O‘zbekistonda Prezident saylovlari 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi

Mamlakat parlamenti quyi palatasi birinchi vitse-spikeri Akmal Saidov 5 fevral kuni Senat tegishli qonun loyihasini maʼqullashini kutmoqda.

O‘zbekistonda navbatdagi prezident saylovlari 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda seshanba kuni TASSga O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi birinchi vitse-spikeri Akmal Saidov maʼlum qildi.

“Qonunchilik palatasi tomonidan tayyorlangan qonun loyihasiga muvofiq respublikada navbatdagi prezidentlik saylovlari 2021 yil dekabr oyining uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida emas, balki shu yilning 24 oktyabrida bo‘lib o‘tadi”, – dedi Saidov.

O‘tgan haftada parlament quyi palatasi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi va birinchi o‘qishda qabul qildi, unga ko‘ra respublikada navbatdagi prezident saylovlari kutilganidek 2021 yil dekabr oyining uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida emas, balki ikki oy avval bo‘lib o‘tadi.

Maʼlum qilinishicha, bu saylovdan keyingi siyosiy voqealar kechiktirilmasligi uchun amalga oshirilgan. Ushbu qonun loyihasiga binoan respublikada xalq deputatlari tuman (shahar) kengashiga (kengashlariga) saylovlarni o‘tkazadigan okrug saylov komissiyalari instituti tugatiladi, ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalariga o‘tkaziladi. Hujjatga muvofiq, saylov komissiyalari nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish majburiyatini olmaydi. Shuningdek, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat qilish muddatini 10 kundan besh kungacha qisqartirish taklif qilingan.

Birinchi Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Prezidentligi uchun avvalgi saylovlar muddatidan oldin 2016 yil 4 dekabrda o‘tkazilgan edi. Ularda respublikadagi mavjud to‘rtta siyosiy partiyalardan nomzodlar ishtirok etgan. Saylovlarda O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev birinchi bosqichda 88,61 foiz natija bilan g‘alaba qozongan.

O‘zbekiston Prezidentining vakolat muddati besh yil.