Regionalizm va globalizmning o‘zaro taʼsirlashuvi: Markaziy Osiyo

Globallashuv va millatchilik kayfiyati tanqid qilinayotgan paytda omuxta jarayon – “yangi regionalizm” haqida gapirish mumkin, unga ko‘ra, mintaqalar ko‘pincha tarixiy va madaniy yaqinligiga asoslangan holda umumiy muammolarni hal etish yo‘lida hamkorlik qiladi. Biz shu maʼnoda Markaziy Osiyo, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Ozarbayjon va Pokistonning hamkorlik istiqbollari haqida gapirishimiz mumkinmi? Ushbu mintaqa va mamlakatlarni Iqtisodiy hamjamiyat tashkiloti (IHT) birlashtirib turadi va bu tuzilma faoliyati jonlantirilsa, mintaqadagi umumiy maqsadlarga erishishga yordam berishi mumkin.

Markaziy Osiyoda regionalizm

Mintaqaning hududiy, ijtimoiy-madaniy va iqtisodiy yaqinligi uzoq yillar davomidagi, joriy siyosatga qaramay, gumanitar va biznes muloqotlari Markaziy Osiyo mamlakatlari vatandoshlarining qarindoshlik aloqalarini saqlab qolish uchun asos bo‘lib xizmat qilib keldi. Nazarimda, Markaziy Osiyodagi regionalizmni rivojlantirish surʼatlarini tezlashtirishda, birinchidan, asosan, “AfPok” deb ataluvchi hudud bilan bog‘liq mintaqaviy xavfsizlik muammolari yordam berdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov jahon jamoatchiligiga qayta-qayta eslatgan edi. Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq Markaziy Osiyoda Afg‘oniston muammosini hal etmasdan turib, mintaqa mamlakatlarida barqarorlik, shunga ko‘ra, taraqqiyot bo‘lmasligi to‘g‘risida tushuncha paydo bo‘lgan edi.

Ikkinchidan, xalqaro bozorlarga chiqa olmaslik sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari, hatto eng samarali rejalashtirishni yo‘lga qo‘ygan taqdirda ham, iqtisodiy o‘sish istiqbolidan mahrum bo‘ladi. Transport va boshqa imkoniyatlarni hisobga olganda, tinch Afg‘oniston muqobil va juda istiqbolli [variant] bo‘lishi turgan gap. O‘rta asrlardagi Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab tarixiy marshrutni tiklash Markaziy Osiyo mintaqasi va qo‘shni Afg‘onistondagi barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyotni va keng qamrovli mintaqa o‘sishini taʼminlash omili sifatida mintaqa mamlakatlari rivojlanishida ustuvor yo‘nalish bo‘la bormoqda. Mustaqil Markaziy Osiyo respublikalarining butun tarixi shahodat berishicha, mintaqa xalqlarining ijtimoiy-madaniy yaqinligi bunga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mintaqa jarayonlaridagi oldingi omadsizliklar tajribasi tez-tez tilga olanayotgan “defragmentatsiya” o‘sib borayotganini emas, Markaziy Osiyo modelining turlicha tezlikdagi integratsiyasi va uning barqaror, “yashirin” tabiatini anglatadi.

AQSHning mintaqadagi manfaatlari markaziy osiyoliklarning “virtual” emas, aynan mana shu mavjud bo‘lgan obyektiv manfaatlariga mos keladi. Amerikalik ekspertlar Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan tendensiyalar mohiyatini to‘g‘ri anglab, “Yangi ipak yo‘li” (YAIY) degan nom bilan taraqqiyotning murosali modelini taklif etgani hurmatga sazovor. Ayni yondashuvda asosiy eʼtibor Afg‘onistonning Yevropa va Yaqin Sharqni Hindiston subkontinenti hamda Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bilan bog‘lovchi savdo-sotiq va transport markazi sifatidagi anʼanaviy o‘rnini tiklashga qaratiladi va bu Markaziy Osiyo xalqlari manfaatiga to‘liq mos keladi. Islomiy Afg‘onistonning ushbu barcha jarayonlarda markaziy o‘rin tutishini Markaziy Osiyoning dunyoviy davlatlari albatta inkor qiladi. Afg‘onistonni obyektivlik va zarurat tezisidan kelib chiqib, bir paytlar xavfsizlik va iqtisodiy sabablarga ko‘ra Markaziy Osiyoning iqtisodiy sheriklari qatoriga qo‘shib olinishi bo‘yicha murosaga kelingan edi.

