Turkiyaga yangi konstitutsiya kerakmi?

Turkiyada yangi konstitutsiya qabul qilinishi mumkin, dedi Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on. Lekin davlat rahbari qanday o‘zgarishlar kiritilishi haqida maʼlumot bermadi.

Erdo‘g‘on, agar hukumat asosiy qonunga tuzatishlar va o‘zgarishlar kiritishni partiyalar bilan kelishsa, bu masala ko‘rib chiqiladi, deb qo‘shimcha qildi. “Agar biz “Xalq alyansi”dagi sheriklarimiz bilan kelishuvga erishsak, yaqin kelajakda yangi konstitutsiya bo‘yicha qabul qilish choralarini ko‘rishimiz mumkin”, dedi u. O‘zgarishlarning yakuniy matni Turkiya fuqarolari tomonidan tasdiqlanishi kerak.

So‘ngi bor Turkiya konstitutsiyasiga tuzatishlar 2017 yilda konstitutsiyaviy referendumda qabul qilingan edi. Qabul qilingan tuzatishlarga ko‘ra, mamlakat parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruviga aylangan. Davlat rahbari keng vakolatlarga ega bo‘lgandi. Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar respublika yaratilgandan buyon mamlakatdagi eng tub siyosiy islohotga aylandi.