Isroil va Markaziy Osiyo hamkorligi arab ekspertlari talqinida

Markaziy Osiyo mintaqasi ko‘p qutbli dunyo tartibotida geosiyosiy raqobat maydoniga aylanib borayotganligi hech kimga sir emas. Bu geosiyosiy raqobatda Rossiya, Xitoy va AQSh singari global kuchlar bilan birga Turkiya, Isroil, Eron, Pokiston va arab davlatlari kabi mintaqaviy ishtirokchilar ham mavjud. Mintaqadagi geosiyosiy raqobatda global ishtirokchilardan farqli ravishda mintaqaviy ishtirokchilarning har biri o‘z ishtirokini asoslash uchun diniy tarixiy (arab davlatlari), lingvokulturologik (Turkiya va Eron) omillardan foydalanishga harakat qilib keladi. Ular orasida faqat Isroil na madaniy, na til va na diniy jihatdan biror bir omilni ko‘rsata olmasa-da, ishtirokchilar orasida eng faol va nisbatan muvaffaqiyatli siyosat yuritayotgan davlat hisoblanadi. Isroilning mintaqadagi faolligi, erishayotgan natijalari uning azaliy raqiblari bo‘lgan Eron va arab davlatlarining manfaatlariga mos kelmaydi. Bu ikki guruh Isroil tashqi hamkorlari safining Markaziy Osiyo tomon kengayib borishini o‘zlarining xavfsizlik xalqalariga real tahdid sifatida baholaydi. Shu bois, arab davlatlarida ham, Eronda ham, Isroilning ushbu mintaqada olib borayotgan tashqi siyosati diqqat bilan kuzatiladi, tahlil qilinadi hamda ikki tomonlama kelishuvlarning doimiy monitoringi amalga oshiriladi.

Quyida mualliflar Isroil tashqi siyosatida Markaziy Osiyo vektorining ahamiyati, bu yo‘nalish uchun ishlab chiqilgan strategik rejalar hamda Isroilning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqlarining mintaqa va arab davlatlari hamkorlik aloqalariga ehtimoliy taʼsiri haqida arab davlatlaridagi ilmiy va ekspert doiralarning mulohazalarini tahlil qiladi.

Isroil tashqi siyosatida Markaziy Osiyo vektori arab davlatlaridagi ekspertlar talqinida

Isroilning birinchi bosh vaziri Daviid Beyen-Gurion ishlab chiqqan tashqi siyosiy konsepsiyada Isroil arab davlatlarini o‘rab turgan mintaqalar bilan faol hamkorlik aloqalarini tashkil qilish orqali, arab davlatlari tashqi siyosatiga faol taʼsir ko‘rsatish lozimligi ko‘rsatilgan. Isroil tashqi siyosatining shakllanish tarixiga chuqurroq eʼtibor qaratilsa u har doim “Okean alyansi” doirasida harakatlanishga intilib kelgan, yaʼni Isroil uni izolyatsiya qilishga harakat qilayotgan Yaqin Sharq mintaqasidan tashqaridagi davlatlar bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qiladi. Shu bois u tashqi dunyo bilan aloqalarni o‘rnatishda arab-musulmon omiliga ko‘p ham eʼtibor bermaydi. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ham shu tamoyillar asosida munosabatlar yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rish mumkin.

Arab davlatlaridagi ekspertlar Isroilning Markaziy Osiyoga nisbatan tashqi siyosiy strategiyasi borasidagi tadqiqotlarida, sionistik targ‘ibot hamda arab davlatlari va Eronning bu mintaqada faol tashqi siyosat yuritishiga xalaqit berish masalalariga urg‘u beradi.

Isroil tashqi siyosati bo‘yicha ekspert Adnan Advan Isroilning mintaqadagi tashqi siyosatining bosh maqsadi – mintaqada sionistik g‘oyalarga nisbatan dushmanona qarashlar tarqalishini oldini olish, mintaqaning yangi tashkil topgan respublikalarida Isroilga nisbatan ishonchli hamda kuchli ittifoqchilik munosabatini shakllantirishdan iborat deb hisoblaydi.