Mintaqaviy hamkorlikning Osiyo formatimi yoki Yevroosiyo formatimi?

2000-yillar boshida professor F. Starr odilona qayt etganidek, “Yangi iqtisodiy strategiya (AQSHniki – G. Y.) Afg‘oniston masalasi mintaqaviy ahamiyatga ega ekanini hamda Markaziy Osiyoning qolgan qismi, Pokiston, Hindiston, Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlar manfaatlariga ham daxl qilishini tan oladi, shunga ko‘ra, u mintaqa darajasida hal etilishi kerak. Bunday strategiya hammaga foyda keltiradi va hech bir tomonga qarshi qaratilmagan… Afg‘oniston va Markaziy Osiyo orqali qitʼa transport yo‘laklari ochilishi muqarrar. Yagona masala uni AQSH ko‘magida tezlashtirishda qoladi.. Bu masalada g‘oliblar yoki yutqazganlar bo‘ladimi? Bunaqa bo‘lishi shart emas…”.

Biroq shu paytgacha mintaqaviy hamkorlikning qaysi formati maʼqulroq ekani masalasi yuzasidan tortishuvlar tinmayapti. Ikki tomonlama bitimlar, SHHT singari ko‘p tomonlama birlashmalar va hk. darajasida hamma narsa sinab ko‘rildi hisob.

Lekin yuk hamon turgan joyida turibdi… Davlatlarning aniq muvofiqlashtirilgan va jipslashgan ittifoqi hali ham yo‘q. Bu nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? Nazarimda, uning asosida bir-biriga yaqin real ijtimoiy-madaniy muhit va unga xos bo‘lgan siyosiy madaniyat yo‘qligi yotadi.

Masalan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) negizida davlatlarning siyosiy va iqtisodiy maqomidagi tafovutlardan tashqari, eng avvalo, siyosiy madaniyatlardagi farq yotibdi. Davlat boshqaruvi institutlari faoliyati siyosiy madaniyatga tayanadi va u odamlar, jumladan, davlat yetakchilari xulq-atvorini belgilab beradi.

Sanoati rivojlangan va aholisining ko‘pchiligi shaharlarda yashaydigan Rossiya bilan modernizatsiyaning murakkab va uzoq yo‘lini bosib o‘tayotgan, aholisining asosiy qismi qishloq joylarda yashaydigan Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy siyosiy madaniyati haqida qanday gap bo‘lishi mumkin? Buni anglash uchun Markaziy Osiyodan borgan mehnat migrantlarining Rossiyadagi sharoitga ko‘nikishi bilan bog‘liq ijtimoiy-madaniy muammolarni hamda to shu kungacha yagona ovoz berish tizimi bo‘lmagan YEOIIning yetarli darajada samarali bo‘lmagan 20 yillik faoliyatini esga olishning o‘zi kifoya.

Bir-biriga risoladagidek mos keladigan siyosiy madaniyatlar mavjud emasligi tushunarli, har doim u yoki bu mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari bilan hisobalashishga, manfaatlarning o‘zaro qabul qilsa bo‘ladigan muvozanatini yaratishga to‘g‘ri keladi. Ammo vaqt ko‘rsatishicha, hududiy, tarixiy-madaniy va diniy nuqtai nazardan o‘zaro yaqin va bir-biriga o‘xshash ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch kelayotgan jamiyatlar haqida gap ketganda, istalgan natijaga erishish osonroq bo‘ladi.

Iqtisodiy hamjamiyat tashkiloti – istiqbollar

Fikrimcha, Afg‘oniston, Ozarbayjon, 5 ta Markaziy Osiyo respublikasi, Turkiya, Pokiston va Eronni birlashtiradigan Iqtisodiy hamjamiyat tashkiloti (IHT) regionalizmining shunday shaklidir. Ilgari O‘zbekistonning birinchi prezidenti tashkilotni faoliyati haddan ziyod siyosiylashib ketganlikda va bu iqtisodiy hamkorlikka zarar keltirayotganida ayblagan edi. Bunday xavotirlarga tashkilotning asoschilaridan biri bo‘lgan mamlakat – Erondan diniy mutaassiblik tarqalishi muammosi sabab bo‘lgan edi. Biroq oradan o‘tgan o‘n yilliklar bu qabildagi xavotirlar asossiz ekanini ko‘rsatdi – Markaziy Osiyodagi hech bir terrorchilik amali shia diniga mansub Eron faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmadi. Bundan tashqari, ko‘plab tadqiqotlardan maʼlum bo‘lishicha, Eron ham asta-sekin moʻtadil islomga o‘tish yo‘lida islohotlar o‘tkazmoqda va o‘zi ham xalqaro terrorizmga qarshi kurashmoqda.

