Xitoyda internetdan foydalanuvchilar soni 1 milliard kishiga yaqinlashdi

Internet tarmog‘idan foydalanadigan xitoyliklar soni 2020 yil oxiriga kelib 989 millionga yetdi, deb xabar bermoqda Sinxua axborot agentligi.

Xitoy zonasidagi IP-manzillar va domenlarni tarqatish uchun masʼul bo‘lgan markaz bergan maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirus pandemiyasi davrida (2020 yil martidan boshlab) internet qamrovi 70,4 foizgacha o‘sgan.

Tarmoq axborot markazi maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning oxiriga kelib, Xitoyda mart oyiga nisbatan internet foydalanuvchilari soni 85,4 millionga ko‘paygan.

Xitoyda 986 million kishi yoki umumiy foydalanuvchilar sonining 99,7 foizi internetga mobil telefonlar orqali ulanadi. Qishloq joylarda internet foydalanuvchilari soni mart oyidan beri 54,7 millionga o‘sdi va taxminan 309 million kishini tashkil etdi (Xitoydagi Internet foydalanuvchilari umumiy sonining 31,3%).

Taʼkidlash lozim, Xitoyda koronavirus tarqalishining dastlabki oylarida baʼzi viloyatlarda Alibaba xoldingi tomonidan ishlab chiqilgan sog‘liqni saqlash kodlari tizimi joriy qilingandi. Keyinchalik bu tizim butun mamlakatga ishga tushirildi. Tizim foydalanuvchilarning harakatlari va aloqalarini kuzatib boradi va yashil, sariq yoki qizil rangdagi kodlarini ishlab chiqaradi – ularga ko‘ra, hokimiyat va muassasalar egalari odamga nisbatan cheklovlarni qo‘llash kerakmi yoki yo‘qligini aniqlaydilar. Xitoy Tarmoq Axborot Markazining hisobotiga ko‘ra, mazkur sog‘liqni saqlash kodlarini 900 millionga yaqin odam olgan.