Isroil tashqi siyosati bo‘yicha yana bir ekspert Muʼin Axmad Maxmudning fikriga ko‘ra, Isroil arab davlatlarini o‘rab turgan Osiyo davlatlari jumladan, Xitoy, Xindiston va Markaziy Osiyo bilan faol hamkorlikni tashkil qilish orqali arablarni Osiyodan uzoqlashtirishni rejalashtirgan.

Misrlik ekspertlar Abdullah Falah Adeh hamda Hamid Shahab Axmadlarning fikricha, Isroil arab-islom madaniyatining vorisi bo‘lgan mintaqada Eron yoki arab davlatlarining faollashuvidan manfaatdor emas va shu bois mintaqada faollik ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.

Arab davlatlaridagi ekspertlarning mazkur xulosalari yevropalik ekspertlarning baʼzi tadqiqotlardagi fikrlarda ham o‘z aksini topgan. Xususan, Kristofer Bousek (Christopher Boucek) Isroilning ushbu mintaqadagi tashqi siyosatining bosh maqsadi Sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgan respublikalarda arab-isroil kelishmovchiligi masalasida SSSR nuqtai nazarini takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, Eron taʼsirini mintaqada yoyilishini oldini olish, arab davlatlari bilan faol hamkorlikka yo‘l qo‘ymaslik hamda Yaqin Sharq tinchilik jarayonlarida Falastin tomonida ishtirok etmaslikka erishishdan iborat ekanligi to‘g‘risida yozadi. Isroil tashqi siyosati bo‘yicha ekspert R.G.Avetisyan ham Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali Isroil nafaqat tashqi siyosatdagi pozitsiyasini va Islom dunyosidagi mavqeini mustahkamlaydi, balki asosiy raqibi bo‘lgan Eronni ham mintaqada taʼsirga ega bo‘lish imkoniyatidan mahrum qiladi. Shunday qilib, Isroil milliy xavfsizlik muammosini o‘z chegaralaridan uzoqda hal qilmoqda”, – deb yozadi.

O‘z o‘rnida isroillik tadqiqotchilar sionistik g‘oyalar targ‘iboti Isroilning Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosatida ustuvor yo‘nalish emasligini tushuntiradi. Jumladan, Markaziy Osiyoning Eron va Isroil bo‘yicha yirik tadqiqotlar muallifi V.I. Mesamed Markaziy Osiyo va Isroil aloqalarining rivojlanayotganligi yahudiylar va musulmonlar o‘rtasida hech bir ziddiyat yo‘qligini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo respublikalari siyosiy va iqtisodiy hayotida kuzatilayotgan transformatsiya hamda mintaqa davlatlarining tashqi siyosiy tendensiyalaridagi o‘zgarishlarni kuzatgan holda shuni aytish mumkinki, arab tadqiqotchilari tomonidan ilgari surilgan xulosalar, xususan, Isroilning sionistik targ‘ibot yoki arab davlatlarining mintaqada faollashuviga qarshilik ko‘rsatish kabilar o‘zini oqlamadi va xozirgi vaziyatda bu fikrlar muboxasaga chorlaydi, deyish mumkin.

Isrol Markaziy Osiyoga qanday kirib keldi?

1990 yillarning boshlarida Isroilning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy siyosati kuchli raqobat sharoitida kechishi tahmin qilingan edi. Biroq Isroil kuchli hamkorlar bilan bu raqobatni yengib o‘tgan. Birlashgan Arab Amirliklaridagi ekspertlarning fikriga ko‘ra, Isroilning Markaziy Osiyodagi siyosatini Turkiya va AQSh qo‘llab quvvatlagan, shu tariqa mintaqadagi xalqaro kurashda AQSh-Turkiya-Isroil uchligi shakllangan.

Arab davlatlaridagi ekspertlar 1990 yillarda Isroil Markaziy Osiyoda tashqi siyosat olib borish bo‘yicha boshqa mintaqaviy ishtirokchilarga nisbatan kengroq imkoniyatlarga ega edi, deb hisoblaydi va buni qo‘yidagilar bilan izohlaydi:

1. AQSh Isroilni qo‘llab quvvatladi, bu esa hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. AQSh va G‘arb davlatlari Markaziy Osiyoni Rossiya taʼsiridan chiqarish, Eron taʼsirini neytralizatsiyalash, Xitoyning sharqqa tomon kengayib borishiga xalaqit berish maqsadida Isroilning ushbu mintaqada faollashuvini har tomonlama qo‘llab quvvatlashdan manfaatdor edi.