Butungi kunda IHT ishini faollashtirish ko‘plab mintaqaviy maqsadlarga mos keladi:

– IHTga aʼzo mamlakatlarni qamrab oluvchi 7 million km2 lik hududda 400 million kishi istiqomat qiladi va bu ulkan demografik, iqtisodiy va ilmiy-taʼlimiy salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.

– IHT har qanday mintaqaviy tuzilmadan farqli o‘laroq, Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashuvidan chin maʼnoda manfaatdor. IHTga aʼzo mamlakatlar joylashuvi, diasporalar mavjudligi va qo‘shniligidan kelib chiqib, Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi muammolaridan yaxshi xabardor va ayni hol ular Afg‘onistonni o‘zgartirish jarayonida juda kerakli ekanini anglatadi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoning 3 ta mamlakati: O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston va yana 2 ta mamlakat: Eron bilan Pokistonning Afg‘oniston bilan bevosita chegarasi bor. Boshqa mamlakatlarning taraqqiyoti ko‘p jihatdan mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatga bog‘liq – ular mintaqadagi transport, kommunikatsiya va energetika tizimining shakllanish jarayonida faol qatnashmoqda.

– Ayni paytda islom mutaassibligi muammosi faqat Afg‘oniston va Pokistondagi radikal oqimlar bilangina bog‘liq ekani ayon. Biroq ushbu mamlakatlarda dunyoviy yoki moʻtadil fikrlaydigan kishilar va g‘arblashgan elita – ayonlar soni ortib borayotganini ham hisobga olish kerak – bu hol ularning moʻtadillik sari o‘zgarib borayotganidan dalolat beradi. Boshqa tarafdan, Turkiya boshchiligidagi tashkilotga aʼzo dunyoviy mamlakatlar va Erondagi moʻtadil islom namunasi Afg‘oniston va Pokiston uchun moʻtadillik va dunyoviylik sari olg‘a siljishning haqiqiy drayveri – harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

– IHTning hozirgi kundagi maqsadlari aniq, pragmatik va shaffofdir, ular savdo-sotiq yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, mintaqalar o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish va IHTga aʼzo mamlakatlar tovarlarini global bozorlarga olib chiqishga yo‘naltirilgan. Madaniy va tarixiy aloqalarni mustahkamlash ham undan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega.

– Aʼzo mamlakatlar o‘z faoliyatida umumiy diniy qadriyatlarga tayanadi, bu umumiy muloqot tilini yaratishda yordam beradi, siyosiy madaniyatlarni o‘zaro yaqinlashtiradi hamda tushunmovchilik va davlatlaro mojarolar darajasini kamaytiradi.

– Umuman olganda, IHTning konsolidatsiyasi (jipslashuvi) mintaqadagi qolgan faol aktorlar (xalqaro yoki mintaqaviy tashkilotlar, davlatlar) manfaatlariga zid kelmaydi, bundan faqat AQSH – Eron munosabatlari mustasno. Qolgan aktorlar IHTga aʼzo mamlakatlar bilan shusiz ham ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama asosda (MO5+1, SHHT, YEOII, Turkiy mamlakatlar kengashi) hamkorlik qilib kelmoqda. Shu bilan birga, Amerikaning YAIY strategiyasi va Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” (BIBY) tashabbusi regionalizmni rad etmaydi, aksincha, rivojlanishni nazarda tutadi va bu mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni yengillashtiradi. Rossiya esa YEOIIga aʼzo ayrim mamlakatlarning IHTga ham aʼzoligini tan olishga majbur, nazarimda, rasmiy Moskva mintaqaviy maqsad va vazifalari o‘xshash bo‘lgan har qanday mintaqaviy tashkilot bilan hamkorlik qilishga tayyor.

