O‘zbekiston avtoritar davlatmi?

Buyuk Britaniyaning The Economist nashri 2020 yil uchun Demokratiya indeksi reytingini eʼlon qildi.

Unda 165ta davlat va 2ta maʼmuriy birlik haqida so‘z yuritilgan bo‘lib, reytingda O‘zbekiston 155 pog‘onada qayd etilgan.

Bu mamlakat 2019 yilga nisbatan o‘z pozitsiyasini 2 pog‘onaga yaxshilaganligini ko‘rsatadi. 2020 yil uchun eʼlon qilingan reytingda 167ta mamlakatning 116tasi o‘z pozitsiyasini yo‘qotgani, faqat 38ta mamlakat holati yaxshilangani qayd etilgan.

Indeksni tuzishda pandemiya ham inobatga olingan. Xususan, lokdaun eʼlon qilinishi va karantin choralarini qatʼiylashtirish masalalarini tanqid qilgan shaxslarning bosimga uchragani reytingga taʼsir qilgan.

Osiyoda Yaponiya, Janubiy Koreya va Tayvan davlatlari to‘liq demokratik rejimdagi mamlakatlar sirasiga kiritilgan bo‘lsa, Yevropada Fransiya va Portugaliyani reytingdagi o‘rni pasayib ketgan.

Indeksda umumiy 9,81 ball bilan Norvegiya boshchilik qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi avtoritar rejimga mansub ekani ko‘rsatilgan indeksda faqat Qirg‘iziston aralash rejimdagi davlat ekani tan olingan. Shuningdek, Rossiya, Belarus va Ozarboyjon ham avtoritarizm hukmron ekani qayd etilgan.

Maʼlumot uchun, ushbu indeksni tuzishda saylov jarayonlari, hukumatning faoliyati, siyosiy vaziyat va madaniyat shakllanishi hamda jamiyat erkinligi omillari inobatga olinadi.