2. Isroil va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tarixiy dushmanlikning yo‘qligi ikki tomonlama munosabatlarning faollashuviga imkon berdi. Isroil tashqi siyosati bo‘yicha ekspert Salax al-Saifining fikriga ko‘ra, Sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng nochor iqtisodiy ahvolda qolgan mintaqa respublikalari Isroilning iqtisodiy, xarbiy-texnik hamda turli sohalardagi texnologik ustunligidan foydalanish istagida edi, o‘z navbatida, bu Isrolni mintaqaga kirib kelishini tezlashtirdi.

3. Minaqada arab davlatlari ishtirokining cheklangan darajasi. Siyosatshunos olim Saleh Al-Naamining fikriga ko‘ra, arab davlatlari uchun Markaziy Osiyo qanchalik muhim strategik va geosiyosiy ahamiyat kasb etib, islom arealini kengaytirish yo‘lidagi muhim xalqa bo‘lishiga qaramasdan, arab davlatlari bu mintaqada cheklangan darajada qolib ketdi, bu vaziyatdan Isroil to‘laqonli foydalandi.

4. Turkiya va Tel-Aviv ittifoqi ham Turkiya bilan yaqin hamkorlik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan mintaqaga Isroilning kirib borishini osonlashtirdi. Turkiya arab davlatlari bilan munosabatlari doirasida Isroil bilan hamkorlikdan manfaatdor bo‘lganligi va yana boshqa bir qator sabablar bilan uni Markaziy Osiyo mintaqasidagi faol tashqi siyosatini qo‘llab-quvatladi.

5. Markaziy Osiyodagi yahudiy jamoalaridan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda vositachi sifatida foydalanilganiligi. Isroil hukumati mintaqa respublikalarida uzoq yillar yashab bu yerdagi shart-sharoitlarni yaxshi biladigan yahudiylarning bilimlaridan foydalanib turli sohalarda o‘zaro manfaatli bitimlarga erishdi.

Isroil Markaziy Osiyoda faqat geosiyosiy maqsadlar bilan cheklanib qolmaydi

Isroilning mintaqaga qiziqishi haqida gap ketganda, iroqlik siyosatshunos, professor Misaq Baiyat al-Difiyn bu faqat geosiyosiy maqsadlar bilan cheklanib qolmasligi haqida yozadi. Uning fikriga ko‘ra, Isroilning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinlashishi nafaqat Eron yoki arab davlatlari taʼsirini kamaytirish, balki Birlashgan Millatlar Tashkilotida Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi ijobiy ovozlarni ko‘paytirishni ham anglatadi.

Isroil uchun Markaziy Osiyo oz bo‘lsa-da, iqtisodiy nuqtai nazardan ham ahamiyatli hisoblanadi. Xususan, u mintaqaga o‘zining turli sohalardagi texnologiyalarini sotish bozori sifatida qarashda davom etadi. Mintaqa davlatlari terroristik xurujlar xavfi mavjudligi sabab, xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash bo‘linmalari uchun qurol-yaroq sotib olish, bu yo‘nalishdagi kadrlarni tayyorlashda Isroil bilan hamkorlik qiladi, bundan Isroil manfaatdor. Shuningdek, ortib borayotgan energiya ehtiyojlarini qondirish uchun Isroil Markaziy Osiyodan energiya manbalarini sotib olish bo‘yicha hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi.

Diplomatik aloqalar nuqtai nazaridan, Isroil xalqaro tashkilotlar va turli platformalarda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining diplomatik qo‘llab-quvvatlashiga erishishga harakat qiladi. Xususan, u Eronni yakkalash uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini kuchaytiradi.

Isroilning Markaziy Osiyo bilan aloqlarining istiqbollari va uning arab davlatlari bilan hamkorlik aloqalariga ehtimoliy taʼsiri arab davlatlaridagi ilmiy va ekspert doiralarning talqinida

Arab davlatlari Ligasi “Sivilizatsiyalararo muloqot” departamenti direktori, Samiya Biybars bu masalada ikkita ssenariyni tahmin qilgan.