– IHTning rivojlanishi Amerikaning Afg‘onistondagi strategiyasi va Eron – AQSH muloqoti qay tarzda olg‘a siljishiga qaramay, mintaqaning zamonaviy geosiyosiy muammolariga javobi sifatida ro‘y berishi mumkin. Biroq AQSH yangi maʼmuriyatining Eronga nisbatan siyosati o‘zgaradigan bo‘lsa, IHTning G‘arb mamlakatlari bilan umumiy loyihalar doirasidagi hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi ham mumkin.

– Shu bilan birga, IHTga aʼzo mamlakatlarning aksariyati mintaqadagi yirik davlat Hindiston bilan hamkorlik qilib kelmoqda va ular rejalashtirilayotgan transport va energetika koridorlari bilan bog‘liq Chobahor hind-eron loyihasi amalga oshirilishidan manfaatdor.

Shunday qilib, biz mintaqada qalin hamkorlik hamda globalizm va regionalizm o‘zaro chatishib ketganiga shohid bo‘lyapmiz. Turli davlatlararo tuzilmalar – SHHT, YEOII, IHT, BMBY, MO+1, Turkiy mamlakatlar kengashi va hk. – manfaatlarining chapparosta birikuvi va o‘zaro taʼsirlashuvi ularning ehtimol tutilgan raqobatini yumshatadi hamda kuch va manfaatlar muvozanatiga rioya qilish uchun platforma yaratadi. Ayni choqda global davlatlarning mintaqaviy muammolarni hal etishdagi ishtiroki darajasini mintaqaning o‘zi manfaatlar muvozanatiga rioya qilish asosida tartibga soladi – hozir ham bu narsa yuz bermoqda. Aftidan, vaqt xavfsizlik va taraqqiyot talablariga eng ko‘p javob beradigan regionalizm shaklini kuchaytiradi. Yuqorida bayon qilingan fikrlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday talablarga hammadan ko‘ra IHT ko‘proq javob beradi, unga aʼzo mamlakatlarni o‘tmishda yagona bo‘lgan jug‘rofiy makon doirasidagi umumiy tarixiy, madaniy va sivilizatsion meros birlashtirib turadi. Modomiki shunday ekan, bemalol mintaqaviy muammolarni bartaraf etish tajribasi mavjud, deb aytsak bo‘ladi.

Tavsiyalar

Hozirgi paytda IHT samarali faoliyat ko‘rsatishiga aʼzo mamlakatlarning bir qismida ushbu tashkilotning potensiali va imkoniyatlariga ishonchsizlik saqlanib qolayotgani xalaqit bermoqda. Shuning barobarida global tahdidlar va muammolar, jumladan, hozirgi pandemiya, terrorizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va hk., geosiyosiy tanglik, aʼzo mamlakatlarning o‘tish davrini boshidan kechirayotgani singari to‘siqlar mavjudligi saklanib qolmoqda. Shunga qaramay, mintaqaviy hamkorlikning ushbu shakli eng hayotiy va amaliy bo‘lib chiqishi ham ehtimoldan xoli emas.

Shunga qaramay, havfsizlik va iqtisodiy – Afg‘onistonda tinch yo‘l bilan o‘zgarishlar bo‘lishi, transafg‘on yo‘laklari ishga tushishini tezlashtirish nuqtai nazaridan quyidagilar zarur:

– regionalizmning ushbu yo‘nalishini faollashtirish;

– mintaqaviy tashkilotlarning ham iqtisodiyot, ham xavfsizlik sohasidagi muvozanatlangan o‘zaro hamkorligi uchun zarur huquqiy makon yaratish;

– IHT yetakchilari jamoasini shakllantirish, ularni tanlab olishda ishning ko‘zini va mintaqani qanchalik yaxshi bilishiga ustuvor ahamiyat beriladi;

– mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha kuzatuv olib borish, tahlil etish va bashorat qilish.

Muallif: Guli Yo‘ldosheva – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qarashli O‘zbekistonning eng yangi tarixi markazi ilmiy xodimi; siyosatshunoslik fanlari doktori; xalqaro munosabatlar bo‘yicha professor -o‘qituvchi. Guli Yaponiyada (1998 yili), IREX stipendiyasi doirasida 1998 – 1999 yillarda, Fulbrayt stipendiyasi doirasida esa 2001 – 2002 yillarda AQSHda malaka oshirgan. 2009 – 2010 yillarda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturining siyosiy masalalar bo‘yicha eksperti bo‘lgan.