillionlab aktivlarni tekinga egallab olgan o‘g‘ri oligarxlarning ko‘z-ko‘z qilinayotgan sadaqasi aslida. Mamlakat va millatga tegishli trillionlarni bebiliska o‘zlashtirib, milliardni futbolga sarflab soxta sharaf yig‘ishayapti bu o‘g‘rilar.

Nega men o‘zbek futbol klublaridan bu qadar nafratlanaman. Chunki atrofga bir qarang, kuniga, xudoning bergan har kuni o‘nlab hamyurtlarimizning turli kasallik va dardlardan azob chekib xayriya va yordam so‘rayotganiga guvoh bo‘lasiz, eshitasiz, ko‘rasiz. Ayniqsa bolalarning.

Masalan, bir oyda kamida oqqondan azob chekayotgan 40-50tacha bolani davolash bo‘yicha eʼlon yoki xayriya so‘roviga duch kelaman. Bu bemor bolalarga ko‘pi bilan holatiga qarab 2-2,5 mlrd.so‘m pul ketadi.

 Bitta haromxo‘r o‘zbek futbol klubi bir oyda shuncha pul chayadi.

Moliyaviy imkonsiz bemorlar o‘z taqdiriga havola qilingan, azobdagi bolalarni qo‘l cho‘zishga, xayriyaga muhtoj holda qoldirib, o‘g‘ri va muttahamlarning besseyniga aylangan futbol klublarida milliardlarni chayishga qo‘yib bergan mamlakat tanazzulga mahkum. Bu mamlakatning ertasi yo‘q.

Hududida o‘nlab, yuzlab muhtojlar hayoti va sog‘lig‘i uchun kurashayotgani, xayriya puli yig‘ilishini kutib turgani holda, futbolga qopda pul keltirib berayotgan, byudjet pulini futbol klubiga tarqatayotgan hokimlar o‘lgani yaxshi. Umid qilamanki, ular uchun shu dunyoning o‘zida do‘zax azobi bor va bo‘ladi.