“Hukmdor Usmon” seriali efirga qaytmoqda

4 fevral kuni yurtimizning bir necha OAVlarida “Hukmdor Usmon” serialining “Mening yurtim”  telekanali efiridan olinishiga oid xabarlar berildi.

Kecha, 5-fevral kuni AOKA matbuot xizmati vakili ushbu xabar yuzasidan Kun.uz ga agentlikning munosabatini bildirdi.

Unga ko‘ra, “Mening yurtim” telekanalida serial namoyishining to‘xtatilishiga haqiqatda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev va AOKA raisi Asad Xo‘jayevning xati asos bo‘lgani oydinlashadi.

Eng qizig‘i boshqada. Xatning mazmuniga keladigan bo‘lsak, oldin Din ishlari bo‘yicha qo‘mita AOKAga xat yozgan, undan so‘ng AOKA telekanalga ogohlantirish bergan. Xatda “Mening yurtim”  telekanali orqali Turkiya respublikasida suratga olingan “Hukmdor Usmon” nomli serial efirga uzatilayotgani, unda turk va vizantiyaliklar orasidagi ixtiloflar diniy omillar orqali aks ettirilishi tufayli nasroniylarga nisbatan salbiy munosabat alomatlari, shuningdek, maishiy hayotda sharʼiy jazolarni qo‘llash, jihod va shahidlik tushunchalarining noto‘g‘ri talqin qilinishiga turtki bo‘ladigan lavhalar borligi aytilgan. Qiziq, kino ijodkorlari tarixni noto‘g‘ri talqin qilganmi yoki tarixda bu vaziyatlar bo‘lmaganmi?

Shu bilan birga, ushbu xatda qo‘mitaning ekspertlik guruhi mazkur serial davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazmasdan efirga uzatilganini maʼlum qilgan. Telekanal serialni faqatgina o‘z badiiy kengashi qarori bilan efirga qo‘ygan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita esa bu vaziyatni monitoring qilib AOKAga xat yozgan.

Demak, AOKA telekanalni faqat ogohlantirgan,  “efirdan olib tashla” demagan. Serial efirga qaytishi uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Bizga kelgan maʼlumotlarga ko‘ra, serial dushanba kunidan boshlab efirga namoyish etiladi.

Ammo buning uchun serial Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda (rasman xat kiritish yo‘li bilan) turli marosim va aqidalar bilan bog‘liq sahnalardan “tozalanishi” kerak. Bu ham majburiy emas, shunchaki tavsiya etiladi. Telekanal mazkur serialni qayta namoyish qilishi mumkin», – dedi matbuot xizmati vakili Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, turk va o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan, tarixiy faktlarga asoslangan “Hukmdor Usmon” seriali O‘zbekistonda namoyish etila boshlaganidan 2 hafta o‘tib, 2020 yil 17 dekabrda efirdan olingan edi.