Birinchi ssenariy: Isroilning Markaziy Osiyoda faol tashqi siyosati mintaqa davlatlari bilan arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

Ushbu ssenariyning mazmuni:

*Isroilning AQSh bilan birgalikdagi maqsadlari qatorida mintaqa respublikalariga sovet davridan meros harbiy texnika va texnologiyalar hamda yadroviy resurslarni arab davlatlariga chiqib ketishini oldini olishdan iborat. Shu tariqa u arab davlatlariga nisbatan o‘zining harbiy ustunligini sifat jihatdan saqlab qoladi. Arab davlatlarining Markaziy Osiyodagi tajribasi va resurslari hisobidan Yadro klubiga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa o‘z o‘rnida, arab davlatlari va Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi munosabatlarga taʼsir qilishi shubhasiz.

*Isroilning mintaqadagi tashqi siyosatidagi maqsadlaridan yana biri AQSh va Isroil hamkorligida ishlab chiqilgan “Katta yoki Yangi Yaqin Sharq” loyihasi doirasida Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq mintaqasiga bosqichma-bosqich qo‘shib borishdir, o‘z o‘rnida bu siyosat ham arab davlatlari va Markaziy Osiyo respublikalari hamkorligining kelajagiga soya solishi mumkin.

Ikkinchi ssenariy: Isroilning Markaziy Osiyoda faol tashqi siyosat olib borishi mintaqa davlatlari bilan arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy taʼsir ko‘rsatmaydi.

Ushbu ssenariyning mazmuni:

*Tarixiy, madaniy va diniy jihatdan yaqinlik arab davlatlari va Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun yetarli asos bo‘la oladi. Shu bois, arab davlatlari o‘zlarining savdo, qishloq xo‘jaligi, neft qazib olish va uni qayta ishlash, sarmoyalarni jalb qilish borasidagi boy tajribasini mintaqa respublikalariga o‘rgatishi mumkin. Bu esa Isroil bilan turli sohalardagi kelishuvlarga qaramasdan arab davlatlarining mintaqadagi ahamiyatini oshib borishiga imkon beradi.

*Baʼzi siyosiy ekspertlar Isroilning Markaziy Osiyodagi siyosati mintaqa va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga soya solish darajasida ekanligidan kelib chiqib, bu yerda arab davlatlari yetakchilikni Isroildan olishi kerak, deb hisoblaydi. Bu borada arab davlatlarining imkoniyatlari mavjud. Biroq, shuni hisobga olish kerakki, arab davlatlarining Markaziy Osiyodagi ishtirokini faollashtirish oson bo‘lmaydi, chunki ushbu davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni faollashtirish uchun qo‘shimcha dasturlar hamda strategiya ishlab chiqish zarur. Buning uchun arab davlatlarining ilmiy-tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ilmiy muassasalar va tadqiqot markazlarining birgalikdagi yo‘l xaritasini ishlab chiqish lozim.

Xulosa o‘rnida uchinchi ssenariy

Isroil va arab davlatlarining hamkorlik aloqalarida kuzatilayotgan yangi tendensiyalar Markaziy Osiyoning arab davlatlari bilan ham, Isroil bilan ham munosabatlari istiqboliga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

Mazkur maqolaga xulosa tariqasida hamda arab davlatlaridagi ekspertlarning fikrlaridan farqli ravishda shuni aytish mumkinki, 2020 yilda Isroil tashqi siyosatida katta o‘zgarishlar kuzatildi. U AQSh vositachiligida 2020 yilning 15 sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn, 23 oktyabrda Sudan hamda 22 dekabrda Marokash bilan aloqalarni normallashtirish to‘g‘risidagi «Ibrohim kelishuvi»ni imzoladi. 2021 yilda esa Ummon, Saudiya Arabistoni va Mavritaniya bilan ham tinchlik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida, Markaziy Osiyo va arab davlatlari o‘rtasidagi munosbatlarga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Endilikda Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari va Isroil “uchburchagi” doirasida o‘zaro hamkorlik aloqalariga yangi kuch berish va uzoq yillardan beri saqlanib qolayotgan stereotiplarga barham berish mumkin.

Mualliflar: Shavkat Ikromov – Yaqin Sharq davlatlari bo‘yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o‘qituvchisi,

Zokirov Shoxruxbek – Isroil tashqi siyosati bo‘yicha tadqiqotchi.