KXShT bu yil sakkizta yirik harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi

Aksariyati Tojikiston hududida bo‘lib o‘tadi.

Bu haqda tashkilot bosh kotibi Stanislav Zas aytib o‘tdi. O‘tkaziladigan joy sifatida Tojikiston tanlandi, chunki aynan shu davlat bu yil KXShTga raislik qiladi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli bir qator mashqlar o‘tkazilmay qolgan edi. Ular yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan.

Mudofaa xarajatlari

Shuningdek, Zas Yevropada mudofaa xarajatlarining o‘sishi o‘tgan yili 5,6 foizni tashkil etganini, bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘pligini aytgan.

“O‘tgan yil davomida global mudofaa xarajatlari 1,9% ga oshdi. Shu bilan birga mudofaaga eng katta o‘sish o‘tgan yili Yevropada sodir bo‘ldi, u yerda u 5,6% ni tashkil etdi. Yaʼni butun dunyoga qaraganda deyarli uch baravar ko‘p”- dedi u.

Zas shuningdek, Afg‘oniston mintaqaviy xavfsizlikka tahdid soluvchi jiddiy manba bo‘lib qolayotganini aytdi.

“Afg‘oniston jiddiy terrorchilik tahdidi manbai bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yilning ikkinchi yarmida u yerda 50 dan ortiq terroristik harakatlar sodir etildi, 4000 ga yaqin odam jarohat oldi”, dedi u.

KXSHT va NATO

Tashkilot Bosh kotibi KXShT va NATO hozirda hatto ish darajasida ham aloqalarga ega emasligini, shuning uchun aloqalarni qayta boshlash haqida gap yo‘qligini taʼkidladi.

“O‘zaro munosabatlarni tiklash uchun ular bo‘lishi kerak. Bizning NATO bilan aloqamiz yo‘q, aslida o‘zaro aloqalar mavjud emas. Hatto ish darajasida ham. Shuning uchun qayta tiklash haqida gapirishning hojati yo‘q”, – dedi Zas.

Bundan tashqari, tashkilot Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, KXSHT umumiy xavfsizlikni taʼminlash uchun NATO bilan aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha ishlarini davom ettiradi. Uning taʼkidlashicha, “agar biz xalqaro munosabatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, NATO bilan bog‘liq muammolar tashkilot uchun ham muammoli bo‘lib qolmoqda.

“Shunga qaramay, biz KXShT va NATO o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqdamiz va davom ettiramiz. Bu bizning umumiy xavfsizligimizni, biz yashaydigan mintaqalar xavfsizligini mustahkamlash uchun zarur “, dedi Zas.

Havo hujumidan mudofaa tizimlari

KXShT havo hujumidan mudofaa, aloqa, razvedka va boshqa tezkor kuchlarning qo‘shma mintaqaviy tizimlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda, dedi Zas.

“Aloqa, razvedka, havo hujumidan mudofaa va boshqa birlashgan tizimlarni yaratish, albatta, umid baxsh etadi. Nazarimda, biz bunga tayyor bo‘lishimiz kerak”, dedi u.

Zasning taʼkidlashicha, Sharqiy Yevropa mintaqasida Belorusiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlari guruhi va mintaqaviy havo hujumidan mudofaa tizimi mavjud. Kavkazda Armaniston va Rossiyaning qo‘shma qurolli kuchlari va qo‘shma havo hujumidan mudofaa tizimi mavjud.